O?zbekiston elchisi Malayziyaning Penang shtati rahbariyati bilan samarali muzokaralar o?tkazdi

14.03.2023 12:18

/“Dunyo” AA/.  O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov ishchi tashrif bilan Malayziyaning Penang shtatida bo‘ldi, deb xabar  bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Elchi tashrif davomida Penang shtati gubernatori Ahmad Fuzi bin Abdul Razak, Administratsiya rahbari  (shtat hokimi) Chou Kon Yeou, Administratsiya rahbarining  kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yo Son Xin, Malayziya fan universiteti rektori Abdul Rahman Mohamed, Penang davlat muzeyi va sanʼat galereyasi direktori Xaryani Mohamad hamda hudud ishbilarmon doiralari vakillari, Malayziya sayyohlik kompaniyalari va turagentliklari assotsiatsiyasi (MATTA) rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida Malayziya tomoni O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish, iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish va liberallashtirish, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohalarida co‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar hamda konstitutsiyaviy islohot jarayoni bilan batafsil tanishtirildi.

Penang shtati gubernatori Ahmad Fuzi bin Abdul Razak O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi va O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

«Penang shtati va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo va sarmoyaviy, elektrotexnika, kimyo, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati sohalarida hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz», dedi gubernator.

Penang shtati Administratsiyasi rahbari (hokim) Chou Kon Yeou O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik Malayziya ishbilarmon doiralari uchun juda muhim ekanligini, bu esa Markaziy Osiyoda Malayziya biznesining yana-da rivojlanishiga hissa qo‘shishini taʼkidladi.

Penang shtati administratsiyasi rahbarining kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yo Son Xin bilan uchrashuv davomida Malayziya tomoni qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni va eksport shartnomalarini ishlab chiqish, O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlarini, «O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi», «Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» brendlarini birgalikda targ‘ib qilishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida hamkorlikdagi loyihalar va istiqboldagi rejalar ham muhokama qilindi.

Malayziya fan universiteti rektori Abdul Rahman Mohamed bilan muzokaralar davomida taʼlim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida hamkorlik istiqbollariga eʼtibor qaratildi.

Rektor Abdul Rahman Mohamed O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasida va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholadi. «O‘zbekistonlik yoshlarning yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni, xususan «El-yurt umidi» jamg‘armasining grant dasturlari eʼtiborga loyiq», dedi u.

Penang davlat muzeyi va sanʼat galereyasi direktori Xaryani Mohamad bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shtat maʼmuriy markazi – Djorjtaun shahrida O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida qo‘shma tadbirlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xaryani Mohamad O‘zbekistonning boy madaniy merosini tadqiq qilish va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va keng ko‘lamli loyihalarni eʼtirof etdi. «Xususan, Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan «O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi» nomli fotoko‘rgazma malayziyaliklar orasida respublika ziyorat turizm salohiyatini ham targ‘ib qilmoqda», dedi Penang davlat muzeyi va sanʼat galereyasi direktori.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston hududlari va Malayziyaning Penang shtati o‘rtasida biznes, taʼlim, sanʼat, madaniyat, sayyohlik sohalarida  ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq  loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net