O?zbekiston – BMT: umumiy barqaror rivojlanishni ta’minlash yo?lidagi hamkorlik

19.09.2023 12:42

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasining umumiy muhokamalarida ishtirok etadi.

O‘zbekiston 1992 yil 2 martda yangi suveren, mustaqil davlat sifatida BMTga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz ushbu universal xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lganidan buyon u va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish, Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash va mamlakatni tiklash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, ekologik muammolarni hal qilish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, turizmni rivojlantirish va boshqa jabhalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi va ixtisoslashgan tashkilotlari ishida faol ishtirok etmoqda. Xususan, O‘zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-sessiyasida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasining Oliy darajadagi segmentida ma’ruza qildi.
2017 yil iyun oyida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning O‘zbekistonga tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoev bilan muzokaralari bo‘lib o‘tgan edi. Davlatimiz rahbari 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida (AQSh) hamda 2019 yil aprel oyida Pekin shahrida (Xitoy) o‘tkazilgan «Bir makon, bir yo‘l» 2-Xalqaro forumi doirasida BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlar natijasida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi va ular amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi umumiy muhokamalardagi ishtiroki mamlakatimiz bilan BMT o‘rtasidagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu tadbir davomida bir qator muhim xalqaro tashabbuslar ilgari surilib, ular so‘nggi uch yil davomida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
O‘zbekiston etakchisi BMT minbaridan turib global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida oltita rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi. «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» (2018 yil iyun), «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» (2018 yil dekabr), «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish» (2019 yil dekabr), «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida» (2021 yil may), «Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risida» (2022 yil iyul), «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi (2022 yil dekabr) rezolyutsiyalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, BMT Inson huquqlari kengashi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan «COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risida»gi (2021 yil oktyabr) va YuNESKO tomonidan esa «Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda hamkorlikni yanada rivojlantirish» (2021 yil 14-16 sentyabr Xiva) rezolyutsiyalari qabul qilindi.
O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks O‘zbekistonning COVID-19ga qarshi global kurashga qo‘shgan hissasi sifatida BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati o‘laroq tarqatildi.
O‘zbekiston ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi ruhini qo‘llab-quvvatlagan holda a’zo davlatlar bilan birgalikda BMT doirasida keyinchalik qabul qilish uchun Bosh Assambleyaning bir qator rezolyutsiyalari loyihalarini ishlab chiqmoqda.
1993 yildan beri Toshkentda BMT vakolatxonasi faoliyat yurityapti. O‘zbekistonda, shuningdek, «BMT oilasi»ni BMTning Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (YuNESKO), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB), BMTning Gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha tashkiloti (BMT ayollar), BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) va BMT TD rahbarligi ostidagi BMT ko‘ngillilar dasturi taqdim etmoqda.
BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO), BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP) va BMTning Evropa iqtisodiy Komissiyasi (EIK) kabi tashkilotlar ham BMT tizimi faoliyatiga hissa qo‘shmoqda. Jahon banki BMT tizimining mustaqil ixtisoslashgan muassasasi sifatida tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
BMTning O‘zbekistonga rivojlanish maqsadlariga ko‘mak berish bo‘yicha dasturi o‘rta muddatli istiqbolda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish kontekstida O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro hamkorlikning samarali vositasidir.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni amalga oshirish doirasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi oliy va yuqori darajadagi siyosiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi.
O‘zbekiston Afg‘onistonda afg‘on xalqi boshiga ulkan ofatlar olib kelgan, butun mintaqa uchun jiddiy tahdidlar manbaiga aylangan ko‘p yillik qonli urushga chek qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimiz BMTning Afg‘onistonni mojarodan keyingi tiklanish dasturlarini amalga oshirishga samarali hissa qo‘shmoqda. Xususan, O‘zbekiston–Afg‘oniston chegara hududida xalqaro gumanitar yuklarni etkazib berish uchun ko‘prik ochdi, shuningdek, Afg‘onistonda ko‘plab infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga ko‘maklashilyapti.
O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlarga Afg‘onistondagi insonparvarlik faoliyatini Termiz orqali amalga oshirishda ham har tomonlama yordam berayapti. O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarni markazlashtirilgan va maqsadli etkazib berishni ta’minlash maqsadida Termiz shahrida Xalqaro ko‘p funktsiyali transport-logistika xabi tashkil etildi. Termizning imkoniyatlaridan BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va Jahon oziq-ovqat dasturi ham keng foydalanmoqda.
2018 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferentsiyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Deklaratsiya o‘sha yilning aprel oyida BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining 72-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e’lon qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar va Toshkent konferentsiyasi haqida ma’lumot BMT Bosh kotibining 2018 yil sentyabr oyida e’lon qilingan «Afg‘onistondagi vaziyat va uning xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun oqibatlari» ma’ruzasiga kiritildi.
2022 yil iyul oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha konferentsiya o‘tkazilishi ham O‘zbekistonning ushbu mamlakatda barqaror tinchlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi bo‘ldi.
Ayni paytda BMT doirasida O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik tobora faollashib bormoqda. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoev e’tiborni yana bir o‘tkir va zudlik bilan hal etilishi zarur bo‘lgan sayyoraviy muammo – Orol fojiasiga qaratib, jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini «ushbu ekologik halokatning Markaziy Osiyoda yashovchi millionlab odamlarning hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish va Orolbo‘yi mintaqasidagi tabiiy hamda biologik muvozanatni saqlashga» qaratishga chaqirmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumiy muhokamalarida ilgari surilgan tashabbusiga muvofiq, 2018 yilda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etildi. Uning taqdimoti 2018 yilning noyabr oyida tashkilot Bosh kotib Antoniu Guterrish ishtirokida tashkilot shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot chog‘ida BMT rahbari ta’kidlaganidek, «ushbu tuzilma mahalliy aholi turmush sharoitini sezilarli darajada yaxshilaydi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi».
Mamlakatimiz tashabbusi bilan BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2019 yilning 24-25 oktyabr kunlari Nukus shahrida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferentsiya uyushtirildi. Unda 28 davlatdan 250 ga yaqin ishtirokchi, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari qatnashdi.
2019 yil 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi o‘zining yalpi majlisida «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish» maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019 yil aprel oyida Pekin shahrida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan edi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati nomidan taqdim etilgan mazkur hujjat loyihasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Hujjatga Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ortiq davlatlar hammualliflik qilgani O‘zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro hamkorligida diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va mustahkamlash, yoshlar hayoti bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev BMTning yuksak minbaridan turib so‘zlagan nutqida O‘zbekiston taklif etayotgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi «barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat» ekanini ta’kidladi. Hujjat «bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashish»ga qaratilgan.
Jamiyatning barcha jabhalarida ro‘y berayotgan chuqur o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekiston ilk bor 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga (IHK) o‘z nomzodini ilgari surdi va ko‘pchilik davlatlar hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tiborga loyiq. 2018 yilda Parijda, 2019 yilda Samarqandda va 2022 yilda Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoev va YuNESKO bosh direktori Odri Azulening uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Tarixiy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi tuzildi. O‘sha yili Xivada O‘zbekiston tashabbusi bilan YuNESKO bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyo – jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniy forumi tashkil etildi. Mazkur forum natijasida ishlab chiqilgan «Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda hamkorlikni yanada rivojlantirish» rezolyutsiyasi YuNESKO Bosh konferentsiyasining 2021 yil noyabrdagi 41-sessiyasida bir ovozdan qabul qilingan edi.
2022 yil iyul oyida O‘zbekiston tarixda birinchi marta 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita a’zosi bo‘ldi.
2022 yilning 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin davlat vakillari va xalqaro tashkilotlar rasmiylari ishtirokida YuNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferentsiyasi o‘tkazildi. 2023 yil 10-24 may kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YuNESKO Ijroiya kengashining 216-sessiyasi yakunlari bo‘yicha «Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilindi.
Shu kunga qadar YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga o‘zbek madaniyatining 12 elementi kiritilgan. Jumladan, «Shashmakom», «Boysun tumani madaniy muhiti», «Katta ashula», Askiya», «Palov va osh bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar», «Navro‘z», Atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi , «Lazgi», «Miniatyura san’ati», «Baxshichilik», «Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish» hamda «Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari» kabi elementlar Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Mamlakatimizda xalqaro turizm faol rivojlanmoqda. Bunda O‘zbekiston 1993 yilda a’zo bo‘lgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘lida turizmni rivojlantirish bo‘yicha YuNVTO mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari Samarqand shahrida «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti tashkil etilgan bo‘lib, u eng mashhur va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hamda O‘zbekistonda turizm sohasidagi birinchi universitet hisoblanadi.
Joriy yilning 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida YuNVTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash sohalarida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston va JSST o‘rtasidagi hamkorlik asoslari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi o‘rtasidagi ikki yillik hamkorlik shartnomasi hisoblanadi.
O‘zbekiston delegatsiyalari Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi va JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi sessiyalarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
2021 yildan buyon JSST mamlakatga sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish va uni tajriba hududi (Sirdaryo)da sinovdan o‘tkazish, shu jumladan davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etishda ko‘maklashuvchi etakchi tashkilot hisoblanadi.
So‘nggi yillarda BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNISEF) O‘zbekistondagi faoliyati ham sezilarli darajada faollashdi. 2022 yil noyabr oyida Toshkent shahrida «Zamin» xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Jahon bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan «Bolalarning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash» forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
2021 yil 11 fevral kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan YuNICEF Ijroiya kengashi sessiyasida jamg‘armaning O‘zbekiston bo‘yicha 2025 yilgacha bo‘lgan yangi hamkorlik dasturi tasdiqlandi.
Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), O‘zbekistonda aholi va reproduktiv salomatlik sohasidagi dasturlarni amalga oshirishda BMT tizimida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha jamg‘arma bilan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi bosqichda YuNFPAning beshinchi mamlakat dasturi amalga oshirilyapti, uning doirasida reproduktiv salomatlik bo‘yicha turli treninglar, seminarlar, konferentsiyalar o‘tkazilmoqda. Mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etil etilyapti, shuningdek, klinik protokollarni yangilash, tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
2022 yil noyabr oyida YuNFPA bilan hamkorlikda respublikada aholi masalalari, demografik fan va tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha davlat organlarining salohiyatini oshirish maqsadida Demografik laboratoriya ishga tushirildi.
O‘zbekiston bilan BMTning Gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirishga qaratilgan – «BMT ayollar» tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samarali kechayotir. Mazkur tuzilma bilan birgalikda gender va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum hamda konferentsiyalar muntazam tashkil etilyapti, ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarda loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekistonda keyingi yillarda munosib mehnat uchun shart-sharoit yaratish, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish, ishchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida erishilgan yutuqlarni yuksak baholaydi. Mamlakatimizda XMTning 20 ta konventsiyasi, jumladan, 10 ta asosiy konventsiyadan 9 tasi ratifikatsiya qilingan. XMT tavsiyalarini inobatga olgan holda «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri va Mehnat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Ayni paytda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish, yoshlar, ayollar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ta’lim, bandlik va munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan «O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi» amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) mamlakatimizning muhim hamkorlaridan biriga aylandi. Ayni paytda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi va u amalga oshirilyapti. XMT bilan birgalikda respublikada mehnat migratsiyasi, chegaralarni boshqarish, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat muhojirlarini yollash bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish cingari loyihalar hayotga tadbiq etilayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz sa’y-harakatlari BMT rahbariyati va a’zo davlatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Chunki, O‘zbekiston tomoni ilgari surayotgan tashabbuslar global tashkilotning global maqsadlariga, jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Barqaror tinchlikning faol tarafdori va xalqaro maydonda hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikka doimo katta e’tibor qaratib keladi.
Albatta, Prezident Shavkat Mirziyoevning davlat rahbarlarining jahon forumidagi ishtiroki, O‘zbekistonda umuminsoniy barqaror taraqqiyot yo‘lida zamonamizning global muammolarini hal etishga xizmat qiladigan yangi muhim g‘oya va tashabbuslarni e’lon qilish imkonini beradi.

«Dunyo» axborot agentligi
Toshkent sh.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net