O?zbekiston-AQSh: ikki tomonlama va ko?p tomonlama muloqotni rivojlantirish hamda mustahkamlash yo?lida

19.09.2023 12:46

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida ishtiroki doirasida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan «C5+1» formatidagi birinchi oliy darajadagi sammitda qatnashadi.

«C5+1» formati Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot hisoblanadi. Ushbu muloqot 2015 yil noyabr oyida Samarqand shahrida mintaqa davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvida boshlangan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad dolzarb masalalar yuzasidan doimiy fikr almashish, shuningdek, mintaqaviy savdoni yaxshilash, transport-energetika aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ekologik muammolarga, ekstremizmga qarshi kurashish, gumanitar aloqalarni kengaytirish bilan izohlanadi.
«C5+1» muloqoti vazirlarining birinchi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha «Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya» qabul qilingan bo‘lib, unda AQShning Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi, shuningdek, ishtirokchi davlatlarning muntazam aloqalarni davom ettirishga tayyorligi qayd etilgan.
Bugungi kunga qadar vazirlarning 12 ta uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 2021 yil sentyabr oyida «C5+1» mamlakatlari vazirlari iqlim va atrof-muhit masalalarini muhokama qilish uchun birinchi marta uchrashdilar.
«C5+1» formati doirasida Markaziy Osiyoda xorijiy jangarilarga va radikallashuv jarayonlariga qarshi kurashish, tadbirkorlikni rivojlantirish, transport va savdo yo‘laklarini takomillashtirish, kelajak energetika jabhasini rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha milliy rejalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar seminarlar, konferentsiyalar va treninglar shaklida hayotga tadbiq etilmoqda. 2022 yil aprel oyida «C5+1» formatidagi o‘zaro hamkorlikni institutsionalizatsiyalashtirish maqsadida ushbu platforma Kotibiyati o‘z ishini boshladi. Uning asosiy maqsadi «C5+1» formati doirasida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, o‘tkazilayotgan tadbirlarning tashkiliy masalalarini hal etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iboratdir.
«C5+1» doirasida muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni muhokama qilish uchun har yili uch yo‘nalish – iqtisodiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish va energetika hamda xavfsizlik bo‘yicha ishchi guruhlarning yig‘ilishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Markaziy Osiyo O‘zbekiston tomonidan tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani bois «C5+1» formati doirasidagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Chunki bu mintaqadagi ijobiy integratsiya jarayonlariga bevosita ta’sir etuvchi muhim omil hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, mazkur format doirasidagi samarali hamkorlik barobarida O‘zbekiston-AQSh ikki tomonlama hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 15-17 may kunlari bo‘lib o‘tgan AQShga birinchi rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davriga asos soldi.
So‘nggi olti yilda yuqori darajadagi delegatsiyalar almashuvi, idoralararo va parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik faollashdi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasida AQSh-O‘zbekiston munosabatlarini faollashtirish tarafdori bo‘lgan kongressmenlarning norasmiy guruhi - «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tashkil etilgan bo‘lib, u faol faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonda amerikalik investorlar ishtirokidagi korxonalarning soni ham yil sayin ortib bormoqda. «Jeneral Elektrik», «Jeneral Motors», «Xayatt», «Jon Dir», «Boing», «Xaneyvell», «Koka Kola», «Kalatrava», «Silverlif» va boshqa kontsern hamda kompaniyalarning mamlakatimizda faol ishlayotgani muvaffaqiyatli iqtisodiy hamkorlikka misol bo‘la oladi.
Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishgan muvaffaqiyatlarini ham e’tirof etadi. Mamlakatimizda amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli «Cotton Campaign» (Kotton Kampeyn) xalqaro nodavlat tashkilotining o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykoti bekor qilindi.
Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarida minglab O‘zbekiston fuqarolari ishlab, tahsil olmoqda. Ular o‘z urf-odatlari va madaniyatini avaylab asrash, diaspora va madaniy uyushmalar doirasida yaqindan muloqot qilish imkoniga egadirlar.
Toshkent va Sietl, Buxoro va Santa-Fe, Zarafshon va Klinton shaharlari o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik aloqalari madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston-AQSh munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston bu hamkorlikni nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama formatda ham kengaytirish va mustahkamlashga tayyor.
14 sentyabr Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bugun esa mintaqa davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyo salohiyatini mustahkamlash va uning ravnaqi yo‘lida AQSh bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga tayyordir.
«Dunyo» axborot agentligi
Toshkent sh.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net