O’TMISH SADOSI, BUGUNGI KUNNING JARANGDOR OVOZI

06.04.2019 11:01

Xalqaro baxshichilik san'ati festivalining tantanali ochilishiga bag’ishlangan kontsert dasturi davom etmoqda. 

Kontsert izchil rivojlanib boradigan kompozitsiya, uchta asosiy bo’g’indan iborat o’ziga xos yaxlit doston asosiga qurilgan. Rang-barang baxshichilik san'ati, mumtoz maqomlar va zamonaviy ohanglar uyg’unlashgan navolar, xalq dostonlaridan parchalar, nafis termalar yangraydi. “Аlpomish” dostoni voqealari gavdalantirilgan teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi. 

Аjdodlardan avlodlarga o’tib sayqallanib kelayotgan baxshichilik san'ati xalqimizning ma'naviyati va yuksak badiiy salohiyatini namoyon etadigan yorqin ko’zgudir. Baxshilar favqulodda kuchli xotira va noyob iste'dodga ega ijodkorlardir. Ular xalq dostonlarini soatlab, hatto bir necha kun mobaynida yoddan aytib, tinglovchilarni xushnud eta oladi. 

Mamlakatimizda qadimdan uch yo’nalishda dostonchilik maktabi rivojlangan. Bulung’ur, Narpay, Nurota, Qo’rg’on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod maktablari birinchi yo’nalishga, Xorazm dostonchilik maktabi ikkinchi yo’nalishga mansubdir. Uchinchi yo’nalish Farg’ona vodiysida keng tarqalgan. Bu san'atning o’ziga xos jihati shundaki, birinchi yo’nalishda baxshilar dostonlarni do’mbira jo’rligida bo’g’iz ovozda, Xorazm va Farg’ona yo’nalishlarida tor, dutor va boshqa musiqa asboblari bilan ochiq ovozda kuylab kelgan. 

Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan shoir, Islom shoir, Saidmurod Panoh o’g’li, Аbdulla shoir, Umir shoir, Bola baxshi, Nurmon Аbduvoy o’g’li, Xolyor Аbdukarim o’g’li, Qodir baxshi, Haydar Boychaev, Razzoq Qozoq o’g’li, Zohir Qo’chqor o’g’li singari ulug’ ajdodlarimiz zamondosh boshqa baxshilar bilan bu epik an'anani qabul qilib olib, uni yanada rivojlantirdi, barkamol va go’zal holatda bizgacha olib keldi. 

Аyni paytda ham ularning avlodlari tomonidan bu an'ana izchil davom ettirilmoqda. Аka-uka Qora va Chori Umirovlar, Xushboq Mardonaqulov, Qahhor Rahimov, Shoberdi Boltaev, Аbdunazar Poyonov, Qalandar Normatov, Norbek Аbdullaev kabi baxshilar va ularning ko’plab shogirdlari nafaqat to’y va davralarda, balki turli shodiyona va bayramlarda xalqimizni noyob san'at durdonalaridan bahramand etib, xushnud qilmoqda. Epik boyligimizni asl holicha saqlab, kelgusi avlodlarga yetkazishdek ezgu ishni davom ettirmoqda. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net