Mehru muruvvat mavridi

07.03.2023 17:54

Yangi Oʻzbekiston hozirgi zamon sivilizatsiyasi sharoitida jahon davlatchiligi ilgʻor tajribalari va bir necha ming yillik milliy davlatchiligimizning qadriyatga aylangan tamoyillari asosida yuzaga keldi. U jahon hamjamiyatida mustahkam mavqega, oʻz soʻzi va qatʼiyatli siyosiy xulosalariga ega davlat sifatida oʻzini koʻrsatdi.

Yangi Oʻzbekiston davlatining bugungi qudrati, uning davlat sifatidagi mahobatli mohiyati haqida koʻp oʻylayman. Uning ildizlari, asoslari nimalardan iboratligi xususida fikr yuritaman. Katta hayotiy tajribam va bir necha boshqaruv usullari, shakllari, siyosiy rejimlari va mafkuraviy yoʻnalishlarini koʻrgan inson sifatida bugungi Yangi Oʻzbekistonning boshqa davlatlarga oʻxshamagan, mutlaqo yangi va betakror davlat sifatidagi jihatlariga alohida eʼtibor beraman.

Shuni taʼkidlashim kerakki, insoniyat tarixi koʻpdan-koʻp davlatchiliklar tamoyillarini, shakllarini, boshqaruvning oʻz davriga xos usullari va uslublarini koʻrgan. Xususan, oʻzbek xalqi, buni alohida faxr va iftixor bilan aytishi mumkinki, qadimiy Turon – Turkiston – Oʻzbekiston jahon davlatchiligi sarchashmalaridan biri hisoblanadi. Bundan uch ming yillar oldin ibtidoiy hayot sharoitida, antik davrda koʻp eʼtiqodlilikdan yakka Xudolikka oʻtish jarayonida turli mayda qabilalar, urugʻlar, aymoqlarning birlashib ulkan jamoaga aylanib, yagona eʼtiqod va yagona gʻoya, umumiy maslak va manfaat atrofida birlashish jarayonining yuzaga kelishi ilk davlatchilikning oʻziga xos kurtaklari edi. Kimdir bu jamoani boshqargan, yoʻnaltirgan, uni tashqi dushmanlardan himoya qilgan. Oʻziga xos intizomni oʻrnatgan. Bu ilk ajdodlarimizning bugungi gʻoyat sivilizatsiyalashgan davlatchiligimiz poydevorini va, hatto, jahon davlatchiligi tamoyillarini vujudga keltirganidan dalolat beradi.

Qadimiy Sharq, xususan, Movarounnahr – Turon – Turkiston davlatchiligi oʻzining adolatliligi, insonparvarligi, inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ degan tamoyilga asoslanganligi bilan alohida ajralib turadi. Aytish mumkinki, jahon davlatchiligining siyosiy axloq, boshqaruv madaniyati, rahbar odobi va masʼuliyati singari tushuncha va tamoyillar ayni ana shu koʻhna zaminda dunyoga keldi va jahon davlatchiligining butun insoniyat eʼtirof etgan talablariga, qonuniyatlariga aylandi.

Amir Temur nomi bilan bogʻliq boʻlgan oʻrta asrlar davlatchiligi jahon davlatchiligining bugungi kungacha boʻlgan taraqqiyotida alohida mavqega ega. Gʻoyat adolatpesha va insonparvar boshqaruv tizimi bugungi kungacha andoza boʻlib kelmoqda. Zotan, Amir Temur bir joyda “Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yoʻlini toʻsdim”, desa boshqa bir joyda “Bir kunlik adolat – yuz kunlik toat-ibodatdan afzal”, deydi. Bunday oʻylab qarasam, Yangi Oʻzbekistonda tobora chuqurlashib borayotgan va yalpi jamiyatni qamrab olayotgan adolat gʻoyasi har bir fuqaro daxlsizligi, shaʼni va qadru qimmatini himoya qilinayotganligida ayni ana shu Sohibqiron tajribasining bugungi kundagi roʻyobini koʻraman. Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatida odamlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotda boʻlish, ularning kundalik quvonchu tashvishlariga sherik boʻlish, har bir insonning taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni oʻrganish fazilati ustuvorlik qiladi. Xususan, keyingi bir oy ichida bir necha viloyatda, shaharu qishloqlarda, mahallalarda boʻlib odamlar bilan uchrashgani, ayrimlarning xonadoniga kirib, bir piyola choy ustida suhbat qurgani davlat rahbarining oʻta kamtarligidan, xokisorligidan, odamoxun va insonsevarligidan dalolat beradi. Boshqacha qilib aytganda, odamlar oʻzining taqdirini, kelajagini, farzandlari baxtu saodatini Prezidentda, uning his-tuygʻularida, odamlarga boʻlgan mehru muhabbatida koʻradi. Bu oʻz-oʻzidan davlat bilan jamiyat, Prezident bilan fuqaro maqsadlarining mushtarakligiga olib keladi. Ayni paytda yuksak ishonchli va eʼtiqodli xalqiga suyangan, sogʻlom siyosiy gʻoyaviy muhit qaror topgan davlat qudratini oʻzida ifoda etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ish faoliyatini katta qiziqish bilan kuzataman. Uning buyuk kelajakka qaratilgan gʻoyatda katta strategik qarashlarini oʻzimcha tahlil qilaman va ochiq aytishim mumkinki, havas qilaman. Uning odamlar orasida yurishi, oʻquv yurtlarida, maktablar va bolalar bogʻchalarida boʻlib, bolalar bilan bolalarcha, otalar bilan otalarcha samimiy muloqotini koʻrib, Amir Temurning “Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilishga qasd qilgan boʻlsam, butun zehnim, vujudim bilan bogʻlanib, bitirmagunimcha undan qoʻlimni tortmadim”, degan gaplari esimga tushadi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining boshqaruv faoliyatida Amir Temurga xos qatʼiyatni, talabchanlikni, boshlagan ishni oxiriga yetkazishni, buning uchun har qanday tabiiy va sunʼiy toʻsiqlarni yengishga qodir boʻlgan katta siyosiy irodani, davlat rahbariga xos boʻlgan qudratli kuchni koʻraman.

Ana shu jarayonning oʻzida siyosiy yetakchining, davlat rahbarining hech kimga oʻxshamagan, oʻziga xos fazilatlari namoyon boʻladi. Jumladan:

birinchidan, siyosiy yetakchining qatʼiy va oʻzgarmas siyosiy pozitsiyaga egaligi;

ikkinchidan, boshlagan ishini oxiriga yetkazishdek qatʼiyatli va uzoqni koʻzlagan davlat arbobiga xos yuksak fazilat;

uchinchidan, davlat rahbarining butun obroʻ-eʼtiborini, siyosiy imijini belgilaydigan soʻz bilan ish birligiga erishish;

toʻrtinchidan, siyosiy qarashlarda izchillik, uzviylik va ularni hayotda joriy etishda qatʼiy talabchanlikning yuksak darajada namoyon boʻlishi;

beshinchidan, ulkan xotira quvvati va ichki iroda kuchi tufayli jamiyatning hamma soha va yoʻnalishlarini, ijtimoiy hayotning barcha qirralarini bir yoʻla nazorat qila olish salohiyati;

oltinchidan, koʻtarilgan masalalar va topshirilgan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishiga erishish;

yettinchidan, sharqona boshqaruv madaniyati va rahbarlik odobining yuksak darajada namoyon boʻlishi. Xususan, bunda ochiq siyosiy munosabatlar, xalq bilan jonli muloqot, odamlar orasida yurish, ularning quvonch va qaygʻulariga sherik boʻlish, har bir fuqaro orzu-oʻylari va maqsadlarini oʻrganish va unga sherik boʻlish kabi sof insoniy fazilatlarning namoyon boʻlishi.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu bevosita zamonaviy davlatchilik ilgʻor tajribalarini oʻzlashtirish, jahon sivilizatsiyasi yutuqlaridan xabardor boʻlish, ming yillar mobaynida davlat boshqaruviga doir toʻplangan milliy tajriba va anʼanalarni hozirgi zamon davlatchiligi ilgʻor tajribalari bilan sintezlashgan holda olib borish kabi noyob fazilatning namoyon boʻlishi.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatida va ish uslubida xalqona boshqaruv, xalqqa yaqinlik hissi, ularning kundalik tashvish va quvonchlariga sherik boʻlish tuygʻusi ustuvorlik qiladi. Bu davlat bilan jamiyat, davlat rahbari bilan fuqarolar maqsadlarining mushtarakligiga, ular orasidagi munosabatlarning uygʻunligiga olib keladiki, natijada Oʻzbekistonda yalpi barqarorlik va yuksak bunyodkorlik ruhiyatining chuqurlashishiga erishiladi. Ana shu nuqtayi nazardan qatʼiy ishonch bilan aytish mumkinki, “Buyuk kelajagimizni olijanob va mard halqimiz bilan birga quramiz”.

...Har bir davrning oʻz taraqqiyot omillari, ehtiyojlari, talablari va hayotiy tamoyillari boʻladi. Har bir zamonning oʻz zayli, qarashlari, munosabatlari, tafakkur tarzi mavjud. Ana shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, 2017-yil Oʻzbekistonning tarixiy taraqqiyot va rivojlanishida butunlay yangi bosqichni boshlab berdi. Bu bevosita zamon bilan hamnafas, hozirgi sivilizatsiya talablariga javob beradigan, bugungi kun milliy va dunyoviy ehtiyojlarini nazarda tutgan, jahon davlatchiligi ilgʻor tajribalari bilan milliy xususiyatlarimiz, qadriyatlarimiz, davlatchilik usul va uslublarimiz uygʻunlashib ketgan kuchli va qudratli siyosiy tafakkur bilan bogʻliq.

Chindan ham, Oʻzbekistonda mustaqillik davri mobaynida butunlay yangi tarixiy sharoitlarda, yangi davlatchilikka asos solindi. Huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati vujudga keltirildi. Siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohada tub burilishlar yasaldi. Tashqi siyosatda Oʻzbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli subyektiga aylandi va oʻzining qatʼiy siyosiy pozitsiyasini namoyon etdi. Dunyoning eng kuchli va katta davlatlari Oʻzbekiston bilan hisoblashadigan, uning umumdunyoviy masalalarga tegishli fikr va xulosalarini inobatga oladigan boʻlib qoldi. Endi hamma gap ana shu mustahkam poydevorga tayanib, Oʻzbekistonning yangi davrdagi yangi taraqqiyotini taʼminlashdan iborat.

Katta tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, har qanday siyosatning hayoti, umrining uzunligi va samaradorligi uning samimiyatida namoyon boʻladi. Qachonki odamlar orasida boʻlsang, ular bilan hamfikr suhbatdosh boʻlsang, birgalikdagi, hamjihatlikdagi fikrdoshlik yuzaga kelsa, bunday siyosat uzoq yashaydi va oʻz davriga xos, kelajakka oʻrnak boʻladigan maqomga ega boʻladi. Amir Temurning kuch-qudrati, olamshumul salohiyati va salobati ham ayni ana shunda edi. Buni Sohibqironning “Raʼiyat (fuqaro) ahvolidan ogoh boʻldim, ulugʻlarini ogʻa qatorida, kichiklarini farzand oʻrnida koʻrdim”, degan gaplarida koʻrish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning murgʻak bolalarni bagʻriga bosib, ularga otalik mehrini berayotgani, yoshi ulugʻlar bilan oʻzini ularning farzandidek tutib, jamiyatning olis istiqbolga qaratilgan taraqqiyotini taʼminlashga intilayotgani Yangi Oʻzbekiston davlatining qudratiga aylanib bormoqda. Bunga ikkita holatda guvoh boʻldim. Davlatimiz rahbarini Andijon viloyatida maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvdagi holatda gʻoyatda muruvvatli, mehrli, farzand degan tuygʻuni chuqur his qiladigan ota timsolida koʻrdim. Jizzax viloyatida boʻlganida esa Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda xalq yalpi qahramonligining timsoliga aylangan, mashhur choʻlquvar Quvondiqhoji Abdurazzoqov bilan oʻta samimiy muloqotlarida bildim. Bolalar oldida bagʻrikeng va muruvvatli ota, otalar oldida esa, har qanday sharoitda ulugʻlarni qadrlaydigan, ularning hurmatini joyiga qoʻyadigan xalq farzandi qiyofasiga guvoh boʻldim.

Aytish mumkinki, bunday sof insoniy fazilat, mehr va muruvvat toʻla qalb hamma rahbarda ham boʻlavermaydi. Ularning koʻpini koʻrganman. Bugun moʻtabar bir yoshda xalqimizning Shavkat Mirziyoyevday sadoqatli va ehtiromli farzandi yoshlarimizning bolaparvar, millat istiqboli uchun hamma narsaga tayyor turadigan, farzandlari kamolini koʻrish orzu-istagi bilan yashaydigan otalari borligidan quvonaman.

Amir Temurning yana bir gapi bor. U “Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni oʻzimga rom qildim, adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda boʻlishga intildim”, deydi. Bugungi Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat siyosatida ochiq yuzlilik, yuksak samimiyat, mehr-muruvvat fazilatlari chuqurlashib bormoqda.

Davlat siyosati keng jamoatchilik, har bir fuqaro, yoshu qari qalbiga singib bormoqda. Ana shu holatning oʻzi jamiyatda inson qadrining tobora yuksalib borayotganidan, ijtimoiy adolat tamoyillari chuqurlashib, fuqaro haq-huquqlari kafolatlanayotganidan dalolat beradi. Bu hammamizning, har birimizning yutugʻimiz, bugunimiz va buyuk kelajagimiz bilan bogʻliq boʻlgan saodatimiz.

Ayni paytda Oʻzbekistonning har bir qishlogʻi, har bir mahallasi qiyofasi tubdan oʻzgarib bormoqda. Tozalik, obodonlashtirish, koʻrkam turmush tarzini qaror toptirish umummilliy maqsadga aylandi. Maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha boʻlgan uzluksiz taʼlim tizimning barcha boʻgʻinlarida jiddiy oʻzgarishlar, yangilanishlar sodir boʻlmoqda. Ijtimoiy sohaga tegishli yangidan-yangi binolar barpo etilmoqda. Tekis va ravon yoʻllar, koʻpriklar qurilmoqda. Kam taʼminlangan oilalar uchun arzon uy-joylar barpo etilmoqda. Bunday jiddiy oʻzgarishlarni koʻrib yana xayolim olis oʻtmishga, Amir Temur davlatchiligi davriga ketadi. Zotan, Sohibqironning “Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqoxlar qurishni, musofir yoʻlovchilar uchun yoʻl ustiga rabotlar bino qilishni, daryolar ustiga koʻpriklar qurishni buyurdim” degan gaplari esimga tushadi. Bu chinakam xalqchil siyosatning, xalqparvar davlatning oʻziga xos tamoyillari.

Xalqimizning feʼl-atvorida, turmush aqidalarida adolatga, murosaga, ochiq koʻngillilik va samimiy munosabatga moyillik bor. U ayni ana shu fazilati bilan oʻzining hayotini oʻzi yoʻlga qoʻymoqda. Maqsad va intilishlarini davlat siyosatida va uning jonkuyar, tinib-tinchimas rahbari qarashlarida koʻrmoqda. Xalqimiz oʻzining yuksak maʼnaviy-axloqiy, maʼrifiy-ruhiy va intellektual salohiyatini koʻrsata oladigan bunyodkor xalq. Ayni ana shu kayfiyat, umummilliy ruhiyat, ochiq jamiyat qurilayotgan, xalq bilan davlat oʻrtasidagi munosabatlar mushtarak boʻlib borayotgan bir davr buyuk kelajagimizdan dalolat bermoqda.

Albatta, har bir davrning oʻz arboblari, siyosiy yetakchilari boʻladi. Ana shu yetakchi va arboblarning boshqaruv mahorati, feʼl-atvori, ish uslubi jamiyat va xalq taqdirini belgilaydi. Oʻtgan yetti yillik davr Oʻzbekiston tarixida, aytish mumkinki, rivojlanishning butunlay yangi davrini boshlab berdi. Buni quyidagilarda koʻrish mumkin:

birinchidan, mamlakatni rivojlantirishga doir ilmiy va amaliy jihatdan gʻoyatda mustahkam strategiyaning ishlab chiqilganligi;

ikkinchidan, jamiyatning barcha sohalarini bab-barobar rivojlantirishga doir samarali mexanizmning vujudga keltirilganligi;

uchinchidan, davlat rahbarining oʻta sergʻayrat, shijoatli, charchoq bilmas faoliyati;

toʻrtinchidan, boshlangan ishning doimiy nazoratga olinishi va oxiriga yetkazishga erishilishi;

beshinchidan, davlat rahbarining oʻta samimiy, xalqchil, mehr-muruvvatga asoslangan siyosiy yoʻli.

Ana shu tarzda Yangi Oʻzbekiston butunlay yangi tarixiy sharoitlarda oʻz taraqqiyotining yangi bosqichini boshladi. Jahon hamjamiyatida eng tez rivojlanayotgan davlat sifatida oʻzini namoyon etmoqda.

 

Oqil Salimov,

akademik

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net