Malayziyada O?zbekiston vazirlik va idoralari vakillarining malakasi oshirildi

16.09.2023 11:57

 /“Dunyo” AA/. 2023-yil avgust–sentyabr oylarida O‘zbekistonning vazirlik va idoralari vakillari Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

MTCP 1980 yilda Malayziyaning rivojlanish tajribasi va bilimlarini hamkor davlatlar bilan bo‘lishish maqsadida tashkil etilgan. Dasturning asosiy maqsadi kadrlar tayyorlash va malaka oshirish kurslari, xususan qisqa va uzoq muddatli treninglar va o‘quv amaliyotlari orqali inson resurslarini rivojlantirishdan iborat. Bugungi kunga qadar MTCP kurslarida 774 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar malaka oshirgan, shu jumladan, 2022 yilda O‘zbekistondan 88 nafar vakil dasturning o‘quv kurslarida qatnashgan.

Dastur doirasida Malayziya Islom bankingi va moliyasi instituti tomonidan “Islom moliyasi” bo‘yicha maxsus ishlab chiqilgan o‘quv dasturida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillarining malakasi oshirildi. Malayziya islom moliyasi sohasida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan hisoblanadi. Mamlakat Islom bankingi va moliyasi instituti (Islamic Banking and Finance Institute Malaysia – IBFIM) 2001 yildan buyon tadqiqot va konsalting faoliyati, soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Xalqaro islom akademiyasi vakillari Malayziya Taʼlim vazirligi huzuridagi O‘qituvchilarni malakasini oshirish institutida “Innovatsion pedagogik texnologiyalar” mavzusidagi o‘quv-amaliy treningda ishtirok etdi.

Diplomatiya va tashqi aloqalar institutida (Institute of Diplomacy and Foreign Relations – IDFR) tashkil etilgan “Madaniy diplomatiya” mavzusidagi treningda respublika Tashqi ishlar vazirligi vakili ishtirok etdi. Malayziya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi mazkur institut xalqaro munosabatlar, strategik tahlil, iqtisodiy va madaniy diplomatiya yo‘nalishlarida malaka oshirish kurslari va magistratura dasturini tashkil qiladi.

Tadbirlar doirasida O‘zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning investitsiyaviy, taʼlim va turizm salohiyati bo‘yicha respublika vakillari tomonidan batafsil axborot berildi.

Ikki mamlakat muassasalari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish, Malayziyada olingan yangi bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net