Malayziyada «O?zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusiga bag?ishlangan fotoko?rgazma ochildi

02.03.2023 17:34

/“Dunyo” AA/. Kecha Malayziyada «O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusidagi fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu suratlar ko‘rgazmasi Malayziya Islom sanʼati muzeyida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Malayziya Islom sanʼati muzeyi 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u islom sivilizatsiyasi tarixi va sanʼatiga bag‘ishlangan Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik muzey hisoblanadi. Muzey kolleksiyasida butun islom olami madaniyati va sanʼatini aks ettiruvchi eksponatlar mavjud. Eng nodir eksponatlardan biri O‘zbekistondan 8 asrga oid ipakdan tikilgan so‘g‘diylar libosidir.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Malayziya tomonidan Turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Tiong King Sing faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, qirollik oilasi aʼzolari, Malayziya vazirlik va idoralari vakillari, Kuala-Lumpur meriyasi, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ilmiy va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmada islom tarixi, islom sivilizatsiyasining Markaziy Osiyoga kirib kelishidan to hozirgi kungacha ilm-fan, taʼlim va meʼmorchilik rivojiga qo‘shgan hissasi, turli sivilizatsiyalarga xos bo‘lgan madaniy osori-atiqalar, hozirgi O‘zbekiston hududida saqlanib qolgan qadimiy va boy madaniy merosga oid fotosuratlar va maʼlumotlar namoyish etilmoqda.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, shuningdek,  ilmiy majmua va muzey majmuasi qurilishi haqidagi atroflicha  maʼlumotlar taqdim etildi.

Sharq Uyg‘onish davrining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi ahamiyati, jumladan, buyuk alloma va qomusiy ilm sohiblari Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bekning aniq fanlar taraqqiyotidagi o‘rni, mashhur mutafakkir va muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy asarlarining islom falsafasi va islom huquqi rivojidagi ulkan hissasi qayd etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti ham tashkil etildi. Xususan, mamlakatimiz hukumati tomonidan sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, «ziyorat turizmi» salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan eʼtiborga molik chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Vazir Tiong King Sing madaniy-gumanitar sohadagi Malayziya-O‘zbekiston hamkorligining yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasining boy maʼnaviy-intellektual merosini har tomonlama o‘rganish, avaylab asrash va targ‘ib etish, bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish, islom dinining insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarga yuksak baho berdi.

Malayziya aholisi va mehmonlarining O‘zbekiston ega bo‘lgan jozibali madaniy meros to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish mamlakatimizning «ziyorat turizmi» yo‘nalishi sifatida yana-da ommalashishiga va sayyohlar sonining izchil ortib borishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Islom sanʼati muzeyi muvofiqlashtiruvchisi Zulkifli Isxoq ikki oy davomida Malayziyaning keng jamoatchiligini O‘zbekistonning serqirra madaniyati, ko‘p asrlik tarixi, meʼmorchilik anʼanalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladigan mazkur qo‘shma loyihaning ahamiyati katta ekanligini taʼkidladi.

Muzeyning ichki bezatish ishlarida o‘zbekistonlik iqtidorli hunarmandlarning bevosita ishtirok etgani respublikamizning boy sanʼat va hunarmandchiligiga hurmat hamda ehtirom belgisi sifatida qayd etildi.

Fotoko‘rgazma 27 aprelga qadar davom etadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net