KICHIKDAN OʻRTAGA, OʻRTADAN KATTAGA

24.08.2023 17:39

Ochiq muloqot chogʻida biznesni rivojlantirish boʻyicha belgilangan yoʻnalishlar

Joriy yil 18-avgust kuni  Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchinchi ochiq muloqoti boʻlib oʻtdiyu Davlat boshqaruvining turli darajalarida amalga oshirilayotgan biznes bilan muloqot dunyo boʻyicha keng tarqalgan boʻlib, iqtisodiy siyosati va biznes manfaatlarini davlat rivoji manfaatlari bilan uygʻunlashtirgan holda optimal tarzda olib borishga yordam beradi.

Muloqot rivoji

Ilk ochiq muloqot davlatimiz rahbarining taklifiga binoan 2021-yil 20-avgustda tashkil etilgan edi. Shundan buyon mazkur format yaxshi anʼanaga aylandi va ushbu sana mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni etib belgilandi. Bu Oʻzbekistonda shu kabi birinchi tajriba boʻlib, biznesga nisbatan olib borilayotgan iqtisodiy siyosatni optimallashtirish nuqtayi nazaridan oʻzining yuqori samaradorligini koʻrsatishga ulgurdi, keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi natijalar ham shuni koʻrsatmoqda.

Bir yil davomida bajarilgan ishlar

Yaqinda oʻtkazilgan muloqotda oʻtgan yilgi muloqotda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha bir yil davomida amalga oshirilgan ishlarga baho berildi. Xususan, oʻtgan yil ilgari surilgan takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilib, ularning har biriga alohida yondashuv qoʻllanila boshladi. Xuddi shunday, tuman va shaharlar ham 5 toifaga boʻlinib, 60 tumanda alohida soliq, kredit va moliyaviy rejimlar joriy etildi, buning natijasida oʻtgan olti oyda ushbu tumanlardagi tadbirkorlar qariyb 1 trillion soʻmlik imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobiga 20 tumanda tadbirkorlar daromadlari oʻtgan yilga nisbatan 1,5-2 barobargacha oshdi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirildi. Buning natijasida 2022-yil 1-avgustdan 2023-yil 1-avgustga qadar 6 ming korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berildi, 2 mingdan ziyod eksportchi tadbirkorning hisobraqamiga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan 7 trillion soʻm kelib tushdi. Ushbu soliq stavkasini 12 foizgacha kamaytirish hisobidan qoʻshilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingga koʻpayib, ularning faoliyati “soya”dan chiqdi. QQS toʻlovchilar soni 184 mingga yetdi. Samarasiz soliq mexanizmlari qoʻllanilishi oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligini hisobdan chiqarish natijasida biznes ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi.

    Kreditlash sohasida aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov taʼminoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Ushbu imkoniyat tufayli tadbirkorlarga 1 milliard dollar miqdorida kredit taqdim etildi. Mikromoliya tashkilotlarini ochish tartibi yengillashtirilgani tufayli mamlakatimizda banklar uchun muqobil kredit bozori paydo boʻldi. Soʻnggi bir yil davomida bunday tashkilotlar soni 1,5 barobar, ular tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi esa 3 barobar oshdi. Yil davomida nobank tashkilotlar tomonidan 3 trillion soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.

Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirilgani tufayli, ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni ikki barobar ortdi, buning natijasida yil davomida ushbu imkoniyatdan foydalangan holda 455 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 110 million dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratildi.

Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin boʻlgan” 119 faoliyat turi uchun litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga oʻtkazildi. Shu bilan birga, respublika hududida birgina yuklarni avtomobilda tashish faoliyati boʻyicha litsenziyalarni bekor qilish hisobidan yuk tashish hajmi 1,5 barobar oshdi. 2023-yilning olti oyi davomida tekshiruvlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga — 104 mingdan 64 mingtaga kamaygan.

Tadbirkorlar bilan avvalgi muloqotdan soʻng, oʻtgan bir yil davomida kichik tadbirkorlar soni yana 40 mingga koʻpayib, 490 mingni tashkil etdi. Oʻrta tadbirkorlar soni esa 2 mingga oshdi va 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni yil davomida 400 taga ortib, 1,5 mingtani tashkil etmoqda.

Taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanish natijasida 155 korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi ilk bor 10 milliard dollarga yetdi. Bu 2017-yilga nisbatan 3 barobar koʻp demakdir. Biznes bilan doimiy muloqot olib borilayotgan soʻnggi ikki yilda mahalliy korxonalar tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinib, shuningdek, avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Biznesni qoʻllabquvvatlashning belgilangan yoʻnalishlari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  joriy yilda tadbirkorlar bilan muloqot chogʻida soʻzlagan nutqida kelgusida biznes va tadbirkorlik rivojini qoʻllab-quvvatlashning beshta asosiy yoʻnalishini belgilab berdi.

Taʼkidlanganidek, kichik biznesni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Har yili mikro biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga 1 milliard dollardan ziyod mablagʻ ajratiladi. Yil boshida kichik biznes toifasiga kimlar kirishi aniq belgilab berildi. Biroq kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashning manzilli tizimi va buning uchun zarur sharoitlarni yaratish hali toʻliq shakllantirilgani yoʻq. Shu sababli, ushbu sektorni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit ekotizim yaratiladi.

 “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantirilib, uning huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etiladi. Mikro biznesdan kichik biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlar har oyda mahallalardagi hokim yordamchilari ishtirokida ushbu markazlarga biriktiriladi. Hududlardagi kichik biznes markazlarida tahsil olgan tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratiladi. Agar kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, u holda 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning oʻzi, qolgan 45 foizi uchun esa davlat koʻmagida resurs yoʻnaltiriladi. Tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda 5-7 yil muddatga kreditlar beriladi. 1-oktyabrdan boshlab ushbu mablagʻlarning 150 million dollariga kredit liniyalari ochiladi.

Ushbu yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisida alohida qonun qabul qilinadi. Shuningdek, markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirishga oid barcha jarayonlarning soddalashtirilgan tartibi belgilanadi. Yangi kichik biznes loyihasi yoʻlga qoʻyilishi bilan undan tushgan barcha soliqlar ikki yil ichida “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylanma mablagʻlar uchun oʻtkaziladi. Yaʼni bank tadbirkorning yuqori darajali daromadidan manfaatdor boʻladigan tizim yaratilmoqda. Umuman olganda, mazkur tizim 150 ming kichik biznes subyektining oyoqqa turishiga, 25 mingtasining oʻrta toifaga oʻtishiga, 250 mingta yangi doimiy ish oʻrni yaratilishiga xizmat qiladi.

Oʻrta biznesni rivojlantirish bilan bogʻliq tashabbuslar

Oʻrta biznes iqtisodiyotimizning muhim boʻgʻini boʻlishiga qaramay, uning jadal oʻsishi uchun sharoitlar hali yetarli emas, chunki tijorat kreditlari boʻyicha kafillik yoki kompensatsiya faqat Tadbirkorlik jamgʻarmasi tomonidan taqdim etiladi. Shu bois, kichik biznesdan oʻrta biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham yangicha yondashuvlar yoʻlga qoʻyilib, biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud jamgʻarmalarning faoliyati ham, ish uslublari ham tubdan oʻzgaradi

Tadbirkorlik jamgʻarmasi xizmatlar va servis sohasidagi, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam koʻrsatish uchun, Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi esa sanoat loyihalariga masʼul boʻladi. Ushbu jamgʻarmalar byudjet mablagʻlari bilan cheklanmaydi, balki mustaqil investitsiyalarni jalb qilish vakolatiga ega boʻladi. Shu orqali kelgusi yilda oʻrta biznes uchun qoʻshimcha 1 milliard dollar mablagʻ jalb qilinadi.

1-sentyabrdan boshlab yangi tashkil etilayotgan Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada aylanma mablagʻ taqdim etiladi. Bunda olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15 foizlik avans toʻlovlari ham jamgʻarma tomonidan kredit shaklida beriladi.

Ayni paytda sanoat ipotekasi tizimi ham yoʻlga qoʻyilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonasi tashkil etilib, ularda investitsiya majburiyatlari bajarilgandan soʻng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

Tadbirkorlik jamgʻarmasi xizmatlar sohasi uchun masʼul boʻladi va unga oʻrta biznes korxonalariga hissador boʻlib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamgʻarmaga qoʻshimcha 25 million dollar, kelgusi yilda esa yana 100 million dollar ajratiladi. Shu bilan birga, jamgʻarma tomonidan oʻrta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi. Jamgʻarma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Ushbu ikkita yangi tizim 1-oktyabrdan toʻlaqonli ishga tushiriladi. Kelgusi bir yilda oʻrta biznes uchun sanoat sohasida 2 mingta, xizmatlar boʻyicha 10 mingta yangi loyiha moliyalashtiriladi, bu esa qoʻshimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar, 5 milliard dollarlik yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 350 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Raqobatbardosh mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirish

Oʻtgan yili “Yangi Oʻzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi yoʻlga qoʻyildi. Uning doirasida 100 ta yetakchi eksportchi korxona tanlab olindi. Joriy yilda mazkur korxonalar eksporti 1,5 barobar oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 barobar oshib ketdi. Shu bois, ularning logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qoʻshimcha 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Yana 25 million dollar mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy etish va bu borada mutaxassislar tayyorlash uchun ajratiladi. Joriy yilda ushbu dastur davom ettirilib, ishtirokchi korxonalar soni 500 taga yetkaziladi va ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar saqlab qolinadi.

Eksportni kengaytirish boʻyicha yana bir katta imkoniyat — nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb etish hisoblanadi. Xususan, yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi hamkorlikda ishlashga katta qiziqish bildirmoqda va mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga tayyor

Bu ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablarini joriy etish, mutaxassislarimizni oʻqitish, ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga yordam beradi. Shu munosabat bilan mashhur brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy etiladi, yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga esa 500 million soʻm miqdorida grant ajratiladi.

Yuqori daromadli korxonalar loyihalari

Bugungi kunga qadar xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi. Ularning jami qiymati 10 milliard dollarga teng boʻlib, 60 ming ish oʻrnini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalar elektron platformaga qoʻyilib, tadbirkorlarga ochiq va oshkora shartlar asosida taklif etilmoqda.

    Shu munosabat bilan Prezidentimiz dasturda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzishni taklif qildi. Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.

Soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtiri

Oʻtgan yetti yilda soliq sohasida amalga oshirilgan islohotlar, tadbirkorlarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar tufayli ularning ixtiyorida 120 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qoldi. Oʻtkazilgan soʻrovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Biroq soliq maʼmuriyatchiligi murakkabligicha qolib, biznesga aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda. Endilikda soliq xizmati tubdan isloh qilinadi, soliq maʼmuriyatchiligi esa soddalashtiriladi.

Xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining aksariyati soliqlarni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qoʻllash, yaʼni “tax-gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan. 1-oktyabrdan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishda bu amaliyot bekor qilinadi.

Tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi joriy etiladi

Bunda kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab reytingi yuqori boʻlgan korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi, ularga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismi bir kun ichida qaytarib beriladi hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʻxtatib turish amaliyoti bekor boʻladi.

Tadbirkorlarning soliq idoralari bilan boʻladigan barcha nizolari maʼmuriy sud vakolatiga oʻtkaziladi. Ularning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar bekor qilinadi. Soliq boʻyicha tadbirkorlarga nisbatan daʼvo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga qisqartiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin koʻrsatkichlarni 16 idoraga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bu kabi turli hisobotlarni tayyorlash uchun 300 milliard soʻm mablagʻ sarflamoqda. Shu bois, 2024-yil 1-yanvardan boshlab eskirgan hisobotlar toʻxtatiladi, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali taqdim etiladi va ularning qogʻoz shakli bekor qilinadi.

Xulosa

Oʻtgan yilgi ochiq muloqot yakunlariga koʻra, biznesni manzilli qoʻllab-quvvatlashga oʻtish uning xususiyatlari va faoliyatning hududiy shartlaridan kelib chiqqan holda belgilangan boʻlsa, bir yil davomida bu yoʻnalishdagi ishlar natijasi ushbu yondashuvning samaradorligini toʻliq tasdiqladi.

    Shu bilan birga, joriy yil 18-avgustda boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida muvaffaqiyatli korxonalarning mikrodan kichik korxonaga, kichikdan oʻrtaga, oʻrtadan (jahon bozorida yuqori raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi) yirik korxona shaklida oʻsishini ragʻbatlantiradigan biznesni rivojlantirishning yagona keng qamrovli tizimini yaratish kabi yanada ulkan va istiqbolli vazifalar belgilandi. Hududlarda biznesning barcha turlarini qoʻllab-quvvatlashning manzilli va individual ekani eng raqobatbardosh korxonalarning bunday evolyutsiyasi va muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun zaruriy shart hisoblanadi.

Bu esa Oʻzbekiston iqtisodiyoti yetarlicha yuqori oʻsish surʼatlarini saqlab turishi uchun zarur, busiz fuqarolarning turmush darajasini munosib darajada oshirishni taʼminlab boʻlmaydi. Shunday ekan, Tadbirkorlar kunida 44 tadbirkor orden va medallar, 126 nafari esa “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi asoslidir.

 

Obid Hakimov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net