13-14-may kunlari Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi boʻlib oʻtadi

22.04.2024 02:58

Joriy yilning 13-14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi boʻlib oʻtadi.

Mazkur forumni oʻtkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.

Forumda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Forum 10 ta parallel sessiya doirasida oʻtkaziladi. Ishtirokchilar xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambagʻallikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalarini muhokama qiladilar.

Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi koʻrib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini ragʻbatlantirishda parlamentlarning oʻrni, genderga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, “Yashil” iqtisodiyotni targʻib qilish, iqlim oʻzgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham koʻrib chiqiladi.

Forum yakuni boʻyicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net