Oʻzbekiston-Qozogʻiston: mushtarak tarix va umumiy farovonlikka sodiqlik namunasi

05.04.2024 03:20

5-aprel kuni Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev  tashrif bilan Oʻzbekistonga keladi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston – eng yaqin qoʻshni hamda ittifoqchi davlatlardir. Ularning munosabatlari umumiy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari asosida qurilgan.

Har ikki davlat ham mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil rivojlantirmoqda. Bu jarayonda har bir mamlakatning uzoq muddatli va izchil rivojlanishi butun mintaqaning barqarorligi va farovonligi bilan uzviy bogʻliqligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Mintaqa xalqaro diplomatiya, siyosiy faollik va iqtisodiy rivojlanishning yangi markazi sifatida shakllanmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi doirasida samarali muloqot olib borilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlari mintaqani xalqaro hamkorlikning tobora muhim mexanizmlariga aylanib borayotgan “Markaziy Osiyo +” platformalari doirasida ham birlashtirishga sodiq ekanliklarini namoyish etmoqdalar.

1992-yil noyabr oyida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon Oʻzbekiston va Qozogʻiston ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama hamkorlikning dinamik modelini namoyish etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-23-mart va 2021-yil 5-6-dekabr kunlari Qozogʻistonga davlat tashriflari, shuningdek, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2019-yil 14-15-aprel va 2022-yil 21-22-dekabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari yangi bosqichdagi oʻzaro hamkorlik uchun kuchli turtki boʻldi. Ushbu tashriflar natijasida bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar toʻplami imzolandi. Davlatlarimiz oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni misli koʻrilmagan yuqori darajaga koʻtargan chinakam tarixiy voqea boʻldi.

Ikki davlat xalqaro siyosat masalalarida bir-birini qoʻllab-quvvatlab, xalqaro tashkilotlar – BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik koʻplab masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari oʻxshash yoki yaqin.

Bu borada ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi muntazam aloqalar muhim oʻrin tutadi. Joriy yilning fevral oyi oʻrtalarida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan Qozogʻistonda boʻldi. Tashrif davomida Oʻzbekiston  TIV rahbari Prezident Qasim-Jomart Toqayev  tomonidan  qabul  qilindi va Bosh vazir oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Xususan, soʻnggi yillarda delegatsiyalar almashinuvi faollashdi, parlamentlar palatalari oʻrtasida muloqot yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, 2022-yil fevral oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Parlamentlararo hamkorlik kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolandi. 2023-yil oktyabr oyida Qozogʻiston  Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanovning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Parlamentlararo hamkorlik kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Qozogʻiston Oʻzbekistonning uchinchi yirik tashqi savdo hamkori boʻlib, mamlakatimiz umumiy savdo hajmining 9,3 foizini tashkil etadi. Soʻnggi besh yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash pandemiya oqibatlariga qaramay barqaror oʻsib bormoqda. 2023-yilda bu koʻrsatkich 4,4 milliard AQSH dollarini tashkil qildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1250 dan ortiq Qozogʻiston korxonasi, Qozogʻistonda esa oʻzbek kapitali ishtirokida 1400 dan ortiq kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan yana biri – bu transport kommunikatsiyalari sohasidir. Mamlakatlarimiz avtomobil va temir yoʻllari oʻzaro integratsiyalashgan. Ushbu muhim aloqa tarmogʻi uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini oʻtayapti. 2023-yilda temir yoʻl transportida xalqaro tashish hajmi 23,46 million tonna, avtomobil transportida 2,1 million tonna, havo transportida esa 90 ming tonnani tashkil etdi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning faol yoʻnalishlari investitsiya, sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalardir. Bu saʼy-harakatlarga qoʻshimcha turtki berish maqsadida qoʻshma Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etildi.

Hududlararo aloqalar oʻzaro hamkorlikning yanada  mustahkamlanishiga sabab boʻlayotir. 2018-yildan boshlab ikki tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo hamkorlik forumi ishga tushirildi. Bugungi kunga qadar uchta shunday forum oʻtkazildi. Ikki davlatning chegaradosh viloyatlari rahbarlari oʻzaro mahsulot yetkazib berish, yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinlikdagi yaxshi qoʻshnilar, shuningdek, Markaziy Osiyo salohiyatini mustahkamlash, butun mintaqada tinchlik va farovonlikni taʼminlashga hissa qoʻshayotgan ishonchli strategik hamkorlardir.

Qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari Markaziy Osiyoning qadimiy tamaddunining vorislari boʻlib, ular oʻz ajdodlarining anʼanalari, qadriyatlari, madaniy-maʼnaviy merosini asrab-avaylab kelmoqda. Ushbu  muhim omil ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayapti.

Tarixiy aloqalarni mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat hududlarida istiqomat qilayotgan oʻzbek va qozoq millatlari vakillari ham munosib  hissa qoʻshmoqda. Yurtimizdagi qozoq millati vakillarining oʻz ona tilini asrab-avaylashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, yurtimizda  400 ta maktabda qozoq tili oʻqitiladi, 162 ta maktabda taʼlim faqat qozoq tilida tashkil etilgan. Qozoq tilida oliy va kasb-hunar taʼlimi olish uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlarida qozoq tili va adabiyoti fakulteti va kafedralari mavjud.

Oliy taʼlim sohasida ikki mamlakat universitetlari oʻrtasida hamkorlik boʻyicha 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar tuzilgan. 2022-yil 22-dekabr kuni Oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Oʻzbekistonda har yili Qozogʻiston oliy oʻquv yurtlarining koʻrgazma va yarmarkalari – Qozogʻiston taʼlimi kunlari oʻtkaziladi. Ularda mahalliy konsalting kompaniyalari koʻmagida Qozogʻistonning 40 ga yaqin universitetlari vakillari qatnashadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida 4 ta qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirilyapti va ularda 188 nafar talaba tahsil olmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat Fanlar akademiyalari oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. U anʼanaviy tarzda ixtisoslashgan institutlar darajasida amalga oshiriladi. Davlat rahbarlari oʻrtasidagi muloqotlarda ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga intilish qatʼiy taʼkidlanadi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻistonda koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar – madaniyat va kino kunlari, sport musobaqalari oʻtkazilayotganini ham alohida taʼkidlash kerak. Oʻzbekiston va Qozogʻistonning ijodiy jamoalari ikki mamlakatda oʻtkazilayotgan xalqaro tanlov, festival, yarmarka va koʻrgazmalarda muntazam ishtirok etmoqda.

2022-yilda Oʻzbekiston boʻylab qozoq xalqining buyuk farzandi, maʼrifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va doʻstlik kuychisi Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi. 2022-yil dekabr oyida Oʻzbekistonga oliy darajadagi davlat tashrifi chogʻida ikki davlat rahbarlari buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri merosiga bagʻishlangan koʻrgazmani birgalikda tomosha qildilar.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bunday tadbirlar yaqin doʻstona rishtalarni mustahkamlash  barobarida, ikki  xalqning shonli oʻtmishi va bugungi hayotiga oʻzaro qiziqishni yaqqol namoyon etadi.

Ikki tomonlama hamkorlikning yana bir istiqbolli yoʻnalishi – bu turizmdir. Davlatlarimizning geografik jihatdan yaqinligi, shuningdek, ulkan tarixiy-madaniy meros va sayyohlik imkoniyatlari mavjudligini inobatga olgan holda tomonlar yagona turizm brendini yaratish va sayyohlik klasterlarini tashkil etish masalasini koʻrib chiqmoqda.

2021-yil yanvar oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida oʻzaro sayyohlik oqimini koʻpaytirishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Oʻzaro sayyohlik oqimini koʻpaytirish  yoʻnalishidagi ishlar samarasi  oʻlaroq, mamlakatimizga kelayotgan qozogʻistonlik turistlar soni izchil ortib borayapti. Xususan, qoʻshni davlatdan yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni 2021-yildan buyon uch baravarga oshib, 1,3 millionga yetdi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va keng koʻlamli sheriklikni mustahkamlash tarafdori boʻlib kelgan. Prezident Qasim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga boʻlajak tashrifi esa mavjud oʻzaro manfaatli hamkorlik va konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlaydi. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net