Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi: yangi imkoniyatlar maydoni

15.04.2024 03:00

15-aprel kuni Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston, xususan, Toshkent shahri, Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixiy aloqalar, madaniy almashinuvlar va bugungi kunda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan salohiyatga asoslangan mintaqalararo bogʻliqlikning yangi formatiga amaliy surʼat bagʻishlaydigan muhim xalqaro forum oʻtkaziladigan manzilga aylanmoqda.

2022-yilning 7-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida “Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.

Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Oʻmon, Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollarini muhokama qildilar.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari bir-birini ishonchli hamkorlar deb biladi. Formatning barcha ishtirokchilari ikki mintaqaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorligini kengaytirishdan manfaatdor.

Ikki mintaqa oʻrtasidagi tarixiy aloqalar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirishning muhim asosi sanaladi. Qadimdan Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari xalqlari oʻrtasida yaqin savdo aloqalari, umumiy qadriyatlar va anʼanalar mavjud boʻlgan. Albatta, muqaddas Islom dini xalqlarimizni birlashtiruvchi qudratli omil hisoblanadi.

Format istiqbollarini 2023-yil 19-iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari tasdiqlaydi. Oliy darajadagi sammitda davlat yetakchilari oʻzaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasini tasdiqladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda soʻzga chiqib, ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega Koʻrfaz davlatlarining global barqarorlik va energetika xavfsizligini taʼminlashdagi oʻrnini alohida taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari ijobiy tajribadan kelib chiqib, ikki mintaqa oʻrtasida siyosat, texnologiya va investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, ekologiya va iqlim oʻzgarishi, turizm, madaniyat va taʼlim kabi qator muhim yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari barcha ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari tomonidan yakdil qoʻllab-quvvatlandi.

Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 1981-yil 25-mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilotdir. Unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Oʻmon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy maqsadi – siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik va integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, yaʼni iqtisodiy va moliyaviy masalalar, taʼlim va madaniyat, ijtimoiy va sogʻliqni saqlash, ommaviy axborot vositalari va turizm, qonunchilik va boshqaruv muammolari kabi sohalarni tartibga solishdan iborat. Kengash, shuningdek, sanoat, qishloq xoʻjaligi va suv resurslarini muhofaza qilish sohalarida ilmiy va texnologik taraqqiyotni ragʻbatlantiradi.

Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Koʻrfaz arab davlatlari bilan aloqalari yangi pogʻonaga koʻtarildi. Oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Ushbu tuzulmaga aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro tovar ayirboshlash, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar soni izchil ortib borayotir. Ular orasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Mubadala”, “TACA”, “Nebras Power” kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini hamda energiya saqlash inshootlarini qurish kabi  muhim loyihalar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish joiz.

Boʻlajak Toshkent uchrashuvi, shubhasiz, tomonlarning bir-birining salohiyatini  toʻliq roʻyobga chiqarish yoʻlidagi navbatdagi qadami boʻlib, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat  qiladi.

 “Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net