Bugun nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga javob topishga intilmoqda. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining koʻpayishi, yerning ustki qobigʻi haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy ofatlarning tez-tez takrorlanishi, choʻllanish jarayonining oʻsishi va boshqalarni kiritish mumkin
Mutaxassislar iqlim oʻzgarishi tabiiy ofatlarning yangi turlari paydo boʻlishiga sharoit yaratishi bilan birga, mavjud tabiiy ofatlarning zarar yetkazish kuchini bir necha barobar oshirishi, hattoki, boshqarib boʻlmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini aytmoqda.
Xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar iqlim oʻzgarishi dunyoning qator hududlarida turli darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirishini taxmin qilyapti. Xususan, Jahon banki maʼlumotiga koʻra, iqlim oʻzgarishi kuchli ichki migratsiyaga sabab boʻlib, 2050-yilgacha dunyoning oltita mintaqasida yashayotgan 216 million nafar inson oʻzlari yashayotgan makonni tark etib, boshqa hududlarga koʻchishga majbur boʻladi. Bu mintaqalar orasida Markaziy Osiyo hamda unda yashayotgan 5 milliondan ortiq aholining ham borligi ushbu muammoning mintaqa davlatlari uchun juda dolzarb ekanligini isbotlaydi.
Shu bois iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va mavjud muammolarni bartaraf etish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator Qaror va Farmonlari eʼlon qilinmoqda. Jumladan, mintaqada oʻrtacha havo harorati har yili koʻtarilib borayotganligi oqibatida suv tanqisligi, shoʻrlanish va tuproq degradatsiyasining oldini olish, qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish hamda uning iqlimga boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqlim oʻzgarishiga nisbatan barqaror agroekotizimni yaratish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflarga moslashuvchanligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan mintaqada oʻrtacha havo harorati har yili koʻtarilayotganligi oqibatida suv tanqisligi, shoʻrlanish va tuproq degradatsiyasining oldini olish, qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va uning iqlimga boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida, Qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirlarini yumshatishga qaratilgan Milliy dastur tasdiqlandi.
– Iqlim oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish;
–iqlim oʻzgarishlari sharoitida qishloq xoʻjaligi sohasida xalqaro grant loyihalari doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
– iqlim oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish;
– qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
– yaylovlardan samarali foydalanishni hamda ularni muhofaza qilishni tashkil etish kabi ishlar Milliy dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
Shuningdek, mazkur qarorda qishloq xoʻjaligi sohasini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvatlash va ragʻbatlantirish tadbirlari uchun BMTning Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda iqlimga moslashuvchan qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini kengaytirish va agrar sohaning unga boʻlgan taʼsirini yumshatish” dasturi doirasida 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻi, qolaversa, Yevropa Ittifoqi, Global ekologik jamgʻarmasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) kabi xalqaro tashkilotlarning grant mabagʻlari Orolboʻyi mintaqasida hamda mamlakat qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq loyihalar uchun yoʻnaltirilishi belgilab berilgan.
Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan ham gen-nkaut va markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini qoʻllash orqali iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari – qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli mahalliy navlarni yaratish ustida samarali izlanishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuproq-iqlim sharoiti uchun eskimo geni asosida gʻoʻzaning qurgʻoqchilikka, shoʻrga va sovuqqa chidamli Matonat-1, Matonat-2 navlari yaratildi. Ushbu navlardan 2025-yilda 4,5 tonnadan urugʻlik tayyorlanib, 200 gektarga ekish rejalashtirilgan boʻlsa, 2026-yilda 90 tonnadan urugʻlik tayyorlanib,4 ming gektarga ekish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli mahalliy Triticum aestivum L yumshoq bugʻdoy navidan biotexnologik BARKAMOL navi yaratildi. Kelgusi yilda 4 tonna urugʻ tayyorlanib, 20 gektar maydonga ekiladi.
Shu bilan birga, global iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish va havoga qishloq xoʻjaligi ekinlari, xususan gʻoʻza qoldiqlari(poya va ildiz) parchalanishidan chiqayotgan karbonat angidrid (SO2) gazini chiqmasligini taʼminlash uchun ildiz va poyalarda juda sekin parchalanadigan suberin polimeri toʻplaydigan yangi avlod gen-nokaut liniyalari olindi va sinovdan oʻtkazilmoqda. Bu Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ekinlarining yanada “yashilligi”ni taʼminlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mamlakatda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, chang boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash, ihota daraxtzorlarini barpo etish orqali chang boʻronlari sodir boʻlish xavfini kamaytirish hamda ularning salbiy oqibatlarini yumshatish, chang boʻronlaridan aholini erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora –tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, yaylovlardan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, mahalliy yaylov oʻsimliklarning navlarni yaratish, yaylov ekinlari urugʻchiligining ilmiy asoslarini va choʻlda intensiv ozuqa ishlab chiqarishning adaptiv tizimini ishlab chiqish, degradatsiyaga uchragan yaylov uchastkalarini aniqlash, geobotanik, tuproq, melioratsiyasi boʻyicha izlanishlar oʻtkazish hamda ularning elektron xaritalarini yaratish va shu asosda tadbirlarni amalga oshirish hamda hududlarda past rentabelli, eskirgan, siyraklashib ochiq maydonga aylangan bogʻ va uzumzorlar oʻrnida yangi intensiv bogʻ-tokzorlar barpo qilish hisobiga yashil hududlarni koʻpaytirish borasida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Qarorda keltirilganidek, Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha
2024-2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur ishlab chiqilgan boʻlib, Dasturning 14-bandida belgilangan “Surxondaryo viloyatida afgʻon shamolining salbiy taʼsirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 2024-2030-yilarga amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, Afgʻon shamoli xavf tugʻdiradigan hududlarda past rentabelli, eskirgan, siyraklashib ochiq maydonga aylangan bogʻ, uzum va tutzorlar oʻrnida yangi intensiv bogʻ-tokzorlar barpo qilish, afgʻon shamoli esadigan hududlarda mavjud bogʻ va uzumzor maydonlariga intensiv texnologiyalar (tomchilatib sugʻorish, uzumzorlarga shpaller oʻrnatish va boshqa intensiv usullar)ni joriy etish kabi bir qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Prezidentning 2019-yil 22-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish boʻyicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4204-son qarorining ijrosi yuzasidan mamlakatda bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Respublikada 21,2 mln gektar yaylovlar mavjud boʻlib, shundan, 16,6 mln gektari choʻl va 4,5 mln gektari togʻ va togʻoldi yaylovlarni tashkil etadi.
Mavjud yaylovlarning 16,3 mln gektari Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining doimiy foydalanishida, 3,1 mln gektari oʻrmon fondi hisobida hamda qolgan 1,8 mln gektar yaylovlar boshqa tashkilotlarga taalluqli hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan har yili davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazib borilmoqda.
Jumladan, Respublika boʻyicha 16,8 mln gektar yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilgan, 13 foiz yaylovlar degradatsiyaga uchraganligi va 32 foiz yaylovlarda oʻsimlik qoplamasi keskin kamayib ketganligi aniqlangan.
2024-yil yakuniga qadar 4,2 mln gektar yaylovlarda geobotanik tadqiqot ishlari toʻliq yakunlanib, ularning elektron raqamli xaritalari ishlab chiqiladi hamda ushbu yaylovlarning holati, oʻsimlik qoplamasi miqdori va degradatsiyaga uchragan qismida yaylovlar holatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlarga koʻra, hududlardagi yaylov maydonlarida jami 2 908 dona suv xoʻjaligi inshootlari (1 014 dona tik quduq, 1 894 dona shaxtali quduqlar) mavjud.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 535 dona, Buxoroda 396 dona, Jizzaxda 338 dona, Qashqadaryoda 303 dona, Navoiyda 1 052 dona, Samarqandda 210 dona, Surxondaryoda 71 dona va Xorazmda 3 dona sugʻorish quduqlari mavjud boʻlib, shundan 2023-2024-yillarda 167 ta yangidan suv chiqarish inshootlari tashkil etildi va 36 ta suv inshootlariga resurstejamkor agregatlar oʻrnatilgan.
Joriy yilda davlat byudjetidan sugʻorish quduqlarini tashkil qilish maqsadida 21 mlrd soʻm miqdorda subsidiya mablagʻlari ajratilishi belgilangan.
Chorvachilik sohasining asosiy ozuqa bazasidan biri hisoblangan yaylov yerlarida 2024-2026-yillarda degradatsiyaga uchragan 677 ming gektar yaylovlarni tiklash va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilinishini taʼminlash choralari koʻriladi. Bunda, ushbu yaylov yer maydonlarida choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligini tashkil etish, oʻsimlik qoplami kamaygan yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimini joriy qilish hamda deltaplanlar va boshqa uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida urugʻlar sepish ishlari amalga oshiriladi.
Degradatsiyaga uchragan yaylovlar holatini yaxshilashda Italiyaning Delfino 3 shudgorlash agregati (plug) orqali yomgʻir suvi va suv oqimlarini, shuningdek yengil tuproq, organik moddalar, urugʻlar kabi boshqa resurslarni toʻplaydigan kichik hovuzlar (mikrobasseyn) va yer osti “choʻntak”lari tizimi hosil qilinadi.
Tizimni qoʻllash orqali yomgʻir suvining mikrobasseynlarda toʻliq toʻplanishi, bugʻlanishning sezilarli kamayishi pasayishiga, yaylov oʻtlarini unumdorligi oshishiga hamda yaylovlarda bio xilma-xillik saqlanishiga erishiladi.
Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham bir muncha ishlar amalga oshirildi. Xususan, hukumatning 2024-yil 7-martdagi 144-F-sonli farmoyishga asosan 2024-yil bahorda jami 64,6 mln dona shundan, dala chetida 34,9 mln tup ihota daraxtlar, 29,7 mln tup mevali koʻchatlar, tokzor va tut ekish belgilangan.
Amalda jami 66,6 mln dona koʻchatlar ekildi. Shundan, fermer va klasterlar dala chetida 36,4 mln dona ixota daraxtlar hamda yangi tashkil etilgan bogʻ va tokzorlarda 30,1 mln dona koʻchat ekildi.
2024-yil kuz mavsumida fermer va klasterlarda jami 37,4 mln dona koʻchat hamda qalamchalar ekilishi taʼminlanadi.
Bugungi kunda hududlarda 59 ta koʻchatchilik xoʻjaliklari faoliyat yuritayotgan boʻlib, mazkur xoʻjaliklarda joriy yil kuz oylarida yangi bogʻ-tokzorlar barpo etish uchun jami 22,4 mln dona (shundan 9,4 mln dona mevali, 13 mln dona tok) koʻchatlari tayyorlandi. Oʻzbekiston koʻchat import qiluvchidan eksport qiluvchi davlatlar qatoriga oʻtib, keyingi 3 yilda 7,5 mln dona (2,8 mln doll) meva va boshqa koʻchatlar eksport qilindi.
Respublika boʻyicha barcha toifada 358 ming ga bogʻ va 196 ming ga uzumzor mavjud. 2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 26,4 ming ga mevali bogʻ va 101 ming ga tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari 2024-yil kuz va 2025-yilda 43,2 ming gektar maydonga sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar barpo etiladi.
Ayni paytda Oʻzbekiston hukumati iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-taqdirlarni hamkor davlatlar bilan birgalikda nafaqat mamlakat yoki mintaqa miqyosida balki, dunyo miqyosida amalga oshirish tarafdori. Shu bois qoʻshni Tojikistonda va Ozarbayjon Respublikasida “Doʻstlik bogʻlari”ni tashkil etishdek xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ham iqlim oʻzgarishning oldini olish, ham oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdek global muammolarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bir soʻz bilan aytganda bugun iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlaridan dunyo davlatlari birdek aziyat chekmoqda. Shu bois, unga qarshi kurashda nafaqat yon qoʻshni davlatlar birgalikda harakat qilish, balki dunyo davlatlari birgalikda samarali saʼy harakatlarni amalga oshirsagina koʻzlangan maqsadlarga erishiladi.
Ibrohim Abdurahmonov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Qishloq xoʻjaligi vaziri