SAUDIYA ARABISTONI NASHRLARI O?ZBEKISTON VAKILLARINING HAJ MAVSUMIDAGI ISHTIROKI HAQIDA MAQOLA E’LON QILDI

01.08.2019 15:14

AR-RIYoD, 1 avgust. /”Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining yetakchi «Al-Riyadh» va «Al-Jazirah» gazetalari O‘zbekiston vakillarining «Haj-2019» mavsumidagi ishtiroki haqida maqola e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Maqolada O‘zbekistonda haj va umra ziyoratlarining tashkiliy ishlari mamlakat Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Muallif O‘zbekiston haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillaridan tashkil topgan delegatsiya 2019 yil yanvar oyida Saudiya Arabistoni haj ishlari vaziri Muhammad Solih Binten bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgani haqida yozgan.

 “Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida Haj shartnomasi imzolandi va haj tartibоtlari va jadvali buyicha O‘zbekiston hojilarini harakatlanishi yuzasidan barcha masalalar muhokama etildi”, deb ma’lum qilgan O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov nashrlarga bergan intervyuda.

 Haj vaziri M.Binten mamlakatimiz vakillari bilan muloqotda O‘zbekiston tomonidan barcha tashkiliy ishlar o‘z vaqtida va bekamu-ko‘st hal qilinayotganini e’tirof etgan.

 Bu yilgi mavsumda o‘zbekistonlik 7 ming 200 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga kelib, muborak haj safari amallarini bajarishmoqda.

 “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ziyoratchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish, haj xarajatlarini yanada arzonlashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yurtdoshlarimizni cheksiz quvontirdi, - deydi mamlakatimiz elchisi saudiyalik muxbirlarga. - Haj safari bilan bog‘liq tashkiliy ishlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Masalan, ilgari hojilarimiz ikki va uch yulduzli mehmonxonalarda yashagan bo‘lsa, 2019 yilda Madina shahridagi 5 yulduzli “Pullman Zamzam” mehmonxonasi, Makka shahridagi 4 yulduzli “Abraj al-Hidaya” mehmonxonasi ijaraga olindi. Bu esa ziyoratchilarimiz bor diqqat-e’tiborini ibodat qilishga qaratishida yana bir muhim omil bo‘lmoqda”.

 Saudiya Arabistoni nashrlari jurnalistlari o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoit yaratish ishlari maxsus ishchi guruhi, O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi va Saudiyaning “Al-Hidaya” shirkati hamkorligida tashkil etilayotganini xabar qilgan.

 Maqolada O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimiz vakillarining haj va umra ziyoratlarini mukammal bajarishini tashkil qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net