DEHLIDA O?ZBEKISTON QUROLLI KUCHLARI KUNI NISHONLANDI

30.01.2019 16:36

Shu kunlarda mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 27 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Hindiston Mudofaa vazirligi, harbiy institutlari va tadqiqot markazlari vakillari, shuningdek Dehlidagi xorijiy davlatlar elchixonalari mudofaa va harbiy attashelari apparatlari rahbarlari ishtirok etdi.

 Yig‘ilganlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi va rivojlanish bosqichlari, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, harbiy qismlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda respublikamizda olib borilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

 Tadbir ishtirokchilariga qo‘shinlarning jangovar shayligini ko‘zdan kechirish va harbiy qismlarda olib borilayotgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari to‘g‘risida, shuningdek mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti aks etgan videolavhalar taqdim etildi.

 Shuningdek, tadbir davomida Nihol mukofoti sovrindori, “Havas” guruhi xonandasi Qahramon G‘ulomjonov mehmonlar uchun o‘zbek va hind tillarida qo‘shiqlar kuyladi.

 Ta’kidlash joizki, ayni vaqtda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi harbiy va harbiy texnik hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan yil Hindistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida Harbiy ta’lim sohasida memorandum imzolangan edi. Shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi diplomatik vakolatxonasi huzurida harbiy attashe apparati o‘z ish faoliyatini boshladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net