BEMOR HAMYURTIMIZNING ONASI KOREYA RESPUBLIKASIGA KIRISH VIZASINI OLDI

09.04.2019 11:06

Vatandoshimiz Abram Oqilovning Koreya Respublikasining klinikalaridan birida og‘ir ahvolda bo‘lib turgani to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda va ko‘plab ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Yurtdoshimizga yordam ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan tezkorlik bilan va o‘z vaqtida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay internet tarmog‘ida turli mish-mishlar va asossiz ayblovlar tarqaldi. Jumladan, jabrdiyda fuqaromizning volidasi va singlisi Koreya Respublikasiga borishlari uchun viza olishlarida muammolarga duch kelganliklari, Elchixona va Vazirlik esa bu borada yordam qo‘lini cho‘zmagani qayd etildi.

Mazkur voqeaga oydinlik kiritish maqsadida “Dunyo” axborot agentligi muxbirlari Abram Oqilovning onasi Nasiba G‘ofurova bilan suhbatlashdi.

– 2019 yilning 4 aprel kuni men Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga Koreya Respublikasiga borish uchun viza olishda yordam so‘rab murojaat qildim, – dedi N.G‘ofurova. – Murojaat qilganimdan ikki kun o‘tib, ya’ni 6 aprel kuni viza tamg‘asi urilgan pasportimni qo‘limda ushlab turibman. Endilikda iloji boricha tezroq muddatda Koreya Respublikasiga uchib borib, o‘g‘limni bag‘rimga bossam deyman.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Koreya Respublikasi Elchixonasi kimga va qachon viza berish yoki bermaslik masalasini mustaqil ravishda hal qiladi. Shunga qaramasdan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti fuqaromizga viza olishda imkon qadar barcha ko‘makni berdi. Natijada Koreya Respublikasi tomoni istisno tariqasida tezkorlik bilan viza rasmiylashtirishga rozi bo‘ldi

Ko‘z yoshlarini yashira olmayotgan suhbatdoshimiz Tashqi ishlar vazirligiga ko‘mak ko‘rsatgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

– Hech bir onaning farzandi bunday holatga tushmasin ekan. Bunday tashvishdan so‘ng na uyqumda va na hayotimda halovat bor. Eng muhimi, tez kunda o‘g‘limning diydoriga yetishaman. Oilamizga har tomonlama yordam berayotgan Vazirlik xodimlariga o‘zimning qalb so‘zlarimni bildirmoqchiman, – deya ta’kidladi N.G‘ofurova.

Eslatib o‘tish joizki, A.Oqilov 2017 yil 25 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish Agentligi shartnomasi asosida Koreya Respublikasiga ishga ketgan. 2018 yilning 27 iyulida koma holatiga tushib kasalxonaga yotqizilgan. O‘tgan muddat davomida O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi xodimlari bemor davolanayotgan kasalxonaga hamda u ishlagan zavodga borib, mas’ul shaxslar bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazgan. Shuningdek, diplomatlar 2019 yilning 22 mart kuni A.Oqilovga sug‘urta va tovon puli to‘lanishi masalasini ko‘rib chiquvchi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdilar. Muhimi, ushbu yig‘ilishda bemorning akasi Aziz Oqilov ham bevosita qatnashib, savol-javob tariqasida o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olgan.

Komissiya, ko‘rilayotgan ishga ba’zi aniqliklar kiritilishi va o‘rganilishi lozimligi bois, yakuniy xulosa chiqarish uchun ma’lum muddat talab etilishini bildirgan. O‘z navbatida, Elchixona tomonidan sug‘urta kompaniyasi mas’ul xodimi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur masalani tezroq yakuniga yetkazishda amaliy yordam berilishi so‘ralgan.

O‘zbekistonning Koreyadagi Elchixonasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Korean air” va ”Asiana airlines” aviakompaniyalariga A.Oqilovning ahvoli yaxshilanishi bilan uni O‘zbekistonga yuborish uchun bepul aviachiptalar ajratishni so‘rab rasmiy murojaatlar yuborgan.

Shuni qayd etish joizki, kasalxona ma’muriyati tomonidan Aziz Oqilovga uning ukasiga ko‘rsatilgan tibbiy yordam uchun xarajatlar miqdori aytilgan bo‘lsada, undan hech qanday to‘lov talab qilinmagan.Kasalxona ma’muriyati mazkur xarajatlar sug‘urta kompaniyasi qaroridan so‘ng amalga oshirilishiga rozilik bildirdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 5 apreldagi PF-5400-son Farmoniga muvofiq, xorijdagi mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlarini diplomatik va xalqaro-huquqiy vositalar orqali himoya qilish Tashqi ishlar vazirligining ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Shunday ekan, Vazirlik va uning tizimiga kiruvchi barcha idoralar, shu jumladan, chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mazkur yo‘nalishda o‘z vakolatlari doirasida barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Vatandoshimiz Abram Oqilov bilan yuz bergan achinarli holatda ham Tashqi ishlar vazirligi va Koreya Respublikasidagi Elchixonamiz mas’ul xodimlari tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshimizga amaliy yordam berish uchun keng ko‘lamli choralar ko‘rilgan va bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Suhbatimiz yakunida biz A.Oqilovning onasi Nasiba G‘ofurovaga farzandini tez orada sog‘ayib, yurtimizga, oilasi bag‘riga qaytib kelishini tilab qoldik.

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net