Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni

06.03.2023 17:56

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullandi.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi va Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma (Germaniya) tomonidan 2023-yil 23-fevral kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati oʻtkaziladi.

Shu oʻrinda quyidagilarni taʼkidlash joiz, deb bilamiz.

Dunyo miqyosida inson qadri va huquqlariga boʻlgan eʼtibor, parlamentlar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati oshib borayotgani

Birinchi. 2015-yilning sentyabr oyida BMT sammitida 2030-yilgacha boʻlgan barqaror rivojlanish Kun tartibi va uning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) tasdiqlandi. Mazkur “Kun tartibi, bu – odamzod, sayyora va farovonlik yoʻlidagi harakat rejasi” hisoblanib, u “yanada erkinroq sharoitlarda umumbashariy tinchlikni mustahkamlash, barqaror tinchlik va taraqqiyotni taʼminlash gʻoyasiga asoslangan, shuningdek, jahon hamjamiyati tomonidan oʻzaro bogʻliq va globallashayotgan dunyoda mavjud yoki yuzaga keladigan asosiy muammolarni hamkorlikda bartaraf etish uchun birgalikda faol choralar koʻrishga yoʻnaltirilgan”.

BRM esa – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda inson huquqlari boʻyicha boshqa asosiy xalqaro shartnomalarga asoslangan boʻlib, ularning oʻziga xos kvintessensiyasi va davom ettiruvchisidir. BRMda inson qadri va uning huquqlarini taʼminlashga boʻlgan zamonaviy dunyoqarash aks ettirilgan. BRMlar oʻzaro chambarchas bogʻliq, bir-birini toʻldiruvchi va mustahkamlovchi boʻlib, barqaror rivojlanishning “uchta ustuni” – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni taʼminlashga qaratilgan.

Ikkinchi. BRMni ishlab chiqish jarayonida BMTga aʼzo davlatlar hukumatlari bilan bir qatorda parlamentlar, 1500 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etdi. Shu maʼnoda BRM, albatta BMT, davlatlar va “global fuqarolik jamiyati” oʻrtasidagi uzoq muddatli maslahat jarayonining natijasidir.

Uchinchi. XXI asrda birgina BMT va “BMT oilasiga aʼzo” xalqaro tashkilotlar doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, faoliyati uchun qulay siyosiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish, xususan ularning fuqarolar jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini taʼminlash, BRMga erishish jarayonlaridagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash kabi masalalarda davlatlarning majburiyatlari va vazifalarini belgilab bergan 100 dan ziyod xalqaro-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Zero, uch oʻzaro bogʻliq masala – fuqarolik jamiyati institutlarining qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki, ularning “faoliyat makonini kengaytirish” va himoya qilish, kuchli va faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, barqaror rivojlanish, tinchlik, xavfsizlik hamda barqarorlikni taʼminlashning muhim va zarur sharti hisoblanadi.

Toʻrtinchi. BMTning tegishli hujjatlarida parlamentlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati uchun nafaqat qulay va zarur shart-sharoitlar yaratish, balki ushbu institutlarning BRMga erishish borasidagi asosiy vazifalari ham belgilab berilgan:

• BRMlarni, inson qadri, erkinliklari va huquqlarini taʼminlash masalalarini, avvalambor, davlatlar konstitutsiyalari va qonunlariga singdirish, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida, xususan, qarorlar qabul qilinishidagi ishtirokini taʼminlovchi, umumtanolingan xalqaro demokratik standartlarga javob beruvchi va odil sudlovdan samarali foydalanishni kafolatlovchi meʼyoriy-huquqiy asosni shakllantirish;

• davlatlar taraqqiyotini belgilab beruvchi strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlarning milliy BRMlarni hayotga tatbiq etilishiga xizmat qilishiga erishish;

• BRMlarga erishish borasida kuchli parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, bu borada aholi xabardorligini oshirish, davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga koʻmaklashish;

• BRM sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish;

• davlat byudjetini ishlab chiqish va amalga oshirishda milliy BRMlarni inobatga olish va sohaga zarur mablagʻlar ajratish (“BRM yoʻnaltirilgan byudjetlar” qabul qilish);

• jamiyatda inson qadri, huquqlari va erkinligi hamda barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish sohalaridagi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish tizimini rivojlantirish;

• BRM sohasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun fuqarolik jamiyati institutlarini zarur resurslar bilan taʼminlash va uzoq muddatli qoʻllab-quvvatlash;

• parlament faoliyatida, rahbarlik lavozimlariga tayinlashda, barcha darajadagi muhim qarorlarni qabul qilishda ayollarning teng huquqlilik asosida ishtirokini taʼminlash;

• BRM sohasida xalqaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xususan, “parlament va xalq diplomatiyasi” institutlari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish va hokazo.

Shuningdek, Barqaror rivojlanishning ijtimoiy maqsadlariga erishishda, ayniqsa parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining roli oʻta muhim sanalib, u bugungi kunda taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, ekologiya, ijtimoiy himoya kabi sohalarda mahalliy jamoalarning fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bu borada Yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “ochiq byudjet” siyosati nafaqat xalqimiz, shuningdek xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanayotganini alohida eʼtirof etish zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, soʻnggi yillarda dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgan “hech kimni ortda qoldirmaslik” gʻoyasiga asoslangan inklyuziv siyosat yuritish, masʼuliyatli, samarali va hisobdor institutlarni yaratish va ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, parlament va jamoatchilik nazorati hamda ijtimoiy hamkorlikni jadal rivojlantirish, bu borada jamiyatda hamfikrlikka erishish BRMlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur va muhim shartlaridandir.

Prezidentimiz tashabbusining yuksak eʼtirofi

Birinchidan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mazkur “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilinishi Prezidentimiz tashabbusining xalqaro eʼtirofidir.

Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi takliflari asosida BMT Bosh Assambleyasining 10 dan ziyod tegishli rezolyutsiyasi qabul qilinishi – Prezidentimizning xalqaro huquq sohasidagi tashabbuslari natijasidir.

Ikkinchidan, Oliy Majlis Prezidentimiz tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, BMT ushbu rezolyutsiyasi qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishiga koʻmaklashishda “parlament diplomatiyasi” instituti imkoniyatlaridan ham keng fodalanmoqda.

Masalan, bu borada 2021-yil Buxoro shahrida oʻtkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi parlament forumi, 2022-yil Toshkent shahrida oʻtkazilgan Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammiti, ushbu xalqaro forumlar doirasida qabul qilingan tegishli Buxoro va Toshkent deklaratsiyalari nafaqat BRMga erishish, balki ushbu jarayonlarda parlamentlarning rolini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Parlament, shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlar, jamiyat va davlatimizning taraqqiyotiga oid yaqin va uzoq kelajakka moʻljallangan strategiya va dasturlarning “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil hamda inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirish, “milliy BRMga yoʻnaltirilgan byudjet” qabul qilish, sohada ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oliy Majlisimizning dunyodagi 179 milliy parlamentni birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqdagi vakillari faoliyati ham ushbu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.

Uchinchidan, 2022-yil 29-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari haqida”gi Qoʻshma qarori qabul qilindi.

Qoʻshma qaror, jumladan, ushbu BMT rezolyutsiyasida va 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish hamda Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlariga erishishda parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida samarali ijtimoiy hamkorlik oʻrnatishga yoʻnaltirilgan.

Qoʻshma qaror bilan 13 yoʻnalish boʻyicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda, xususan:

• nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish, tegishli yoʻnalishlarda davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish hamda davlat granti tanlovlarini eʼlon qilish;

• global va milliy BRMga erishish, rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari hamda “Yoʻl xaritasi” doirasida erishilgan natijalar haqida milliy va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilib borish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur Qoʻshma qaror Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uygʻundir.

Parlamentlararo Ittifoq (PI) BMTning ushbu rezolyutsiyasi va mazkur Qoʻshma qarorni nafaqat ijroiya hokimiyati, balki vakillik va sud xokimiyatlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyatining BRMga erishishdagi hamkorligi va birgalikdagi harakatiga asos boʻlishini alohida taʼkidlamoqda. Shu munosabat bilan ularni joriy yil sentyabrda boʻlib oʻtadigan BRM boʻyicha dunyo sammitiga tayyorgarlik yoʻlidagi muhim asos sifatida baholab, BMT va PIning rasmiy hujjati sifatida tarqatishni moʻljallamoqda.

Toʻrtinchidan, mazkur davra suhbatining oʻziga xos jihati shundan iboratki, uni tashkillashtirish tashabbusi aynan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surildi va parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Davra suhbati natijasiga koʻra, fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida hamda fuqarorlik jamiyati institutlari bilan davlat tashkilotlari oʻrtasida sohadagi ijtimoiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolanishi nazarda tutilgan.

Yaʼni BRMga erishish va Taraqqiyot strategiyasi, Qoʻshma qarorda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari, ijroiya hokimiyati organlari – tegishli vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyatning yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish belgilangan. Bu, oʻz navbatida, ushbu institutlarning yurtimiz barqaror rivojlanishini taʼminlash borasidagi roli, ahamiyati va masʼuliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Qoʻshma qarordagi vazifalarning hayotga tatbiq etilishi

(fuqarolik jamiyati institutlari misolida)

Taʼkidlash joizki, fuqarolik jamiyati institutlari Prezidentimizning ushbu tashabbuslarini va Qoʻshma qarorda belgilangan vazifalarni nafaqat qoʻllab-quvvatlamoqda, balki uni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.

Masalan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Barqaror rivojlanish markazi kabi qator nodavlat notijorat tashkilotlar milliy BRMga erishish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini hayotga tatbiq etishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekistonda “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash gʻoyasiga asoslangan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda mamlakatimizning Global kun tartibi hayotga tatbiq etilishiga ham xizmat qiladi.

Birinchidan, Qoʻshma qarorda, xususan, fuqarolik jamiyati institutlarining:

• 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish, ular faoliyatiga tashkiliy-uslubiy va axborot jihatidan doimiy ravishda koʻmaklashish;

• barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid xalqaro indikatorlarning oʻzaro bogʻliqligini chuqur oʻrganish asosida Oʻzbekistonning turli xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash borasida tegishli takliflar ishlab chiqish va Parlament komissiyasiga kiritib borish;

• 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

• barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilish holati toʻgʻrisida keng jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish;

• 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlanadigan Ixtiyoriy milliy hisobotlar uchun fuqarolik jamiyati institutlarining muqobil maʼruzalarini tayyorlab borishi koʻzda tutilgan. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi ilk marta “Barqaror rivojlanish sohasida Global kun tartibi – 2030 ni amalga oshirish toʻgʻrisida”gi Ixtiyoriy milliy hisobotini (IMH) taqdim etgan boʻlsa, joriy yilda ikkinchi IMH taqdim etilishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, Qoʻshma qarorda belgilangan vazifalar asosida Barqaror rivojlanish markazi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global harakatlar kampaniyasiga (UN SDG Action Campaign) qoʻshildi.

Ushbu UN SDG Action Campaign mamlakatlar, mintaqalar, maqsadlar va hududlar kesimi boʻyicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yoʻnaltirilgan harakatlarni qayd qiladi va dunyoning global xaritasida aks ettiradi. Bu, oʻz oʻrnida, jamoaviy harakatlar butun dunyo boʻylab katta oʻzgarishlarga olib kelishi mumkinligini koʻrsatish uchun BMTning asosiy yutuqlari haqida hisobot berishga imkon beradi.

2022-yilda dunyo boʻylab BRMlarga erishish uchun 142 million harakatlar global #Act4sdg haftaligining bir qismi sifatida amalga oshirildi. Bu esa, albatta, BRMga erishishni jadallashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatgan va 142 milliondan ziyod inson sayyoramiz hayotini oʻzgartirishga xizmat qilganidan dalolat beradi.

Uchinchidan, ushbu davra suhbati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respubliksida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori 12-bandida belgilangan mamlakatimizda “Inson huquqlari” haqtaligini oʻtkazish boʻyicha dastur doirasida oʻtkazilmoqda. Bu, oʻz navbatida, ushbu sohada ham fuqarorlik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Toʻrtinchidan, Barqaror rivojlanish markazi tomonidan F.Ebert fondi koʻmagida “Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” tadqiqoti oʻtkazildi va uning natijalari davra suhbatida taqdim etiladi.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan BMT rezolyutsiyasi hamda parlament palatalari kengashlari Qoʻshma qarori mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida, jumladan, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashda parlament, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish borasida tizimli tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirishning mustahkam asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Akmal Saidov,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net