ABDULLA XO?JA: «O?ZBEKISTONDAGI KENG QAMROVLI O?ZGARISHLARNI BUNDAN KEYIN HAM HAR TOMONLAMA QO?LLAB-QUVVATLAYMIZ»

20.12.2018 12:58

2018-yilning 15-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchisi Javlon Vahobov Turkiston — Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo‘jaga davlatimizning “Do‘stlik" ordenini tantanali ravishda topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11-dekabr kuni Abdulla Xo‘jani milliy qadriyatlarimiz hamda an’analarimizni avaylash, AQShdagi vatandoshlarimizni jipslashtirish, O‘zbekiston va Amerika xalqdari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi fidokorona xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlashga oid Farmonni imzolagan edi.

— Shuni faxr bilan ta’kidlamoqchimanki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev meni O‘zbekiston-ning yuksak mukofoti — “Do‘stlik” ordeniga munosib deb topdi, — deya hayajon bilan fikr bildirdi Turkiston — Amerika uyushmasi rahbari. — Bu voqea men uchun yuksak sharafdir. Ushbu davlat mukofoti menga O‘zbekistonimizning ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarni bundan keyin ham yanada shijoat bilan ilgari surishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi, aziz Vatanimizga qanchalik yaqin bo‘lib turganimizning belgisidir. Bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimizda katta o‘zgarishlar va samarali islohotlarning guvohi bo‘lib turibmiz. Uyushma a’zolari nomidan ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlarni bundan keyin ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, uning ravnaqi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz.

Abdulla Xo‘ja O‘zbekiston Respublikasi mustaqilikka erishgan kunni Amerikadagi vatandoshlarimizning uzoq yillik orzusi ushalgan sana sifatida qabul qilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. U xorijdagi vatandoshlar bilan olib borilayotgan faol muloqot, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, og‘irini yengillashtirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar uchun O‘zbekiston rahbariga chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Nyu-Jersi shtatining Dover shahrida Turkiston — Amerika uyushmasi tashkil etilganligiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan 250 ga yaqin vatandoshlarimiz ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda nutq so‘zlagan elchi Javlon Vahobov ushbu uyushma prezidenti davlatimizning yuksak mukofoti — “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligi vatandoshlarimizga qaratilayotgan e’tiborning yaqqol isbоti ekanligini ta’kidladi va "O‘zbekistonni jonajon Vatani deb bilgan, yurtini dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida ko‘rish, bundan keyin ham jahondagi nufuzi va obro‘si yanada yuksalishiga xayrixoh bo‘lgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilish” O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolishini qayd etdi.

Aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahriga va joriy yilning may oyida AQShga rasmiy tashrifi chog‘ida Amerikada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarning bugungi kunda davlat siyosatida o‘ta muhim ahamiyat kasb etayotganligidan va O‘zbekistonda xorijdagi vatandoshlarni jamiyat taraqqiyotining juda muhim manbai sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Abdulla Xo‘janing davlat mukofoti bilan taqdirlanishi AQShdagi vatandoshlarimiz tashkilotlari rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Xususan, Chikagodagi O‘zbek — Amerika uyushmasi prezidenti Olim Sharipov Turkiston — Amerika uyushmasi binosida barcha Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlarini ko‘rib, juda ham xursand bo‘lganligini ta’kidlar ekan, bu mintaqa xalqlarining bir-birlari bilan do‘stlashayotganligi va jipslashayotganligining ifodasi hamda O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosat bilan uyg‘unligini qayd etdi.

— Yillar davomida Buxoro yaxudiylari Kongressi Turkiston — Amerika uyushmasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi Buxoro yahudiylari tomonidan asos solingan "The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov. — Abdulla Xo‘ja faxr bilan “Do‘stlik” ordenini qabul qilishi kerak. Chunki u o‘z umrini Markaziy Osiyo xalqlari jipslashishiga bag‘ishlagan, antisemitizm, islomofobiya kabi harakatlarga qarshi kurashib kelmoqda.

Turkiston — Amerika uyushmasi 1958-yili Filadelfiya shahrida AQSh va Kanada davlatlaridagi Markaziy osiyolik muhojirlarni birlashtirgan ilk va to‘laqonli uyushmalardan biri sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda Turkiston — Amerika uyushmasi a’zolarining 80 foizidan ko‘prog‘i AQSh va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdir. Uyushma prezidenti Abdulla Xo‘ja AQSh fuqarosi, ota-onasi asli o‘zbekistonlik, XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar tufayli avval Afg‘onistonga, so‘ngra AQShga ko‘chib borishgan. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net