2019-2021 YILLARDA RESPUBLIKA AHOLISIGA ENDOKRINOLOGIYA YORDAMI KOʻRSATISHNI TAKOMILLASHTIRISH BOʻYICHA MILLIY DASTURNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA

20.04.2019 16:36

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

 

qarori

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlashni isloh qilish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga endokrinologiya yordamini koʻrsatishning yaxlit, vertikal integratsiyalashgan tizimi yaratildi. Endokrinologiya muassasalarini yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash va endokrin kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish hamda davolashning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, endokrinologiya xizmatini yanada rivojlantirish epidemiologik vaziyatni baholash hamda qandli diabet va yod tanqisligi holati yuzaga kelishining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilishni, shuningdek, endokrinologiya yoʻnalishlarini bolalar endokrinologiyasining talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlari bilan birgalikda qayta koʻrib chiqishni talab etmoqda.

Ixtisoslashgan samarali va zamonaviy endokrinologiya yordami tizimini shakllantirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlash choralarini yanada takomillashtirish, aholiga ixtisoslashgan yuqori malakali endokrinologiya yordamini koʻrsatish sifati va imkoniyatlarini oshirish maqsadida:

1. 2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish milliy dasturi(keyingi oʻrinlarda – Milliy dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 2. Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

 endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va aholini profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish boʻyicha vaziyatni tubdan yaxshilash;

qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registrini yaratish, bemorlarni davolash amaliyotiga qandli diabetning surunkali asoratlari yuzaga kelishi va rivojlanishini kamaytirishga qaratilgan klinik yondashuvlarni joriy qilish, shuningdek, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash;

viloyatlar endokrinologiya dispanserlari va filiallarida endokrin xirurgiya, diabetik toʻpiq, diabetik nefropatiya va reanimatsiya boʻlimlarini tashkil qilish orqali koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish;

“qandli diabet” tashxisi qoʻyilgan bolalar, oʻsmirlar va homilador ayollarni analogli insulin hamda insulin yuborish uchun moslamalar va oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalari bilan taʼminlash boʻyicha kompleks choralarni amalga oshirish;

hududiy oʻzini oʻzi nazorat qilish maktablari negizida professional instruktorlarni jalb qilgan holda endokrin kasalliklarga chalingan bemorlar va ularning oila aʼzolarini kasalliklarni toʻgʻri olib borish va nazorat qilishga oʻqitish;

endokrinologiya muassasalarining tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

endokrinologiya sohasidagi mahalliy ilmiy tadqiqotlar koʻlaminixalqaro hamkorlikni kengaytirish va sogʻliqni saqlash amaliyotiga jahondagi ilgʻor tajribalar, ilmiy ishlanmalarni tatbiq qilish;

yangi endokrinologiya muassasalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, ularni zamonaviy diagnostika va maxsus tibbiy uskunalar, vositalar va inventarlar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) orqali endokrinologiya muassasalarini modernizatsiya qilish va ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi Milliy dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xalqaro hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini jalb qilish boʻyicha choralar koʻrsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining quyidagilarni muntazam ravishda amalga oshirishni koʻzda tutuvchi tartibni joriy etishtoʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

qandli diabetning I turi bilan kasallangan bolalar va oʻsmirlar uchun analogli insulinlar va oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalarini (test-chiziqchalar) markazlashgan tarzda xarid qilish va barcha viloyat endokrinologiya dispanserlari orqali tarqatish;

kaliy yodid preparatlari bilan uzluksiz taʼminlash orqali aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan guruhlari (bolalar, oʻsmirlar, homilador va emizikli ayollar) orasida yod tanqisligi kasalliklarini profilaktika qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetida ushbu bandni ijro etish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining shtatlar normativlarini qoʻshimcha endokrinolog, shu jumladan, bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritishni koʻzda tutgan holda qayta koʻrib chiqsin.

Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, endokrinolog, shu jumladan, bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritish birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi oʻrtasida keng yoritilishini taʼminlasin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOYEV

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net