ISSV vaziri Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi

12.01.2023 10:17

/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bugun Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra,  xususan, «CPG Corporation» bosh direktori Vinsent Lo bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga Singapurning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasini jalb etishga yo‘naltirilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

«Singapur O‘zbekiston uchun muhim hamkor bo‘lib, ishbilarmon doiralarning birgalikda ish olib borishga qiziqishi ortib borayotgani qo‘shma investitsiyaviy, sanoat va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekiston tomoni bu sohalarni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor», - dedi Laziz Qudratov.

Uchrashuv kun tartibidan O‘zbekistonda biofarmatsevtika korxonasini tashkil etish, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika qurish, Singapurning ilg‘or taʼlim usullaridan foydalangan holda xususiy maktablar ochish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar, mazkur loyihalarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari, aniq muddatlari va masʼul ijrochilarni o‘z ichiga olgan qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

«Oceanus Group»  kompaniyasi bosh direktori Piter Ko bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuksak baholandi.

«Oceanus Group»  oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, logistika xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Shu nuqtai nazardan, tomonlar O‘zbekistondan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, Singapur, Xitoy va  ASEAN  mintaqasi bozorlariga mahalliy oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqishga xizmat qiladigan qo‘shma eksport kompaniyasini tashkil qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun Singapurning yetakchi kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xuddi shunday konstruktiv ruhda Singapurning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri TMC Akademiyasi bosh direktori Li Chin Veng bilan ham muzokaralar olib borildi.

Tomonlar oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, O‘zbekistonda ikkita yangi universitet kampusini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlarida taʼlim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va axborot, moliyaviy, blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yangi taʼlim dasturlarini O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tkazilgan uchrashuvlar ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish va ishlab chiqarilayotgan loyihalarni samarali tarzda amalga oshirish maqsadida ularning ayrim muhim jihatlariga eʼtibor qaratish imkonini berdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net