XITOY KOMPANIYALARI BILAN QISHLOQ XO?JALIGIDA HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KELISHIB OLINDI

25.07.2019 11:23

O‘zbekistonlik fermerlar xitoylik hamkorlari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

 

PEKIN, 25 iyul. /”Dunyo” AA/. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov boshchiligida delegatsiya amaliy safar bilan Xitoyda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Xitoy qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Lu Xongyao bilan uchrashuv chog‘ida mezbonlar O‘zbekistonda hayotga izchil tadbiq etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berar ekan, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirdi. Muzokaralarda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi va buning uchun yaratilgan qulay imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan kelishib olindi.

 Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi birinchi vitse-prezidenti Jen Xechin bilan muloqotda O‘zbekistonda agronomlar tayyorlash masalasi, urug‘chilik sohasini rivojlantirish va zamonaviy issiqxonalar qurish bo‘yicha hamkorikni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, mazkur akademiyaning Sabzavotchilik instituti tomonidan mamlakatimizda ikki tonna urug‘lik kartoshkani tajriba sifatida ekish uchun beg‘araz ko‘mak beriladi.

 “Kingland Group” tejamkor issiqxonalar konstruksiyalarini ishlab chiqarish va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha yirik kompaniya hisoblanadi. Bunday mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish yuzasidan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida tomonlar O‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

 Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Shandun provinsiyasi gubernatorining o‘rinbosari Yuy Goan bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi. Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlarining o‘zaro yakdilligi va tashabbuslari tufayli O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik va ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora rivojlanib borayotgani, “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusining O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi. 

 O‘zbekiston vakillari quyosh energiyasi bilan ishlaydigan tejamkor issiqxonalar qurish va mahsulot yetishtirish tajribasini butun Xitoy hududida ommalashtirishga salmoqli hissa qo‘shgan “San Yuan Zhu” korporatsiyasi ish faoliyati, zamonaviy issiqxonalar boshqaruvi tizimi bilan yaqindan tanishdi. Uning asoschisi Van Li bilan o‘tkazilgan muzokaralarning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mazkur korporatsiya bilan Hamkorlik bitimi imzolandi. Unda “San Yuan Zhu” korporatsiyasi issiqxonalar qurish va sabzavotlar yetishtirish texnologiyasini O‘zbekistonda joriy qilish, Xitoyda o‘zbekistonlik fermer va mutaxassislarni o‘qitish, tajriba almashuv kurslarini tashkil qilish, ko‘rgazma va  seminarlarda ishtirok etish bo‘yicha kelishuvlar o‘z ifodasini topdi.

 Bundan tashqari, Shandun provinsiyasining qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni tadbiq etuvchi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalarida ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularning natijalari bo‘yicha Anglashuv memorandumlari imzolandi. 

 Mamlakatimiz vakillari Gansu provinsiyasida  ham bo‘lib, Xitoyning kam suvli, adirlik va tog‘oldi hududlarida dehqonchilik qilish, issiqxonalarda sabzavotlar yetishtirish tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Mazkur provinsiya gubernatori o‘rinbosari Chan Chjengo bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida katta salohiyat mavjudligi, Xitoy tomoni bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, Gansu provinsiyasi quruq tabiiy iqlim sharoitida issiqxonalar barpo etish buyicha Xitoydagi eng ilg‘or hududlardan biri hisoblanadi. Provinsiyada 1 million gektardan ziyod hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aynan issiqxonalarda yetishtiriladi.

  Safar doirasida Surxondaryo viloyati va Gansu provinsiyasi o‘rtasida sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish singari yo‘nalishlardagi aloqalarni ko‘zda tutadigan O‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Shu bilan birga, 2019 yilning oxiriga qadar Surxondaryo viloyatiga Gansu provinsiyasi delegatsiyasi safarini tashkil etishga kelishib olindi.

Safar davomida Xitoyning issiqxonalar qurish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi qator yetakchi korxonalari, xususan, Shandun provinsiyasidagi “Shandong Lusheng Agricultural Group” korporatsiyasi (issiqxonalarda sabzavot ko‘chatlari yetishtirish, biogumus ishlab chiqarish), Shandun qishloq xo‘jaligi ilmiy-texnika maktabi, “Zekang Company” (tejamkor issiqxonalarda mahsulot yetishtirishni o‘rgatish), “Tian Li Fang Agricultural Agriculture Co.Ltd” (tejamkor issiqxonalar qurish, sabzavotlar yetishtirish), “Gansu Kanguan Modern Agriculture Co.Ltd” (tejamkor issiqxonalar qurish, sabzavotlar yetishtirish, qadoqlash, logistika) korxonalari rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net