UZSTANDART AGENTLIGI INDONEZIYA BILAN HAMKORLIK O?RNATMOQDA

29.01.2019 16:15

Hozirgi kunda mamlakatimizda “Halol” standartini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mazkur yo‘nalishda “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Kirish turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.

Yaqinda “O‘zstandart” agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati departamenti vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi.

 Safar davomida Indoneziya Milliy standartlashtirish tashkiloti (BSN), Ulamolar Kengashining Halol sertifikatlashtirish agentligi va Din ishlari vazirligi qoshidagi “Halol” mahsulotni kafolatlash agentligi vakillari hamda O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi maqomini olgan Gunadarma universiteti rahbariyati bilan bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlar chog‘ida indoneziyalik vakillarga mamlakatimizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo, turizm va boshqa jabhalardagi istiqbolli imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha to‘htalib o‘tildi.

 O‘z navbatida, bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida Indoneziya Milliy standartlashtirish tashkilotining bosh direktori, professor, doktor Bambang Prasetya O‘zbekiston indoneziyalik ishbilarmonlar uchun ham istiqbolga ega ekanini qayd etdi.

 - O‘zstandart agentligi bilan Xalqaro standartlashtirish tashkilotida (ISO) standartlarni ishlab chiqish masalalarida hamkorlik olib bormoqdamiz. Ziyorat turizmi sohasida “Halol” standartining joriy etilishi ko‘plab indoneziyaliklar uchun qulaylik yaratadi. Yurtigizni boy qadimiy tarixi hamisha biz uchun maftunkordir. O‘zbekiston biz uchun Indoneziyani Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi o‘ziga hos ko‘prik bo‘ladi, - dedi professor.

 Tadbirda O‘zbekistonda “SMIIC” tashkiloti standartlari talablari asosida ishlab chiqilgan “Halol” standartlari va bu sohada respublikamizda olib borilayotgan ishlar, halol oziq-ovqat, halol turizm, halol tibbiyot kabi yo‘nalishlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida asl qiyofasini yo‘qotmagan holda rivojlantirish va bu boradagi mas’ul xodimlar uchun standartlar hamda sertifikatlashtirish bo‘yicha maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari o‘rtaga tashlandi. Ta’kidlash joizki, O‘zstandart agentligi va Indoneziya standartlashtirish tashkiloti ekspertlari o‘rtasida kelishuv bitimi va hamkorlik dasturi loyihalari ishlab chiqildi.

 O‘z navbatida, uchrashuvlar chog‘ida, Buxoro viloyatida Indoneziya Halol sertifikatlashtirish agentligi bilan birgalikda “Umra+” dasturi orqali yurtimizga tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga halol turistik hizmatlarni sertifikatlashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yish, Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi qoshida qo‘shma sertifikatlashtirish idorasi hamda sinov majmuasini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.

 Indoneziya davlati bilan xalqaro standartlar va muvofiqlikni baholash sohasida ikki tomonlama aloqalar o‘rnatish maqsadida Bogor shahrida joylashgan Indoneziya Ulamolar Kengashi huzuridagi turizm va xizmatlarni sertifikatlashtirish idorasi, Indoneziya Respublikasining Din ishlari bo‘yicha vazirligi huzuridagi Halol mahsulotlarni sertifikatlashtirish agentligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida Indoneziya Respublikasiga halol standartlar va sertifikatlashtirish ishlarida olib borilayotgan yangi islohotlar, sertifikatlashtirish idoralari va sinov laboratoriyalari faoliyati bilan tanishildi.

 Qayd etish joizki, o‘tkazilgan uchrashuvlarda “O‘zstandart” agentligi, Indoneziya Ulamolar Kengaashi huzuridagi Oziq ovqat, dori vositalari va kosmetika mahsulotlarni baholash instituti, Ulamolar Kengashi huzuridagi turizm va xizmatlarni sertifikatlashtirish idorasi, Indoneziya Respublikasining Din ishlari bo‘yicha vazirligi huzuridagi Halol mahsulotlarni sertifikatlashtirish agentligi o‘rtasida hamkorlik qilish yuzasidan memorandum loyixasi ishlab chiqildi. Dastur 2018 yilning 21-23 fevral kunlari Buxoro viloyatida o‘tkaziladigan birinchi Xalqaro Ziyorat turizmi forumi doirasida imzolanishiga kelishib olindi.

 Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ishtirokchilarning ayrimlari mamlakatimiz xususida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

 Indoneziya Ulamolar Kengashi huzuridagi oziq-ovqat, dori vositalari va kosmetika mahsulotlarini baholash instituti direktori doktor Luqmanul Hakim:

 - Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan bag‘oyat mamnunmiz. O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida juda yaxshi aloqalar mavjud. Ayniqsa, fiqh masalalarida biz doim hamfikrmiz. Indoneziyada O‘zbekistonning buyuk allomalari juda mashhurdir, biz doimo Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy kitoblaridan foydalanib kelamiz.

 O‘ylaymanki, biz O‘zbekiston bilan halol sertifikatlashtirish sohasida ham faol hamkorlik olib boramiz.

 Indoneziya Respublikasi Din ishlari vazirligi huzuridagi “Halol” mahsulotlarini sifatini tashkillashtirish agentligi rahbari professor Ir Sukoso:

 - O‘zbekiston delegatsiyasining bizning idoramizga Halol sinov laboratoriyasi faoliyati bilan tanishishga kelganidan juda mamnunmiz.

 Halol sertifikatlashtirish sohasini rivojlantirish va hamkorlik qilish mamlakatlarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Boisi, ikki davlat o‘rtasida yaxshi aloqalar mavjud. Ayniqsa sayyohlar sonini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Aytib o‘tish kerakki, indoneziyalik sayyohlar uchun O‘zbekistonga tashrifida Halol standartlarining mavjudligi muhim o‘rin tutadi.

 O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida halol standartlarini joriy etishni qo‘llab quvvatlaymiz. Bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirib borish tarafdorimiz.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net