TURKIYANING SAMSUN VILOYATIDA O’ZBEKISTON TAQDIMOTI BO’LIB O’TDI

15.12.2019 11:54

ANKARA, 11 dekabr. /“Dunyo” AA/. O’zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Qora dengiz sohilida joylashgan Samsun viloyatida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy imkoniyatlarini targ’ib etish maqsadida qator tadbirlar o’tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Dastlab, Samsun hokimiyatiga ehtirom tashrifi uyushtirilib, shahar hokimi Mustafo Demir bilan muzokaralar o’tkazildi. M.Demir O’zbekistonni e'zozlashi, mamlakatimiz bilan ko’pqirrali hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Xususan, Samsun shahri bilan O’zbekistonning muayyan bir shahri o’rtasida birodarlik aloqalarini o’rnatish, Samsun jamoatchiligi orasida O’zbekistonning turizm imkoniyatlarini targ’ib etish masalalari kelishib olindi.

 

Shuningdek, qishloq xo’jaligi, sanoat va ishlab chiqarish sohalarida so’nggi yillarda katta muvaffaqiyatlarga erishgan samsunlik tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun “O’rta Osiyoning porloq yulduzi - O’zbekiston” mavzuida brifing va taqdimot tashkil etildi. Samsun savdo-sanoat palatasida bo’lib o’tgan tadbirda O’zbekistondagi sarmoyaviy muhit, so’nggi yillarda o’zbek-turk munosabatlarida erishilgan yutuqlar, o’zaro savdo hajmidagi ijobiy dinamika, iqtisodning turli sektorlaridagi mavjud imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi. Qishloq xo’jaligi, qurilish, tibbiy asbob-uskunalar, lift ishlab chiqarish, turizm kabi tarmoqlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

O’zaro manfaatli hamkorlikka qiziqish bildirgan turkiyalik ishbilarmonlarning elchixona ko’magida O’zbekistonga ishchi safarlarini uyushtirish va tegishli tashkilotlar bilan muzokaralarini tashkillashtirishga kelishib olindi.

 

Safar doirasida elchixona vakillari Turkiyaning ilg’or oliy o’quv dargohlaridan biri bo’lgan 19 may universitetida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sanaga bag’ishlab, bu yerda ta'lim olayotgan 30 nafarga yaqin o’zbekistonlik talabalar bilan hamkorlikda “Oliy qomusimiz” nomli axborot tadbiri tashkil etdi. Tadbirda o’zbek yoshlari 300 ga yaqin xalqaro va mahalliy talabalar, professor-o’qituvchilarga O’zbekiston konstitutsiyasidagi umuminsoniy qadriyatlar va asosiy tamoyillar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, jozibador o’zbek milliy kuy va raqslari, ona vatanimizni madh etuvchi she'r va qo’shiqlar taqdim etildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net