Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy dunyo manfaati yoʻlida hamkorlik qilish uchun istiqbolli platforma yaratmoqda

10.11.2022 15:06

Joriy yil 10-11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti boʻlib oʻtadi va bu Oʻzbekistonning mazkur xalqaro tuzilmaga raisligini boshlab beradi.

Joriy yil 10-11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti boʻlib oʻtadi va bu Oʻzbekistonning mazkur xalqaro tuzilmaga raisligini boshlab beradi.

Turkiy davlatlar tashkiloti (avvalgi nomi - Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kyengashi, TDDT) 2009-yil 3-oktyabrkuni Naxichevan (Ozarbayjon) shahrida taʼsis qilingan. Tashkilot faoliyatining huquqiy asosini Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim (2009 yil 3 oktyabrdagi Naxichevan bitimi) tashkil etadi.

Tashkilotning maqsadi aʼzo davlatlar – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Xalqaro tuzilmaga aʼzo davlatlar oldiga hamkorlikni muhokama qilish va chuqurlashtirish uchun maydoncha shakllantirish va uni rivojlantirish, turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasidagi yaqin munosabatlar istiqbollarini belgilash, oʻzaro ishonch, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, barqarorlik va hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mintaqada va butun dunyoda xavfsizlikni taʼminlash, umumiy manfaatlarga ega boʻlgan tashqi siyosat masalalari boʻyicha, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va xalqaro forumlar doirasida kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish, xalqaro terrorizm va separatizm, ekstremizm, odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish, narkotrafik va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, siyosiy, huquqni muhofaza qilish, harbiy-texnik, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, kredit-moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, savdo va investitsiyalar, tovarlar, mablagʻlar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishi, moliyaviy va bank operatsiyalarini soddalashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi asosiy vazifalar qoʻyilgan.

Ishtirokchi davlatlar aholi turmush darajasini yuksaltirish maqsadida mintaqada har tomonlama va mutanosib iqtisodiy oʻsishga, ijtimoiy va madaniy rivojlanishga intiladi, fan-texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik qiladi, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini targʻib qilish va ommalashtirishda ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirishga intiladi.


TDT BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa prinsiplari va normalariga, jumladan suveren tenglik, hududiy yaxlitlik va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarning daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslik kabi qadriyatlarga sodiqdir.

TDTning oliy organi Davlat rahbarlari kengashi boʻlib, u tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining muntazam yigʻilishlari shaklida faoliyat yuritadi, dolzarb xalqaro muammolarni hal qilishda oʻzaro hamkorlik masalalarini koʻrib chiqadi, oʻzaro munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi, tashkilot faoliyatini tahlil qiladi.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi oʻz vakolatlari doirasida TDTning joriy faoliyatini koʻrib chiqadi, Davlat rahbarlari kengashi majlislarida muhokama qilish uchun eng dolzarb xalqaro masalalarni belgilaydi, Kotibiyatning shtat jadvali va moliyaviy hisobotini tasdiqlaydi. Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlislari, odatda, Davlat rahbarlari kengashi majlislari oldidan oʻtkaziladi.

Tashkilot tarkibida Turkiy tilli davlatlar oqsoqollar kengashi (Oqsoqollar kengashi) va Kotibiyat kabi tuzilmalar ham mavjud. TDT shafeligida Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA), Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 3-sentyabr kuni Choʻlpon-ota shahrida (Qirgʻiziston) boʻlib oʻtgan TDDT VI sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi TDT bilan oʻzaro hamkorlik tarixidagi burilish nuqtasi boʻldi. Bu Oʻzbekiston rahbarining sammitda ilk ishtiroki edi. Ushbu sammit doirasida tashkilot bilan aloqalarni rivojlantirish boʻyicha aniq tashabbuslar, jumladan, Xiva shahrini 2020-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, deb eʼlon qilish hamda Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlaridan birini va tegishli biznes-forumni Toshkentda oʻtkazish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

2019 yil 14 sentyabr kuni Oʻzbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va hujjatning depozitariysi boʻlgan Turkiya Respublikasiga rasmiy xabarnoma yubordi.

Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga aʼzo boʻlishi bilan Turkiy kengash faoliyatidagi boshqa aʼzo davlatlarning faolligi sezilarli darajada oshdi, bu esa tuzilmaning mintaqaviy tashkilot sifatidagi roli oshganidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Prezidenti Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 2019 yil (Boku), 2020 yil (onlayn) va 2021 yil (Istanbul) oʻtkazilgan sammitlarida TDT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Bugungi kunga qadar 20 dan ziyod tashabbus amalga oshirildi.

2021 yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtgan Yosh tadbirkorlar forumini tashkil etish, transport va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, uning doirasida “ePermit” pilot loyihasini sinovdan oʻtkazish shular jumlasidandir. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida “raqamli TIR” pilot loyihasi, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida “yashil yoʻlak” ishga tushirildi. Oʻzbekistonning “Universal Logistics Services” (Toshkent), “Akhtachi” (Andijon) va “Termez Cargo Center” (Surxondaryo) logistika markazlarini TDTning “Birodarlashgan portlar” jarayoniga qoʻshilishi, pandemiyaga qarshi kurashishdagi hamkorlik boʻyicha taklifni amalga oshirish, pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzish, tashkilot doirasida epidemiologik vaziyatni birgalikda monitoring qilish, tahlil qilish va prognozlash boʻyicha doimiy faoliyat yuritadigan tizimni ishga tushirish, 2021 yil iyun oyida Qoʻqon shahrida turizm vazirlarining 6-yigʻilishini oʻtkazish, 2022-yilda Qoʻqon shahrini “Turkiy davlatlarning turistik poytaxti” deb eʼlon qilish, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso Xorazmiy va boshqa allamolarning buyuk merosiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazish tashabbuslari ham keng qoʻllab quvvatlandi.

2020 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi vakillari TDT Kotibiyati va tashkilotning Budapeshtdagi vakolatxonasida oʻz faoliyatini yurita boshladi.

Ekspertlar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatining istiqbollarini barqaror deb hisoblamoqda. Tashkilot Markaziy Osiyo, Kichik Osiyo va Kaspiy dengizi havzasi mintaqasida koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlaridan biri boʻlib qoladi. Shu bilan birga, TDTning integratsiya kun tartibi iqtisodiyot, turizm, tranzit va transport, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalarda kengaymoqda.

TDT doirasidagi yangi tendensiya energetika, transport va turizm sohasidagi turli loyihalarni faollashtirish boʻlib, bu tashkilotning iqtisodiy faoliyatini birinchi oʻringa olib chiqadi.

Uzoq muddatli istiqbolda TDT Yevropa, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi keng makonda submintaqaviy birlashma va oʻziga xos mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylanadi.

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net