Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o?z ishini boshladi

15.11.2022 11:21

“Dunyo” AA/. Kecha Toshkent shahridagi Milliy ko‘rgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra, unda ilk bor O‘zbekistonning 14 viloyati va 21 tarmoqdagi 944 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 9 ming 350 nomdagi mahsulotlar namoyish etilmoqda.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tarmoqlararo yarmarkalari samaradorligini va ular natijasida 4,4 trillion so‘mlik shartnomalar imzolanganligini taʼkidlab, ishtirokchilar eʼtiborini bu yil o‘tkazilayotgan yarmarkaning mamlakatimizga import qilinadigan mahsulotlar hajmini optimallashtirishni rag‘batlantirishga qaratilgan mutlaqo yangi formatda tashkil etiganligiga qaratdi.

Taqdim etilgan namunalar orasida – sanoat kooperatsiya asosida o‘zlashtirish taklif etiladigan 2 ming 275 turdagi import mahsulot, istiqbolli shartnomalar tuzish uchun 3 ming 112 turdagi yangidan o‘zlashtirilgan mahsulotlar namunalari va 2023 yilda yetkazib beriladigan import o‘rnini bosuvchi 4 ming 998 turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar bor. Potensial tashabbuskorlarni jalb etish maqsadida maxsus tashkil etilgan stendda mazkur turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar loyihalari namoyish etilmoqda. 

Yana bir yangilik – yangi tashkil etilgan Raqamli transformatsiya markazida mahalliy mahsulotlarni sotish imkonini beruvchi va Escrow kliring tizimi orqali to‘lovni kafolatlovchi mexanizm, shuningdek, respublika nogironlar jamiyatlari tomonidan ham joriy yarmarka doirasida, ham elektron hamkorlik portali orqali mahsulotlarni sotish tizimlari joriy etildi.

Bundan tashqari, 2023 yilgi Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan yirik loyihalar «mahalliy kontentini» shakllantirish ham ushbu yarmarka davomida aniqlanadigan ustuvor yo‘nalishlar va tashabbuslarga asoslanishi taʼkidlandi.

Yarmarka 18 noyabr kunigacha davom etadi. Uning natijalariga ko‘ra 4,2 trillion so‘mlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net