Toshkentda bo?lib o?tgan O?zbekiston-Qozog?iston mintaqaviy biznes forumi yakunlari bo?yicha 3 milliard dollardan ortiq hajmdagi kelishuvlar imzolandi

21.12.2022 11:26

“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra,  unda ikki mamlakat asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin nutqlari tinglandi. Delegatsiyalar rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash ijobiy dinamikaga ega ekanligini taʼkidlashar ekan, bu borada ishbilarmon doiralarning faol o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd qildilar.

Ishtirokchilar eʼtibori o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish dinamikasiga qaratildi, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich ikki baravar ko‘payib, 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi.

Investitsiya hamkorligi va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham dinamik o‘sish kuzatilmoqda. Oxirgi 5 yil ichida mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobarga ko‘paydi va bugungi kunda deyarli 1200 tani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda bevosita hududlararo aloqalarni kengaytirish, ikkala mamlakat hududida O‘zbekiston va Qozog‘iston viloyatlarining sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini o‘tkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

-Xalqaro bozorlarga mahsulotlarimizni olib chiqish maqsadida qiyosiy ustunliklarimiz asosida yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi Jamshid Xodjayev. -Biz o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz. Mamlakatlarimizda buning uchun zarur bo‘lgan sanoat, texnologik, mehnat resurslari va tabiiy boyliklar mavjud. Ishonchim komilki, o‘zaro kelishib, g‘ayrat bilan hamkorlikda ish olib borib, biz O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqa olamiz.

-O‘zbekiston biz uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkordir, - dedi Serik Jumangarin. - Mamlakatlar o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo aloqalari do‘stona munosabatlarimizning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Forumning o‘tkazilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va jahon bozorida Markaziy Osiyo brendlarini yaratish muhimligining yana bir isbotidir.

Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimot o‘tkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga mo‘ljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi. Shuningdek, tadbir davomida bo‘lib otgan “B2B” va “G2B” muzokaralari chog‘ida o‘zaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Tadbirlar yakunida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da kuchaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodiqliklarini bildirdilar.

Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida Bitim, qishloq xo‘jaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini mujassam etgan alohida «Yo‘l xaritasi», shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlar imzolandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net