TOSHKENT SHAHRIDA OSIYO BIOO?G?ITLAR XALQARO ANJUMANI BO?LIB O?TDI

23.08.2019 14:16

TOSHKENT, 23 avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga so‘nggi ilm-fan yutuqlarini joriy etish, yetakchi innovatsion texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida Toshkent shahrida oltinchi Osiyo bioo‘g‘itlar xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi, Osiyo bioo‘g‘itlar uyushmasi va Ecobiome R&D mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda AQSh, Germaniya, Italiya, Avstriya, Kanada, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Malaysia, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq taniqli mutaxassis va olimlar qatnashdi.

 Qayd etish lozimki, Osiyo bioo‘g‘itlar uyushmasi notijorat ilmiy tashkilot bo‘lib, 2009 yil Obern universiteti (AQSh) tomonidan ta’sis etilgan. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi olim va tadqiqotchilar mazkur tashkilot a’zosi hisoblanadi.

 Bugungi kunga qadar Osiyo bioo‘g‘itlar uyushmasining xalqaro anjumanlari Hindiston, Xitoy, Vetnam va Indoneziyada bo‘lib o‘tgan edi. Toshkent xalqaro anjumani “XXI asr qishloq xo‘jaligida bioinnovatsiyalar” mavzuiga bag‘ishlandi.

 Anjuman raisi Dilfuza Egamberdiyeva mazkur tadbir qishloq xo‘jaligi sohasidagi olim, fermer va yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘rtasida amaliy tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

 Bugungi kunda yer yuzining ko‘plab mintaqalarida yuzaga kelayotgan ekologik sharoitda qishloq xo‘jaligi samaradorligini saqlab qolish, xususan, o‘simliklar uchun yangi bioo‘g‘itlar yaratish va boshqa qator dolzarb yo‘nalishlarda dunyoning yetakchi olimlari tomonidan erishilgan ilm-fan yutuqlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

 Nufuzli anjuman mamlakatimiz olimlari uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va eng so‘nggi ilm-fan yutuqlari bo‘yicha tajriba almashish imkonini berdi.

 Tadbir doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti va Osiyo bioo‘g‘itlar uyushmasi o‘rtasida universitet hududida “Global biotex” ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net