Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo?lgan bug?-gaz elektr stansiyasi quriladi

08.01.2023 11:03

/“Dunyo” AA/. O‘zbekiston  Prezidentining «Sirdaryo viloyat Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Energetika vazirligidan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, hujjatga  asosan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida zamonaviy “H” toifasidagi kombinatsiyalangan siklda ishlaydigan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiya 2026 yilda ishga tushiriladi.

Loyiha doirasida foydali ish koeffitsenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatish hisobiga yiliga 12 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning natijasida yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Ahamiyatli jihati shundaki, obyekt qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushirilgandan so‘ng esa 120 nafar doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Taʼkidlash joizki, mazkur yirik loyiha xalqaro ochiq tender savdolarini o‘tkazish orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz: Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida o‘tkazilgan xalqaro ochiq tenderda 2021 yil 19 noyabrda «EDF International S.A.S.» (Fransiya), «Nebras Power Investment Management B.V.» (Qatar), «Sojitz Corporation» (Yaponiya) va «Kyuden International Corporation» (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi g‘olib bo‘lgan edi.

Maʼlumot uchun: 2022 yil 20 noyabrda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 220 MVt quvvatli yangi IES ishga tushirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida 1500 MVt quvvatli zamonaviy IES ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net