Iqlim oʻzgarishi, muzliklarning erishi bilan bogʻliq oxirgi
20-30 yilda kuzatilayotgan tendensiya davom etadigan boʻlsa, mintaqaning asosiy suv taʼminoti hisoblangan ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi yaqin yillarda hozirgidan 10-15 foizga qisqarishi mumkin. Shunday boʻlgan taqdirda aholi jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi va qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi hozirgidan 25 foizga kamayib ketishi ehtimoli mavjud.
Shu bois Oʻzbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohani boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida bu borada vazifalar belgilab berilgan.
Ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida soʻnggi yillarda respublikamizdagi suv xoʻjaligi obyektlarida 11 446 ta “Aqlli suv” qurilmasi oʻrnatildi. Bu qurilma orqali suvning hisobi onlayn rejimda monitoring qilinib, aniq hisob yuritish, foydalanish va operativ boshqarish imkoniyati kengayib bormoqda.
Shuningdek, 1 704 ta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi hisoblagichlar, 6 746 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida sizot suvlari sathini onlayn monitoring qiluvchi qurilmalar oʻrnatildi.
65 ta yirik suv xoʻjaligi obyektlarining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi.
Misol keltiradigan boʻlsak, Avstraliyaning “Rubicon Water” kompaniyasi texnologiyalari asosida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi “Mirishkor-Qamashi” kanallarida 26 ta zamonaviy suv zatvorlari oʻrnatilib, gidrotexnik inshootlarning boshqaruv jarayonlari toʻliq avtomatlashtirildi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, suv xoʻjaligi obyektlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali suv nazorati va hisob-kitobi onlayn yuritilib, suvni tezkor boshqarish orqali 2021-yilda 350 mln kub metr, 2022-yilda 410 mln kub metr va 2023-yilda 530 mln kub metr miqdorida suv resurslari iqtisod qilindi.
Xalqaro hamkor tashkilotlarning moliyaviy koʻmagi yordamida suv resurslari balansini va kadastrini yuritish hamda yerlarning meliorativ holatini kuzatib borish imkonini beruvchi bir necha elektron tizimlar (axborot tizimi, maʼlumotlar bazasi, dasturiy taʼminot va mobil ilova) yaratildi.
Xorijiy investitsiya loyihalari doirasida raqamlashtirish va avtomatlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlarini suv bilan taʼminlovchi
“Amu-Buxoro-1”, “Amu-Buxoro-2”, “Qiziltepa”, “Qiziltepa-1”, “Quyimozor” nasos stansiyalarida SCADA tizimi joriy etilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy tumanlaridan oʻtuvchi, uzunligi 69 km boʻlgan “Boʻston” kanalida va umumiy uzunligi 727 km boʻlgan ikkilamchi kanallarda ham SCADA tizimi oʻrnatilmoqda.
Suv resurslarini bir nuqtadan inson omilisiz avtomatlashtirilgan holda boshqarish, sohada zamonaviy yondashuv, ilm-fan, innovatsiyalarni tatbiq etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ilhom Joʻrayev,
Suv xoʻjaligida islohotlar markazi rahbari