QORAQALPOG’ISTON FERMERLARI GERMANIYADA TAJRIBA ALMASHDI

18.12.2019 09:46

BERLIN, 18 dekabr. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog’iston Respublikasining bir guruh chorvadorlari hamda ushbu sohaga mas'ul davlat idoralari xodimlarining Germaniyaga o’quv-tanishtiruv safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Mazkur loyiha O’zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi hamda Jahon banki ko’magida amalga oshirildi. Delegatsiya a'zolari Germaniyaning Bavariya va Baden-Vyurtemberg federal yerlarida joylashgan qator chorvachilik, yilqichilik, parrandachilik fermer xo’jaliklari, shuningdek, qishloq xo’jaligi texnikasi va mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurib, sohaning ilg’or tajribasi va zamonaviy texnologiyalar, innovatsion uslublar bilan yaqindan tanishdi.

 

Obermixelbax shahrida joylashgan “Rosa Kux” korxonasi faoliyati yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg’otdi. Oilaviy fermerlarga tegishli bo’lgan mazkur korxonada biologik chiqindilardan ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi va u 550 xo’jalikka yetkazib beriladi. Shuningdek, korxona tizimida karbonat angidrid miqdori bo’lmagan sut va sut mahsulotlari hamda tuxum sotishga ixtisoslashgan avtomatlar o’rnatilgan do’konlar tarmog’i ishga tushirilgan.

 

Delegatsiya a'zolari Shvandorf shahrida joylashgan “Xorsh Mashinen Gmbx” zavodida traktorlar, yerga ishlov beruvchi (kultivatsiya va tekislash) va urug’ qadovchi texnikalar, ekinni himoya qiluvchi moslamalar va hosil yig’uvchi uskunalar ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Ushbu turdagi traktorlar va boshqa texnika turlarini sotib olish imkoniyatlari o’rganildi.

 

- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog’istonga qilgan tashrifi chog’ida chorvadorlar uchun Germaniyada malaka oshirish loyihasini amalga oshirish bo’yicha topshiriq bergan edi, - deydi “O’zbekchorvanasl” agentligi direktori o’rinbosari Ziyodulla Pirnazarov. - Makur topshiriq ijrosi doirasida bir guruh fermerlar Germaniyaning Bavariya va Baden-Vyurtemberg yerlarida innovatsion uslub asosida chorva mollarini boqish, go’sht va sut mahsulotlari tayyorlash bo’yicha ilg’or tajriba bilan tanishdi.

 

Davlatimiz rahbari qarori bilan Qoraqalpog’istonning to’rtta tumani chorvachilikka ixtisoslashtirilmoqda. Fermerlarimizning germaniyalik hamkasblari bilan qilgan muloqoti, ilg’or innovatsion uslublar bilan tanishgani bu borada tajriba almashgani muhim ahamiyatga ega.     

 

- Fermer xo’jaligimiz 300 gektar yerga ega, unda 550 ga yaqin qoramol va 1000dan ziyod boshqa chorva mollarini parvarish qilamiz, bozorga go’sht va sut mahsulotlari yetkazib beramiz, - deydi «Blumenshtoklar oilasi» oilaviy fermer-xo’jaligi rahbari Yorg Blumenshtok. - Chorva mollariga o’zimiz yem-xashak yetishtiramiz va ulardan chiqqan chiqindilardan biogaz qurilmasi yordamida elektr toki ishlab chiqarib, fermamizning elektr va issiqlik energiyasiga bo’lgan ehtiyojni to’liq o’zimiz qoplaymiz. Bundan tashqari, quyosh energiyasidan ham keng foydalanamiz. Shuningdek, zamona bilan hamnafas tarzda xo’jaligimiz qishloq xo’jaligi uchun kadrlar tayyorlash dasturida faol qatnashadi, agroturizmni rivojlantirmoqda. Bundan tashqari, o’zimiz yetishtirgan va qayta ishlagan mahsulotlardan taomlar tayyorlab, oilaviy restoran faoliyatini yo’lga qo’yganmiz.

 

O’zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Ular bilan go’sht va sut mahsulotlari yetishtirishda o’zaro tajriba almashishga kelishib oldik, O’zbekiston chorvadorlarining xo’jaligimizda amaliyot o’tashi istiqbollarini muhokama qildik.

 

- Biz ekologik toza uslubda kurka va kurka go’shti yetishtirish, kurka ozuqasini ishlab chiqarish va ratsional ozuqa tarkibini takomillashtirish bilan shug’ullanamiz, - deydi “Mak oilasi” parrandachilik fermer xo’jaligi rahbari Mixael Mak. - Xo’jaligimizga O’zbekistondan bir guruh mutaxassislar tashrif buyurib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi, tajriba almashdi. Ular bilan parrandachilik sohasidagi yangi texnologiyalar haqida fikr almashdik va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik. Umid qilamizki, xo’jaligimiz bilan tanishuv o’zbekistonlik hamkasblarimizga manzur bo’ldi. Mehmonlarimiz tomonidan bildirilgan takliflarni amalga oshirish va muntazam tajriba almashishga doim tayyormiz.

 

- Ish tajribasini o’rgangan fermer xo’jaliklarining barchasi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanayotganining guvohi bo’ldik, - deydi “Erbol sharua” fermer xo’jaligi ish boshqaruvchisi Bahrom Utebayev. - Masalan, kurka yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo’jaligida issiqlik va elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyojning quyosh quvvati yordamida qoplanishi, go’sht yetishtirish bo’limining avtomatlashtirilishi va ozuqa ratsionining xilma-xilligi bunga misol bo’la oladi.

 

Biz qoramol kim oshdi savdo markazi bilan ham tanishamiz. U yerda germaniyalik mutaxassislar bilan qoramolning naslli semental turini sotib olishga oid shartnoma tuzish bo’yicha muzokaralar olib boramiz. Bunday muloqotlar kelajakda amaliy rejalar tuzish va sohadagi tajribamizni yanada boyitishga xizmat qiladi.

 

- Germaniyada chorvachilik sohasida qo’llanilayotgan yangicha yondashuv va zamonaviy texnologiyalar, xususan, qoramolga to’g’ri ozuqa berish, zamonaviy ozuqa omborlarini barpo qilish tajribasi katta qiziqish uyg’otdi, - deydi Mo’ynoq tumanidagi “Moin oq” fermer xo’jaligi rahbari Odamboy Abdalov. - Shuningdek, yangi dunyoga kelgan buzoqlarni kompyuter nazorati yordamida avtomatlashgan tarzda ozuqalantirish va ularning oziqlanish natijalarini tahlil qilish mazkur sohadagi yangi innovatsion uslub hisoblanadi. Aynan shu texnologiyani Mo’ynoq tumanida joriy etishni rejalashtirmoqdamiz.

 

Biz qiymati 1 milliard 200 million so’m bo’lgan echkichilik hamda sut va sut mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo’jaligi faoliyatini yo’lga qo’yish ustida ish olib borayapmiz, - deydi “Chistoye beloye zoloto” MCHJ rahbari Xalilulla Yerejepov. - Germaniyada qilgan mazkur safarimiz yangi tajribalar orttirish va ilg’or texnologiyalar mohiyatini o’rganish uchun qulay imkoniyat bo’ldi.

 

Tashrif davomida mamlakatimiz vakillari Myunxen, Regensburg, Noyendettelzau, Ilsxofen, Vaynshtadt, Algoy va Rotenberg shaharlarida joylashgan chorvachilik, yilqichilik, parrandachilik va naslchilik fermer xo’jaliklari, chorva mollari kimoshdi savdo markazlari, qishloq xo’jaligi texnikasi va mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda bo’ldi. O’zaro foydali hamkorlikni yo’lga qo’yish, nemis mutaxassislarini Qoraqalpog’iston agrosanoat kompleksi faoliyatiga jalb qilish va ilg’or texnologiyalarni chorvachilik, parrandachilik, naslchilik va boshqa sohalarga keng joriy etish bo’yicha muzokaralar olib borildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net