“O‘zmilliybank”AJ kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlaydi

18.01.2025 04:20

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 sentyabrda “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 312-sonli qarori qabul qilingan edi. Qarorga ko‘ra, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida quyidagi mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi ko‘zda tutilgan:

– Bir loyiha doirasida 300 million so‘mgacha mikrokreditlarni, shundan 100 million so‘m garovsiz qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan, 200 million so‘mgacha qismini banklar va mikromoliya tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratish;

– mikrokredit beruvchilar tomonidan ajratilgan 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish tizimiga o‘tish belgilangan. Dastur doirasida 300 million so‘mgacha mikrokreditlar kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega kichik tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladi.

Ta’kidlash kerak, bugungi kunda respublikamizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rib kelinmoqda. Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish, mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan samarali tadbirlar jarayonida “O‘zmilliybank” AJ ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, davlatimiz rahbarining "Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash" dasturi doirasidagi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida bank tomonidan respublika miqyosida 1532 ta tadbirkorlik sub’ektlari uchun 157 milliard 544 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Natijada respublikamizning qator hududlarida kichik va o‘rta biznesning salmog‘i ortib, uning iqtisodiyotdagi ulushi ham ortmoqda.

Buni birgina Surxondaryo voloyati misolida tahlil qilsak, mazkur yo‘nalishdagi 73 ta tadbirkorlik sub’ektlari uchun 6 milliard 831 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Xususan, Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan “SURXON CREATIVE PRINT” MCHJ 100 million so‘mlik kredit mablag‘iga bosmaxona faoliyatini yanada kengaytirish uchun uskunalar sotib olgan.

– Tadbirkor faoliyatining rivojlanishi shubhasiz, moliya muassasalari, xususan banklarning qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq, – deydi korxona rahbari Dildora To‘layeva. – “O‘zmilliybank” AJ bilan hamkorligimiz orqali endilikda katta miqdordagi buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish va yangi ish o‘rinlari yaratishga sharoit paydo bo‘ldi.

Termizlik tadbirkor Dildora To‘layeva hududda ushbu yo‘nalishda ajratilgan kreditdan unumli foydalangan biznes vakillaridan biriga aylandi. Yaqinda tadbirkor bankdan olingan navbatdagi moliyaviy ko‘magi orqali hududda istiqomat qiladigan sport shinavandalari uchun fitnes zalini ishga tushirdi. Hozirda mazkur sport zali xotin-qizlarning eng sevimli maskaniga aylangan.

Aytish joiz, hukumatimiz tomonidan kichik biznesni rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor tufayli bu soha yildan-yilga rivojlanib iqtisodiyotning haqiqiy lokomotiviga aylanmoqda. Aslini olganda, kichik biznesning rivojlanishi iqtisodiyotdagi faol va samarali raqobat muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, iste’mol sektorini kengaytirish orqali talabni rag‘batlantirish, bozorni tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, byudjet tushumlarini oshirishga xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net