O?ZBEKISTON ZAMINIDA YETISHTIRILGAN ACHCHIQ QALAMPIR XITOY BOZORIGA YETKAZIB BERILADI

23.07.2019 11:17

O‘zbekistondan Xitoyga achchiq qalampir eksport qilish bo‘yicha muhim hujjat imzolandi.

PEKIN, 23 iyul. /”Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi Bosh Bojxona boshqarmasi o‘rtasida O‘zbekistondan Xitoyga achchiq qalampir eksport qilinishida fitosanitariya talablari to‘g‘risidagi protokol imzolandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Bu quyoshli o‘lkamiz zaminida yetishtirilgan achchiq qalampir mahsulotini O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Xitoy bozoriga olib kirish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil sa’y-harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi.

 Shuni qayd etish kerakki, dunyoning har bir mamlakatida karantin ostidagi mahsulotga, uni olib kirish-olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va yo‘q qilishga doir talablarni belgilaydigan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan fitosanitariya talablari mavjud bo‘lib, ularga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Xitoyda ham mamlakatga xorijdan keltiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qattiq karantin nazorati o‘rgatilgan. Ularning tekshiruvdan o‘tkazish masalasiga Xitoy hukumati alohida e’tibor qaratadi.

 Shu boisdan ham bu yo‘nalishda ko‘rilgan jiddiy-chora-tadbirlar, Davlat Bosh bojxona boshqarmasida tashkil etilgan qator uchrashuvlarning samarasi o‘laroq, tomonlar o‘rtasida ana shunday muhim kelishuvga erishildi. Imzolangan protokolga muvofiq, O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan achchiq qalampir zamonaviy sanitariya-gigiyena me’yorlari, fitosanitariya qoidalari va talablariga javob bermog‘i lozim.

 Ma’lumki, 2018 yil 27 yanvar kuni mamlakatimiz Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga asosan qishloq xo‘jaligi ekinlari tarkibini diversifikatsiya qilish, fermer va dehqon xo‘jaliklari daromadini oshirish hamda eksport hajmini ko‘paytirish maqsadida xorijiy tajriba asosida achchiq qalampir yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan edi.

 O‘zbekiston O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va XXR Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida mazkur protokolning imzolanishi mamlakatimiz tadbirkorlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining hajmini yanada oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilar va fermerlar uchun esa o‘z daromadlarini ko‘paytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratilishida huquqiy zamin bo‘ldi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net