KUALA-LUMPUR, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi ko‘magida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Malayziyaning “MayAir” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Malayziya tomoniga O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yangi turdagi zamonaviy elektrotexnika hamda maishiy elektr mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, tarmoqning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, xorijiy sarmoyador va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha maʼlumotlar berildi.
O‘z navbatida, “MayAir” kompaniyasi sanoat korxonalari, shifoxonalar, tijorat binolari va aeroport terminallarining sovutish tizimlari uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Malayziya kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rganib chiqishlarini va bu hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralar yakunida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan ixtisoslashgan mahalliy korxonalar va ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo‘lgan ichki talab, shuningdek, mahsulotlar eksporti bo‘yicha batafsil maʼlumotlarni ishlab chiqib, Malayziya tomoniga taqdim qilishga kelishib olindi.
Maʼlumot o‘rnida: 2001 yilda tashkil etilgan “MayAir” kompaniyasi isitish hamda ventilyatsiya tizimlari uchun filtr va boshqa jihozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Yevropa, Yaqin Sharq va AQSHda o‘z bo‘limlariga ega.