O?zbekiston Prezidentiga kommunal sohadagi loyihalar haqida axborot berildi

09.12.2022 13:04

TOSHKENT, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev kommunal xizmatlarni yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlar hisoboti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yurtimizda 39 ming 700 taga yaqin ko‘p qavatli uylar bor. Ularda yashovchi aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida boshqaruv-servis kompaniyalari tashkil etilmoqda. Joriy yil boshida bunday tashkilotlar 324 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 766 taga yetgan. Shu tariqa, 36 mingdan ziyod yoki 92 foiz ko‘p qavatli uylar boshqaruv-servis kompaniyalari bilan qamrab olingan.

Bu yilning o‘zida ular tomonidan qurilish, taʼmirlash, texnika va uskunalar xarid qilishga 262 milliard so‘m investitsiya kiritilgan. Yangi tashkil etilgan kompaniyalarda 14 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

Xonadonlar haqidagi maʼlumotlar va hisob-kitoblar “Mening uyim” billing tizimida mujassam bo‘lmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida bu tizim orqali 206 milliard so‘m to‘langan.

Sohadagi muhim vazifalardan biri – uylarni issiqlik bilan barqaror taʼminlash. Bu borada hududlarda manzilli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ko‘p qavatli uylarning yarmidan ko‘pi markazlashgan va induvidual issiqlik taʼminoti tizimiga ega. Qolganlari muqobil pechlar, elektr isitgichlar yoki boshqa uskunalar yordamida isitiladi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tasarrufida 495 ta qozonxona faoliyat yuritmoqda. 2018-2021 yillarda ularning 47 tasi va 78 kilometr issiqlik tarmog‘i rekonstruksiya qilindi. Bu yil Buxoro, Samarqand, Qarshi, Jizzax, Namangan, Asaka kabi shaharlardagi yana 24 ta qozonxona va 182 kilometr tarmoq yangilandi. Natijada 70 ming xonadon va 113 ta ijtimoiy obyekt uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlandi.

Umuman aytganda, bu loyihalar samarasida ko‘p qavatli uylarning issiqlik energiyasi bilan taʼminlanganlik darajasi yana-da ortdi. Yiliga 130 million kub metr tabiiy gaz, 1 million 200 ming kilovatt soat elektr energiyasi tejaladigan bo‘ldi.

Bunday ishlarni izchil davom ettirib, 2023 yilgi investitsiya dasturi doirasida 3 ta yangi qozonxona qurish, 10 tasini taʼmirlash va issiqlik tarmoqlari tortish rejalashtirilgan.

Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Joriy yilda 527 ta inshoot hamda qariyb 7 ming kilometr tarmoq barpo etildi. Yil boshida aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 70 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkichni 74 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahallalar kesimida aytganda, 9 ming 309 ta mahalladan 3 ming 800 tasi to‘liq, qariyb 4 mingtasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Qolgan qishloqlarga suvni transportda yetkazish, shu bilan birga, imkoni bor joylarga tarmoq tortish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 2023 yilda Investitsiya dasturiga asosan 62 ta, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 373 ta obyekt foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bu ishlar natijasida 403 ta mahalladagi 3 milliondan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi, 181 ta mahalla ilk bor bu tarmoqqa ulanadi.

Shuningdek, davlatning ijtimoiy buyurtmasi orqali tuman markazidan olisda joylashgan mahallalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda 17 ta shunday qishloqqa 251 kilometr quvur tortilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarning hayot sifati va aholi salomatligidagi ahamiyatini taʼkidlab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net