O?zbekiston Prezidenti 3-4-oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi

02.10.2022 01:28

TOSHKENT, 2-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya tomonining taklifiga binoan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-4 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmatidan maʼlum qilinishicha, ikki mamlakat yetakchilarining o‘tgan yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, bo‘lajak sammit davlatimiz rahbarining javob tashrifi hisoblanadi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Budapesht shahrida Vengriya Prezidenti Katalina Novak va Bosh vazir Viktor Orban bilan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston-Vengriya sammitining kun tartibidan strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

O‘zaro savdo ko‘lamlarini kengaytirish, farmatsevtika, agrosanoat majmui, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham o‘zaro fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net