Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev rahbarligidagi delegatsiya Kuala-Lumpurdagi Islom taraqqiyot bankining (ITB) Iqtidorlar markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida barqaror moliyalashtirish, halol sertifikatlash sanoatini rivojlantirish va amaliyotda muvaffaqiyatdan o‘tgan innovatsion iqtisodiy yechimlarni joriy etish sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Malayziya 2028 yilgacha yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirishi mumkin. Bunga mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va kuchli valyuta bilan birga innovatsion iqtisodiy siyosati sabab bo‘lmoqda. Malayziyaning moliyaviy barqarorlik, muvozanatli rivojlanish va ilg‘or boshqaruvga asoslangan muvaffaqiyati O‘zbekiston uchun o‘rganishga arziydigan tajribadir.
Ushbu markaz Malayziyaning muvaffaqiyatli iqtisodiy yechimlari va tajribasini unga a’zo davlatlar bilan bo‘lishish bo‘yicha asosiy platforma hisoblanadi. Masalan, barqaror moliyalashtirishda Malayziya yashil va islom moliyasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Xususan, Malayziyaning uglerod birliklari savdosi va barqaror loyihalar uchun innovatsion moliya vositalari O‘zbekistonning "yashil" iqtisodiyot maqsadlariga mos keladi. Halol sertifikatsiya ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha markazning tajribasi O‘zbekistonga global miqyosda ziyorat turizmi rivojlanishi sharoitida oziq-ovqat va turizm sohalarida xalqaro standartlarni joriy etish va raqobatbardoshlikni oshirishda yordam beradi.
Innovatsion yechimlar bo‘yicha Malayziyaning moliyaviy texnologiyalar (fintech) va raqamli moliya bo‘yicha ilg‘or tajribasi aholisining aksariyati yoshlardan iborat O‘zbekiston uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida malaka oshirish dasturlari, halol sertifikatlash sanoatini rivojlantirish strategiyalari va barqaror moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni amaliy natijalarga aylantirishga kelishib oldi.