OʻZBEKISTON IQTISODIYOTI RAQAMLARDA.

13.02.2024 02:43

Qaysi soha qanday rivojlanmoqda?

Mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ustuvor yoʻnalishlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida oʻz ifodasini topgan.  Shundan kelib chiqib, oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlar samarasi  asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarda yaqqol koʻzga tashlanadi.

Jumladan, dastlabki baholashlarga koʻra, 2023-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1 kvadrillion 66,6 trillion soʻmni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 6 foizga oshdi. Yalpi ichki mahsulot (YAIM) tarkibida qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi tarmogʻida 4,, sanoatda 6, qurilishda 6,4, savdo, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlarda 10,2, tashish, saqlash, axborot hamda aloqa xizmatlarida 12,3 va boshqa xizmat tarmoqlarida 4,5 foiz oʻsish kuzatildi.

2023-yil holatiga Oʻzbekiston Respublikasi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarining oʻsish surʼatlari
(oʻtgan yilga nisbatan, % da)

dfjglijdfbvd43514b1x

2023-yilda iqtisodiyot tarmoqlari tarkibida qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi ulushi 24,3, sanoat 26,1, qurilish 6,2, xizmatlar sohasi hissasi 43,4 foizni tashkil etdi.

Xizmatlar sohasining YAIM oʻsishiga hissasi 2,6, sanoat 1,5, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi tarmogʻi 1, qurilish sohasi ulushi 0,4 foizga teng boʻldi.

Shuningdek, 2023-yilda respublika boʻyicha YAIMning shakllanishida Toshkent shahri 17,1 foiz ulush bilan eng katta hissa qoʻshdi. Toshkent, Navoiy viloyatlari 10,1, va 7,7 foiz koʻrsatkichlari bilan keyingi oʻrinlarni egalladi. Sirdaryo viloyati (2 foiz), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (3,1 foiz)  hamda Jizzax viloyatiga (3,1 foiz ) bilan eng kam natija koʻrsatgan.

Shuningdek, oʻtgan yili aholi jon boshiga YAIM hajmi joriy narxlarda 29,3 million soʻmni tashkil etgan va 2022-yilga nisbatan 3,8 foizga oʻsgan.

Sanoat ishlab chiqarishi

2023-yilning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 69,4 mingdan ziyod sanoat korxonalari tomonidan 655,8 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan hajmi 6 foizga oshdi. Jumladan, eng yuqori ulush 84,4 foiz bilan qayta ishlash sanoatiga toʻgʻri keldi. Togʻ-kon va ochiq konlarni ishlash sanoatining ulushi 8,4, elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash sanoatining ulushi 6,7, suv bilan taʼminlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish sanoatining hisasi 0,5 foizni tashkil etdi.

Qayta ishlash sanoati korxonalarida ishlab chiqarish hajmining oʻtgan yilga nisbatan 6,7 foizga hamda elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash sanoatida 9,7 foizga oshishi kuzatildi. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022-yilga nisbatan 6,2, toʻqimachilik mahsulotlari  6,4 foizga koʻpaydi.

Oʻzbekiston Respublikasida sanoat ishlab chiqarishining asosiy tarmoqlari boʻyicha ishlab chiqarish hajmlari

T/r

Tarmoq nomi

2022-yil

2023-yil

(dastlabki maʼlumot)

hajm,

mlrd.soʻm

oʻsish surʼati,%

hajm,

mlrd.soʻm

oʻsish surʼati,%

1.

Jami sanoat

553 265,0

105,3

655 821,9

106,0

2.

Togʻ- kon sanoati va ochiq konlarni ishlash

52 093,5

101,9

55 240,5

101,0

3.

Ishlab chiqaradigan sanoat

460 491,8

105,4

553 333,4

106,7

4.

Elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash

37 653,6

113,5

44 247,7

109,7

5.

Suv bilan taʼminlash; kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish

3 026,1

94,7

3 000,3

101,0

          Hududlar kesimida yuqori oʻsish surʼatlari Jizzax (7,4 foiz), Andijon (7,3 foiz), Namangan (7,2 foiz), Sirdaryo (7,1 foiz), Qashqadaryo (7,1 foiz), Navoiy (6,7 foiz), hamda Fargʻona (6,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Ijobiy oʻsish surʼatlariga erishishda 2023-yilda
14,1 mingdan ortiq yangi tashkil etilgan sanoat korxonalarining ahamiyati katta. Xususan, toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning har birida 3,3 mingtadan, mebel, kimyo sanoatida mos ravishda 0,9 va 0,5 mingta yangi subyektlar ish boshladi.

2023-yilda oʻzlashtirilgan jami investitsiyalarning qariyb yarmi, yaʼni 53,3 foizi aynan sanoat sohasini rivojlantirish va moderinizatsiya qilishga yoʻnaltirildi. Bu esa respublikamizda import oʻrnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga hamda qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilyapti.

Shunga koʻra, oʻtgan yilda sanoat tarmoqlariga kiritilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmi 140 trillion soʻmga, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 68,6 trillion soʻmga yetdi.

2023-yilda respublika eksporti hajmi 24,4 milliard dollarga teng boʻlib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 23,8 foiz oʻsishga erishildi. Bunda toʻqimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 3 milliard dollarni, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 1,8 milliard dollarni, mashina va transport asbob-uskunalari 1,3 milliard dollarni tashkil etdi.

Qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi tarmogʻi

Davlat tomonidan agrar sohani qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiy manfaatdorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan tizimli tadbirlar natijasida, dastlabki maʼlumotlarga koʻra,  yil yakuni boʻyicha qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligining umumiy hajmi 426,3 trillion soʻmni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 4,1 foizga oshdi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari umumiy hajmining 63,1 foizi   dehqon va tomorqa xoʻjaliklari hamda 29,8 foizi fermer xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

2023-yilda respublika boʻyicha jami 8,4 million tonna (oʻtgan yilga nisbatan 105,5 foiz) don va dukkakli don ekinlari, 3,6 million tonna (103,8 foiz) kartoshka, 11,5 million tonna (103,5 foiz) sabzavotlar, 2,5 million tonna (105,5 foiz) poliz hamda 3,1 million tonna (104,1 foiz) meva yetishtirildi.

Oʻtgan yil davomida respublika boʻyicha tirik vaznda jami goʻsht ishlab chiqarish hajmi 2,8 million tonnani (oʻtgan yilga nisbatan 103,9 foiz), sut 12 million tonnani (102,9 foiz), tuxum  8 487,5 million donani (104,4 foiz) hamda baliq yetishtirish 198,9 ming tonnani (107,3 foiz) tashkil etdi.

Chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish koʻrsatkichlarining xoʻjaliklar toifalari boʻyicha tahlili shuni koʻrsatdiki, tirik vazndagi goʻshtning umumiy hajmida 84,9, sutning  92,8 hamda tuxumning 57,9 foizi dehqon va tomorqa xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keldi.

2024-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, respublikada yirik shoxli qoramollar umumiy bosh soni 14,1 millionni (2023 yilning mos davriga nisbatan 288,9 ming boshga koʻp), shundan sigirlar 5 million, (89,8 ming boshga koʻp), qoʻy va echkilar 24,1 million, (515,8 ming boshga koʻp) va parrandalar 103 milldion boshni (5,7 million. boshga koʻp) tashkil etdi.

Chorva mollari va parrandalar bosh soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xoʻjalik toifalari boʻyicha tahlil qilar ekanmiz, yirik shoxli qoramollarning 90, sigirlarning 90, qoʻy va echkilarning 77,5 hamda  parrandalarning 48,5 foizi dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida parvarishlanmoqda.

Xizmatlar sohasi

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilning yanvar — dekabr oylarida koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 470,3 trillion soʻmni tashkil etib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13,7 foizga koʻp demakdir.

Xizmatlar umumiy hajmining oʻsishiga moliyaviy xizmatlarining 20,6, savdo 10,2, aloqa va axborotlashtirish 24,6, taʼlim sohasidagi xizmatlarning 22,8 foizga oʻsishi ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Moliya sektori yangi mahsulot va xizmatlarni joriy etish hamda texnologiyalarga sarmoya kiritish hisobiga jadal rivojlanmoqda. 2023-yilda uning hajmi 106,4 trillion soʻmga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 120,6 foizni tashkil etdi va jami koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmidagi ulushi 22,6 foizga teng boʻldi.

Moliyaviy xizmatlar hajmi oshishiga bank tizimi barqarorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar, istiqbolli investitsiya loyihalarini kreditlashning kengayishi, valyuta siyosatini liberallashtirish oʻz taʼsirini koʻrsatdi.

2023-yil yanvar dekabr oylari yakuniga koʻra koʻrsatilgan bozor xizmatlari

Xizmat turlarining nomi

Hajmi,
mlrd. soʻm

Oʻsish surʼati,
% da

Xizmatlar – jami

470 286,5

113,7

shundan asosiy turlari boʻyicha:

aloqa va axborotlashtirish xizmatlari

32 226,6

124,6

moliyaviy xizmatlar

106 363,8

120,6

transport xizmatlari

108 477,7

108,0

yashash va ovqatlanish xizmatlari

18 327,3

112,6

savdo xizmatlari

110 662,4

110,2

koʻchmas mulk bilan bogʻliq xizmatlar

12 064,3

113,3

taʼlim sohasidagi xizmatlar

20 418,4

122,8

sogʻliqni saqlash sohasidagi xizmatlar

8 441,2

111,6

ijara xizmatlari

7 542,6

105,2

kompyuterlar taʼmirlash boʻyicha xizmatlar

7 021,5

106,6

shaxsiy xizmatlar

10 916,0

106,3

meʼmorchilik sohasidagi xizmatlar

7 959,7

100,2

boshqa xizmatlar

19 865,0

120,6

Transport xizmatlari hajmi 108,5 trillion soʻmga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 108 foiz darajasida qayd etildi. Ushbu xizmat turining jami koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmidagi ulushi 23,1 foizni tashkil etdi. Ularning oʻsishiga temir yoʻl transportida koʻrsatilgan xizmatlar katta taʼsir koʻrsatdi — 112,4 foiz. Shu bilan birga, omborga joylashtirish va yordamchi transport xizmatlarining 14,9 foiz oʻsishi taʼminlandi.

Soʻnggi yillarda aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining jadal oʻsishi kuzatilmoqda. Masalan, 2019-yilda 108,3 foizga teng boʻlsa, 2023-yilda  oʻsish surʼati 124,6 foizga yetdi. Ular hajmi 32,2 trillion soʻmni tashkil etdi.

2023-yilda savdo xizmatlari hajmi 110,7 trillion soʻm, 2022-yilning nisbatan oʻsish surʼati 110,2 foiz  boʻldi. Ushbu turdagi xizmatlar yalpi qoʻshilgan qiymatining oʻsishi avtomobilhamda mototsikllar ulgurji va chakana savdosi, jumladan, ularni taʼmirlash xizmatlarining 29,4 foizga oʻsishi hisobiga taʼminlandi.

Taʼlim sohasida xizmatlar hajmi 20,4 trillion soʻmni tashkil etib, avvalgi yilga qaraganda oʻsish surʼati 122,8 foizga yetdi. Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari, xususan, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining mavjud va yangi filiallarida yangi fakultetlar ochilishi, shuningdek, toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul oʻrinlarning ochilishi taʼlim sohasida xizmat koʻrsatish hajmi oshishiga olib keldi.

Internet tarmogʻining keng qoʻllanilishi, logistika, elektron toʻlov tizimlari va elektron hujjat aylanishining paydo boʻlishi natijasida faoliyatning yangi shakli — elektron tijorat faol rivojlanmoqda. Tahlil qilinayotgan davrda yirik korxonalarning elektron tijorat hajmi jami koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmining 2,7 foiz ulushiga teng boʻldi.

2023-yil yakuniga koʻra, mamlakatimizga turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 6 million 626,3 ming kishini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 26,6 foiz oshdi.

Asosiy kapitalga investitsiyalar

2023-yil yanvar — dekabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha jami 352,1 trillion soʻm asosiy kapitalga investitsiyalar oʻzlashtirilib, bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 122,1foizga oʻsganidan dalolat beradi.

Taʼkidlash joizki, mazkur yuqori oʻsish markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan taʼminlandi. Ular jami investitsiyalarning 87,3 foizini qamrab oldi yoki 307,3 trillion soʻm investitsiyalar oʻzlashtirilib, 2022-yilga nisbatan 26,2 foizga koʻpaydi.

Markazlashmagan moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisida gap ketganda, toʻgʻridan-toʻgʻri va kafolatlanmagan xorijiy investitsiya hamda kreditlar hisobidan oʻzlashtirilayotgan sarmoyalarning oʻrni kattaligini alohida taʼkidlab oʻtish zarur. Bu investitsiyalar 166,7 trillion soʻmni yoki jami investitsiyalarning 47,4 foizini hamda 2022-yilga nisbatan oʻsish surʼati 156,2 foizni tashkil etdi. 

Xorijiy investitsiyalarning investor mamlakatlar boʻyicha geografiyasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, unda Xitoydan kirib kelgan investitsiyalarning oʻzlashtirilishi eng yuqori ulushga ega boʻlib turganini koʻrish mumkin. Ushbu mamlakat investitsiyalarining oʻzlashtirilishi jami oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning 25,6 foizi yoki 48,1 trillion soʻmdan iboratdir.

Shuningdek, Rossiya investitsiyalarininig oʻzlashtirilishi
25,2 trillion soʻm yoki jami oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 13,4 foizini, Turkiya investitsiyalarining oʻzlashtirilishi 12 trillion soʻm yoki jami oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 6,4 foizini tashkil etdi.

Bajarilgan qurilish ishlari hajmi

Qurilish iqtisodiyotning bir qismi sifatida iqtisodiyotning barcha boshqa tarmoqlari uchun asosiy fondlarni yaratish
va modernizatsiya qilishda ishtirok etadi. Shuning uchun asosiy fond yaratuvchi tarmoq hisoblanadi.

2023-yilda mamlakatimizda bajarilgan qurilish ishlar hajmi 149,9 trillion soʻmni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 6,4 foizga koʻpaydi. Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha tahlil qilinganda, bino va inshootlar qurilishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yetakchilik qildi. Yaʼni jami bajarilgan qurilish ishlarining 70,1 foizi ular ulushiga toʻgʻri keldi. Fuqarolik obyektlari qurilishining hissasi 20,6 foizni yoki 31 trillion soʻmni, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarining ulushi 9,3 foizni yoki 13,9 trillion soʻmni tashkil qildi.

Qurilish ishlari tarkibi

                df74bg86ds468bv4sd561v64v351x

Qurilish faoliyatini olib boruvchi korxona va tashkilotlarining soni 2024-yilning 1-yanvar holatiga muvofiq, 34 ming 749 tani tashkil qilib, qurilish sohasi tomonidan  yaratilgan yalpi qoʻshilgan qiymat mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 6,2 foizni qayd etdi.

Oʻtgan yili mamlakatimizda umumiy maydoni 14,1 million metr kvadratga teng turarjoylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur turarjoylar 63 ming xonadonga moʻljallangan boʻlib, aholining uyga boʻlgan talabini qondirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, turarjoylarning 64,6 foizi qishloq joylarda ishga tushirildi. Ijtimoiy sohaning muhim tarmogʻi hisoblangan taʼlim yoʻnalishida respublika boʻyicha jami 107,4 ming oʻquvchi oʻringa moʻljallangan maktablar hamda 27,6 ming oʻringa moʻljallangan maktabgacha taʼlim muassasalari, qariyb 2,8 ming yotoqqa moʻljallangan kasalxonalar va 5 mingdan ortiq qatnovga moʻljallangan poliklinikalar foydalanishga topshirildi.

Tashqi savdo aylanmasi

Mamlakatimizda soʻngi yillarda mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, importni optimallashtirish, umuman, tashqi savdo muvozanatini taʼminlash maqsadida imtiyoz va afzalliklarning kompleks tizimi yaratildi. Buning natijasida jahon bozorlaridagi konyukturaning sezilarli oʻzgarishlariga qaramay, oxirgi besh yil ichida tashqi savdo aylanmasi 1,5 barobar oʻsdi.

Eksport qiluvchi korxonalarga, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlariga mahsulotlarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish, ularni tashqi bozorlarga olib chiqishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan tuzilmalar tashkil etildi.

Soʻnggi yillarda tashqi savdo sohasidagi amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli oʻtgan yilda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 62,6 milliard dollariga yetdi va 2022-yil nisbatan 12,1 millard dollariga yoki 23,9 foizga oshishi taʼminladi.

Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 24,4 millirad dollarga (23,8 foizga oshdi) va import hajmi 38,2 milliard dollarga (24 foizga koʻpaydi) yetdi. Hisobot davrida 13,7 milliard dollar qiymatida manfiy tashqi savdo balansi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi

(mlrd dollar)

d67f87d561v354s3dv

Mamlakatimiz jahonning 198 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (21,9 foiz), Rossiya (15,8 foiz), Qozogʻiston (7 foiz), Turkiya (5 foiz) va Koreya Respublikasi (3,7 foiz) hissasiga toʻgʻri keldi.

Keyingi yillarda Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi qoʻshni davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berdi. Soʻnggi besh yil ichida tashqi savdo aylanmasi Turkmaniston bilan ikki karra, Tojikiston bilan 1,6, Qozogʻiston bilan 1,3 va Qirgʻiziston bilan 1,2 barobardan ziyodga oshdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida va amalga oshirilgan islohotlar natijasida eksportchilar soni 7,3 mingtaga yetdi va ular tomonidan 16,2 milliard dollar (nomonetar oltindan tashqari) qiymatidagi (oʻsish 4,5 foiz) tovar va xizmatlar eksport qilinishi taʼminlandi.

2023-yilda tovarlar va xizmatlar eksporti boʻyicha asosiy hamkorlarimiz Rossiya (13,5 foiz), Xitoy (10,1 foiz), Qozogʻiston (5,6 foiz), Turkiya (5,1 foiz), Afgʻoniston (3,5 foiz) va Qirgʻiz Respublikasi (2,6 foiz) kabi davlatlar boʻlgan. Ularning umumiy respublika eksportdagi ulushi 40,4 foizni tashkil etdi.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 78,8 foizga yetib, unda sanoat tovarlari (16,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,3 foiz), kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (5,4 foiz), mashinalar va transport asbob-uskunalari (5,3 foiz) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Asosiy eksport mahsulotlari orasida toʻqimachilik yetakchilik qilmoqda. Xususan, 2023-yil yakuni boʻyicha 3,1 milliard dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 12,5 foizini tashkil etdi va soʻngi besh yillikda qariyib 2 barobarga oshgani kuzatildi.

2023-yilda 1,2 milliard dollar qiymatidagi yoki 1,8 million tonna meva-sabzavot eksporti amalga oshirilgan boʻlib, ushbu koʻrsatgich 2022-yilga nisbatan 3,3 foizga koʻpaydi yoki 18,9 ming tonnaga oshgani qayd etildi. Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) hamda Qozogʻiston (10,3 foiz) hissasiga toʻgʻri kelgan.

2023-yilda import hajmi 38,2 millard dollarni va 2022-yilga nisbatan 24 foiz oʻsishni tashkil etdi. Tovarlar importi surʼati tahliliga koʻra, import qilingan tovarlar hajmi 7,4 millard dollarga koʻpaydi va 35,6 miliard dollarga yetdi. Xizmatlar importi esa 2,6 milliard dollarni qayd etdi va 2022-yilga nisbatan 1,6 foizga kamaydi. Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va asbob-uskunalar (39,2 foiz), sanoat tovarlari (16,6 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,8 foiz) hisobiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Statistika agentligi 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net