OʻZBEKISTON – AQSH BIZNES-FORUMI

21.06.2019 12:01

AQSH sertifikatlangan ilk savdo missiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida poytaxtimizda 18-20-iyun kunlari Oʻzbekiston – AQSH biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan AQSH savdo vazirligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda savdo, moliya, metallurgiya, aviatsiya, logistika, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, geologiya, dasturiy taʼminot kabi sohalarda faoliyat yurituvchi vazirlik va idoralar, kompaniya va firmalar rahbarlari, biznes doiralar vakillari ishtirok etdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov va boshqalar Prezidentimizning Amerika Qoʻshma Shtatlariga tashrifidan ushbu mamlakat bilan koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarida yangi sahifa ochilganini taʼkidladi.

Ushbu tashrifdan soʻng mamlakatimizda biznes yuritish istagida boʻlgan AQSH kompaniyalari soni ortib, ular bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli qoʻshma loyihalar koʻpaydi. 

Tadbirda amerikalik ishbilarmonlarga mamlakatimizda savdo-investitsiya, qurilish, energetika, transport, moliya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, toʻqimachilik kabi sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi, qator yoʻnalishlar boʻyicha foydali bitimlar imzolandi.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tomonidan AQSHning “General Electric”, “John Deere” va “CAT/Zeppelin” kabi kompaniyalari vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar soʻnggida mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotlarni mahalliylashtirish, qoʻshma korxonalar tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

“B2B” shaklidagi uchrashuvlarda AQSH savdo-investitsiya kompaniyalarining mamlakatimizda biznes faoliyatini yanada kengaytirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston – AQSH biznes-forumi mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishdagi manfaatli sheriklikni yoʻlga qoʻyish uchun oʻziga xos platforma boʻlib xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net