NAVOIY VILOYATI DELEGATSIYASINING XITOYGA AMALIY SAFARI SAMARALI BO?LDI

26.02.2019 15:11

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish va ularni yanada chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlar doirasida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston hududlarining navbatdagi, Navoiy viloyati delegatsiyasining Xitoyga amaliy safari tashkil etildi.

Viloyat hokimi K.Tursunov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan navoiylik ko‘p sonli tadbirkorlar ham o‘rin oldi. Yurtdoshlarimiz Xitoyning Chjetszyan, Futszyan, Shandun va Szyansu provinsiyalarida bo‘lishib, mintaqalarning qurilish, tog‘-kon, kimyo, qishloq xo‘jaligi sanoatidagi yetakchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

 O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining Futszyan provinsiyasidagi Syamen shahar meri o‘rinbosari Xan Szin I bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida mintaqalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalar va sayyohlik almashuvlari sohalaridagi hamkorlik masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

 Uchrashuv chog‘ida shahar merining o‘rinbosari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bugungi kunlarga kelib sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etar ekan, o‘zaro munosabatlar aniq-ravshan va amaliy mazmun bilan boyib borayotgani quvonarli hol ekanligini ta’kidladi. U mintaqaga Xitoy sarmoyalarini jalb etish hamda XXR bozoriga O‘zbekiston mahsulotlari yetkazib berilishi yuzasidan mamlakatimiz tomonining intilishlarini Xitoy tomoni olqishlashini qayd etar ekan, mintaqa salohiyati bilan tanishish va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish uchun Syamen shahri tadbirkorlarining Navoiy viloyatiga safarini uyushtirish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

 Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Navoiy viloyati hokimligi va Syamen shahar meriyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 Amaliy safar doirasida Chjetszyan provinsiyasida mahalliy ma’muriyat va Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashi (CCPIT) hamkorligida mamlakatimiz vakillari ishtirokidagi biznes anjuman tashkil etildi. Unda provinsiyaning qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish sanoati hamda sayyohlikka ixtisoslashgan yuzdan ziyod yetakchi kompaniyalarining vakillari ishtirok etdilar.

 Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov biznes-forum qatnashchilarini o‘zi rahbarlik qilayotgan hududning o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyatga ega ekanligi bilan tanishtirar ekan, xorijlik sarmoyadorlar uchun juda qulay sharoitlar yaratilgani, xususan, ularga salmoqli boj va soliq imtiyozlari taqdim etilganini alohida ta’kidladi.

 Biznes anjumani doirasida Navoiy viloyati ishbilarmon doiralari va Xitoy kompaniyalari vakillari o‘rtasida B2B muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi. Ularning yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida mamlakatimiz ichki bozoridagi talabga javob beradigan hamda eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyaga asoslangan uskunalarni yetkazib berish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

 Xanchjou shahrida esa mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari qurilish asbob-uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoyda birinchi, dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan Hangzhou Great Star Industrial Co., Ltd. kompaniyasining yirik zavodi faoliyati bilan tanishdilar. Kompaniya rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Xitoy tomoni muayyan turdagi o‘z mahsulotlari ishlab chiqarilishini Markaziy Osiyo mintaqasida yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik bildirdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda biznes yuritish muhiti va O‘zbekiston bozori bilan yaqindan tanishish uchun yaqin vaqt ichida Hangzhou Great Star Industrial Co., Ltd. kompaniyasi mutaxassislarining respublikamizga safarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 Ma’lumki, Navoiy viloyatida ma’danli toshlarning katta zaxirasi mavjud. Shu bois mamlakatimiz delegatsiyasining Nanan shahriga (Futszyan provinsiyasi) ham safari tashkil etildi. Tog‘-kon sanoatiga ixtisoslashgan yirik kompaniyalar ish olib boradigan ushbu hududda respublikamiz delegatsiyasi a’zolari Tiancheng stone processing co., ltd, Yingliang stone So., ltd, Huahui Co. Ltd. singari kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

 Xitoy Qurilish toshlari assotsiatsiyasi raisi rahbari Van Sin’an bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida marmar va granitni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga Xitoy tomoni tayyor ekanligi ma’lum qilindi. Viloyatning bu jabhadagi salohiyati bilan tanishish, sarmoyaviy takliflarni joyida o‘rganish va aniq rejalarni tuzish maqsadida joriy yil mart oyida bir guruh Xitoy kompaniyalari vakillarining Navoiy viloyatiga safarini uyushtirish yuzasidan ham o‘zaro kelishuvga erishildi.

 Bundan tashqari, Nanan shahriga safar doirasida tog‘-kon sanoati jabhasida faoliyat ko‘rsatadigan, shuningdek, bu sohaga ixtisoslashgan zavodlarni qurish bo‘yicha nom qozongan «Xiamen Eastern Pegasus Co., Ltd.» kompaniyasining bosh menejeri Li Chjunchen bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida Navoiy viloyatida xitoylik tadbirkorlar jalb etilgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus zona barpo etish taklifini chuqur o‘rganishga kelishib oldilar. Sanitariya-qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Jomoo Group» kompaniyasi bilan esa Xitoyga kaolin yetkazib berish, Navoiy viloyatida sanitariya-qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha sarmoyaviy loyihalarni hayotga tadbiq etish yuzasidan hamkorlik imkoniyatlari tadqiq etilishini boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

 Yuqoridagilardan tashqari, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash yuzasidan Xitoyning Hangzhou Great Star Industrial Co., Ltd., Dongcheng stone Co. Ltd., Hualong machinery Co. Ltd., HuiHua Holding Co., Kaigong Electric Co Ltd, Asia chemical machinery LTD, Fuzhou X&Y So. LTD va boshqa kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazildi.

 Mintaqalarning yirik korxonalari faoliyati bilan tanishish va sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash uchun Navoiy viloyati vakillarining Shandun hamda Szyansu provinsiyalariga alohida safari uyushtirildi.

 Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha Xitoyning Central Asia Shengwei Long Science and Technology Co.Ltd kompaniyasi bilan Zarafshon tumanida yiliga 1 million 200 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan sement zavodini barpo etish (qiymati 135 million AQSh dollari)Xiang Shui Chang Yang Chemical Co Ltd kompaniyasi bilan sanoat bo‘yoqlari ishlab chiqarish bo‘yicha (qiymati 43 million AQSh dollari) sarmoyaviy hamkorlik yuzasidan Memorandumlar, Zibo Herui trading Co.Ltd kompaniyasi bilan esa turli toshlarni qayta ishlash bo‘yicha sarmoyaviy hamkorlik (qiymati 5 million AQSh dollari) yuzasidan Bitim singari asosiy hujjatlar imzolandi. Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi asosidagi issiqxona xo‘jaligi qurilishi bo‘yicha sarmoyaviy hamkorlikni shakllantirish jarayonlarini boshlash yuzasidan ham dastlabki kelishuvga erishildi.

 Xulosa o‘rnida shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida esa savdo aloqalari borasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda.

  Shuhrat Umirov, 

“Dunyo” AA muxbiri

Pekin

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net