MINTAQALAR: NAMANGAN VILOYATI

30.04.2019 17:00

Iqtisodiyot, biznes va buyuk namanganliklar haqida

Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov «Pravda Vostoka»ga bergan intervyusida iqtisodiyot va biznesga, turizm sohasini takomillashtirishga oid qator muhim mavzular haqida so‘zladi. Shuningdek, yosh avlodni tarbiyalash, ularning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va ma’naviyatini yuksaltirishniyam unutmadi.

– Prezidentimiz farovon hayotimiz, yurt ravnaqi va uning gullab-yashnashi uchun har birimizning fidokorona mehnat qilishimizga alohida e’tibor qaratmoqda, – deya so‘z boshladi X.Bozorov. – Haqiqatan ham, o‘zgarishlar ko‘lamini tasavvur etish va ta’riflash qiyin, ularga nazar solish kerak. 28 fevral – 1 mart kunlari davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga qilgan tashrifi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, qator chiqishlar va ko‘rsatuvlar tayyorlandi, natijada qo‘shni hududlar aholisi ham viloyatga katta qiziqish bildirib, bu yerga borib, hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istab qoldi.

Erishilgan yutuqlar sifatida Janubiy Koreyaning «Hyundai» kompaniyasi avtomobil zavodi bilan hamkorlikda tijorat mashinalari va boshqa texnikalar ishlab chiqaradigan zavodini tashkil etish borasidagi kelishuvni qayd etish joiz. Zavodning poydevoriga birinchi tosh qo‘yildi. Mamlakatning Investitsiya dasturiga kiritilgan loyiha doirasida Norin tumanida «Norin moto bike» velosiped zavodi foydalanishga topshirildi, 200 ming dollarlik investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda. Kelgusida bu yerda nafaqat velosipedlarning turli modellarini, balki mopedlar, skuterlar, motosikllar, trisikllar va kvadrosikllarni ishlab chiqarish o‘zlashtirladi.

Viloyatda to‘qimachilik va yengil sanoat izchil rivojlanmoqda, «Istiqlol dizayn tekstil» hamda «Namangan momiq sochiqlari» MChJlari va boshqa ko‘plab korxonalar «Tashabbus» tanlovida bir necha bor g‘olib bo‘lib, mahsulotlari xorijga muvaffaqiyatli eksport qilinmoqda. Istiqbolli loyihalar ichida sochiq, xalat, choyshablar va boshqalarni ishlab chiqaradigan «Art  Soft Tex Group» korxonasining kengayishi ham ko‘zda tutilgan. O‘tgan yili 290 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, eksport hajmi 9,4 mln. dollarni tashkil etdi. Zavodda va uning filiallarida ikki mingdan ortiq kishi ishlaydi. Yaqin vaqt mobaynida to‘qimachilik klasterini yaratish imkonini beradigan to‘qimachilik majmuasi ishga tushiriladi (O‘R MB kursi 01.03.2019 da, 1$= 8445.49 so‘m).

Darvoqe, 28-fevral kuni Prezidentimiz zamonaviy parrandachilik klasteri barpo etiladigan «Golden Egg of Namangan» MChJga tashrif buyurib, tashkiliy ishlar bilan tanishdi. O‘tgan yili 50 kishi mehnat qiladigan ushbu MChJ 107 million dona tuxum va 3,3 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqargan. Va bu chegara emas - yangi texnologiyalarni joriy etish bilan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbarini korxonaning Germaniya, Kanada, Turkiya va boshqa mamlakatlardan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani, barcha jarayonlarning avtomatlashtirilgani va steril tozalik hukm surayotgani quvontirdi. Ob’ektni ko‘zdan kechirar ekan, mamlakatimiz rahbari go‘sht va tovuq tuxumini ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligiga, tomorqa xo‘jaliklari egalariga tuxum yo‘nalishidagi 90 kunlik bir million bosh jo‘jalarini yetishtirish va sotish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratdi. Bu ichki bozorni to‘ldirish imkonini beradi. Bunda aholiga uslubiy yordam va uy hayvonlari uchun veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish talab etiladi.

Biz bunday tarixiy tashrifdan so‘ng sanoatni yanada rivojlantirish uchun aniq qadamlar qo‘yishga intilamiz. Xususan, Mingbuloq tumanida yana bir parrandachilik fermasining ochilishi kutilmoqda.

Darvoqe, Namangan viloyatida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori doirasida tegishli tashkilotlar, jumladan, soliq xizmati vakillari ishtirokida ishchi guruh tashkil etildi. Uning a’zolari joylarga borib vaziyatni o‘rganadi, eng yaxshi tajribalarni tarqatishga harakat qiladi va o‘z yerlarida biron nima ekmaganlarga nisbatan choralar ko‘radi.

Yil boshidan buyon monitoring o‘tkazildi, tomorqadan, yer-suvdan samarasiz foydalanadigan yer egalariga ogohlantirishlar yuborildi, zarur tavsiyalar berildi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, odamlar nima qilishni bilmaydi va maslahat olishga, issiqxona qurish, sog‘in sigirlar, qo‘ylar, tovuqlar sotib olish va boshqa muammolarni hal qilish uchun kredit olishga muhtoj bo‘lib qoladi.

Eng muhim va samarali dalil: har yili barqaror hosil olish, parranda va chorva mollarini yetishtirish uchun ajratilgan yer egalari uchun yer solig‘ini hisoblashda pasaytirib borish koeffitsiyenti qo‘llanilishi mumkin. Bu ichki bozorni to‘ldirishga katta hissa qo‘shuvchi tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun ulkan rag‘bat.

– Turizm va infratuzilmani rivojlantirish, buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash ishlari qanday borayotgani haqida so‘zlab bersangiz?

– Gapni Namanganda turizm sohasini takomillashtirish nuqtai nazaridan 116 gektar maydonni egallaydigan yangi «Afsonalar vodiysi» ko‘ngilochar bog‘i barpo etish loyihasi juda muhim ahamiyat kasb etayotganidan boshlay qolaylik. Bu yerda sanoatning eng yangi yutuqlaridan foydalanilib 30 ta zamonaviy attraksionlar va boshqa g‘aroyib ob’ektlar quriladi. Park suv inshootlari majmuasiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari qadimiy Axsikentni yirik sayyohlik majmuasiga aylantirish, bu yerda yiliga ikki marta tarixiy festivallar o‘tkazish taklifini berdi. Viloyatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Biz nafaqat moddiy qadriyatlarni yaratishni, balki ma’naviyat, adabiyot va ilm-fan haqida ham o‘ylashimiz kerak. Bu ayniqsa, zamonaviy sharoitda muhim ahamiyatga ega, chunki juda qadimdan Namanganda keng dunyoqarashga ega va ma’rifatli insonlar qadrlangan. Mintaqa dunyoga taniqli adabiyotchilarni bergan. Mahdumi A’zam, Mavlono Lutfullo Chustiy, Boborahim Mashrab, Fazli Namanganiy, Nadima Namanganiy, So‘fizoda, Iskhoqxon Ibrat va boshqalarni eslang.

Masalan, Ibrat - bugungi kunda ham o‘z ahamiyati, dolzarbligini yo‘qotmagan «Tarixi Farg‘ona», «Tarixi madaniyat», «Mezon ul-zamon» kabi asarlar muallifi. Tarixchilar maktab darsliklari ustida olib borayotgan faoliyatlarida uning ishlariga ham murojaat qilishsa, xalaqit qilmasdi. Ularda muhim faktlar, qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Bu globallashuv davrida ayniqsa muhim, chunki yoshlar ota-bobolarimiz kimligini, qanday yashagani va ularni nimalar tashvishga solganini bilishi lozim. Ibrat asarlarida xalqimizning hayoti, mintaqa geografiyasi va hayvonot dunyosi, uning tabiati haqida ko‘plab ensiklopedik ma’lumotlar mavjud.

– Ma’lumki, buyuk ajdodimiz bundan yuz yil muqaddam axborotning mazmuniga katta e’tibor qaratgan, shunday emasmi?

– Albatta. Uning gazeta o‘qimaydigan va dunyoda nimalar sodir bo‘layotganini bilmaydigan xalqlar  o‘lik va uxlab yotgan odamlarga qiyoslangan «Gazet xususida» nomli she’ri ma’lum. Va bunda u mutlaqo haq. Savodsizlikni bartaraf etishda matbuotning roli juda katta edi, deb o‘ylayman, hozirda ham uning o‘rni beqiyos.

Gazeta va jurnallarni o‘qib, odamlar orfografiya va grammatikani o‘rganadi, u yoki bu so‘zning to‘g‘ri yozilishini o‘rganadi, keyin kitoblarga, so‘ng turli ilmlarga qiziqa boshlaydi. Dunyoda yetakchi o‘rinni ilm-fan sohasida yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar egallaydi. Tanqidiy fikrlay olmaydigan va tahlil qilolmaydigan yoshlar kelajakda ham muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Va buyuk olim, tarixchi va yozuvchi bu muammoga o‘ta jiddiy yondashgan.

Prezidentimizning Ibrat shaxsiga alohida e’tibor qaratib, uning nomini abadiylashtirish, mamlakat bo‘ylab qobiliyatli bolalar o‘qitiladigan tillar maktabini ochish uchun choralar ko‘rish borasida topshiriqlar bergani ham tasodif emas. To‘raqo‘rg‘on markazida katta hajmdagi qurilish ishlari amalga oshirildi va umumiy qiymati 13,5 mlrd. so‘mlik Ishoqxon Ibrat yodgorlik majmuasi barpo etildi. Kosonsoyning chap qirg‘og‘ida joylashgan ushbu majmua ikki gektar maydonni egallaydi. Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan ob’ekt yozuvchi haykali, 400 o‘rinli ixtisoslashtirilgan maktab-internat, amaliy san’at va hunarmandchilik markazi, bosmaxonani o‘z ichiga oladi. Bu yerda buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganuvchi yosh iste’dodlar tarbiyalanishi, ko‘plab qiziqarli kashfiyotlar yaratishiga ishonamiz.

Bunga qiziqish uyg‘onishi uchun faqat ilk qadamni tashlash talab etiladi. Masalan, Buyuk Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»sida mintaqamiz va uning tabiati haqida juda ko‘p qiziqarli ma’lumotlarni o‘qish mumkin. Kelgusida «Adabiyot sajdagohi» markazini ochishni rejalashtirmoqdamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ma’naviyat, adabiyot va san’at muammolarini hal etishni shaxsan o‘z nazoratiga olganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Bu Harakatlar strategiyasining hamda beshta tashabbusning muhim qismidir va bu vazifaga rasmiyatchilik nuqtai nazaridan munosabat bildirmaslik lozim.

(Manba: Pv.uz veb-sahifasi)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net