Malayziyaning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasi O'zbekistonda investitsiyaviy loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

06.01.2024 13:57

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning «Fraser & Neave Holdings BHD – F&N» kompaniyasining yangi va xalqaro bozorlarni rivojlantirish bo'yicha direktori Patrik Xeng bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muzokaralar chog'ida mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish, milliy o'zbek mahsulotlarini ishlab chiqarilishini diversifikatsiya qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida Malayziya tomoniga 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy iqtisodiyot drayveri bo'lgan xususiy biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy asoslari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

O'z navbatida, Malayziya tomoni korxona faoliyati haqida taqdimot o'tkazib, kompaniya Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri ekanligini, hozir kunda korxonaning 13 ta filiali Tailand, Myanma, Kambodja, Laos va Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotganini ma'lum qildi.

Patrik Xeng kompaniya faoliyatini kengaytirish va xalqaro bozorlarga kirib borishda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O'zbekistonning o'rni muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidladi.

Malayziya tomoniga mamlakatimizdagi mavjud xom ashyo bazasi, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda "F&N" kompaniyasi ishtirokida qo'shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakuni bo'yicha yurtimizda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish va salohiyatli tadbirkorlar bilan birgalikda qo'shma loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida 2024-yil yanvar oyida "F&N" kompaniyasi vakillarining O'zbekistonga ishchi safarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.

Muzokaralardan so'ng o'zbek diplomatlari kompaniya faoliyati va mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishdilar.

«Fraser & Neave (F&N)» kompaniyasi 1883-yilda Singapurda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish korxonalari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri, Ipox, Malakka, Seremban va Penang shtatlarida joylashgan. Korxona oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda kompaniya tomonidan 31 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va jahonning 93 ta mamlakatlariga eksport qilinyapti.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net