Jahon banki O?zbekistonga strategik islohotlarni amalga oshirishda qo?shimcha ko?mak ko?rsatadi

19.12.2022 09:36

/“Dunyo” AA/. Jahon banki (JB) taraqqiyot siyosatini qo‘llab-quvvatlash doirasida  950 million AQSH dollari miqdorida O‘zbekistonga moliyaviy mablag‘ taqdim etishni maʼqulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bank veb-sayti maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatiga strategik islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, xususiy jabhaga yo‘naltirilgan inklyuziv iqtisodiyot qurish, bozor institutlarini rivojlantirish va barcha fuqarolar iqtisodiy o‘sishning natijalaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi.

Jahon bankining hukumatga yordami moliyaviy paket shaklida taqdim etiladi. U 470 million AQSH dollari qiymatidagi imtiyozli kreditlar va 480 million AQSH dollari qiymatidagi past stavkali kreditlardan iborat.

«Dunyodagi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston islohotlar yo‘lida qatʼiy davom etishini namoyish etmoqda, dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. Jahon bankining joriy operatsiyasi O‘zbekiston uchun 2017 yildan buyon mamlakatda inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida ko‘rsatgan keng ko‘lamli moliyaviy va texnikaviy yordamiga asoslanadi. Jahon bankining mamlakat bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi O‘zbekistonning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi».

Jahon banki moliyalashtirish orqali hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va chora-tadbirlar, fuqarolarni, shu jumladan, kambag‘al va zaif oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish maqsadida yangi Aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarni, moliyaviy xizmatlar bozorida nobank kredit tashkilotlari sonini ko‘paytirish,  kichik tadbirkorlik subyektlarini, mobil telekommunikatsiya aloqalari bozorida barcha ishtirokchilar uchun raqobat muhitini yaratish uchun ushbu bozorda xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish vazifalarini  qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, tobora kengayib borayotgan global iqtisodiy noaniqlik, xalqaro moliya bozorlaridagi murakkablashib borayotgan holat hamda oziq-ovqat mahsulotlari va energiya resurslarining jahon bozoridagi narxlari o‘sayotganligi sharoitida Jahon banki joriy operatsiya doirasida davlat budjetiga ham moliyaviy jihatdan ko‘mak ko‘rsatdi.

2022 yil 16 dekabr holatiga ko‘ra, Jahon bankining O‘zbekistondagi mamlakat bo‘yicha dasturi 27 ta loyihani o‘z ichiga olgan. Loyihalar hukumat tomonidan Bank ko‘magida turli muhim sohalarda amalga oshirilmoqda. Ular xususan, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi, suv taʼminoti va kanalizatsiya, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, taʼlim xizmatlarini, aholini ijtimoiy himoya qilishni, shahar va qishloq infratuzilmasini, innovatsiyalar, soliq maʼmurchiligi, statistika idoralari va moliyaviy tizimlarni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, Jahon banki aholi salomatligi, iqtisodiyot va fuqarolar farovonligi uchun hukumatga COVID-19  pandemiyasi oqibatlarini yumshatishda yordam berishni ham davom ettirmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net