ITIM eksperti: Joriy yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston iqtisodiyoti yuqori oʻsish dinamikasini saqlab qoldi

03.08.2023 16:17

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh  ilmiy xodimi Ruslan Abaturov: Joriy yilning dastlabki 6 oyida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,6 foizga oʻsdi 

“Oʻzbekiston iqtisodiyoti birinchi yarim yillikda yuqori oʻsish dinamikasini saqlab qoldi va beqaror tashqi muhit oʻzgarishlariga chidamliligini saqlab qoldi”, - deb  yozdi  Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) bosh  ilmiy xodimi Ruslan Abaturov “Dunyo” AA  uchun sharhida:

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki 6 oyida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 5,6 foizga oʻsdi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan yuqoridir (5,4%).

Geosiyosiy beqarorlik saqlanib qolganiga qaramay, qoʻshni mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat joriy yilning yanvar-iyun oylarida umuman olganda ijobiy boʻldi. Shunday qilib, Qozogʻistonda iqtisodiyot 5%ga, Qirgʻizistonda 3,9%ga oʻsdi. Xitoyda YAIM oʻsishi 5,5%ni tashkil etdi. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining hisob-kitoblariga koʻra, yanvar-may oylarida Rossiyaning YAIM oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 0,6%ga oshdi.

Oʻzbekistonda inflyatsiya sekinlashishda davom etmoqda va 6 oy yakunlariga koʻra soʻnggi 5 yildagi eng past koʻrsatkichlarni koʻrsatmoqda. Joriy yil yanvar-iyun oylarida inflyatsiya 3,5%ni, 2022-yilning shu davrida esa 6,5%ni tashkil etgan. Yillik koʻrsatkichlarda inflyatsiya 9%gacha (2022-yil iyun oyida – 12,2%) sekinlashdi. Oziq-ovqat inflyatsiyasi 2022-yil yanvar-iyun oylarida 8,9%dan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,1%gacha sekinlashdi. Xuddi shunday, nooziq–ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi 5,8%dan 3,1%ga, pullik xizmatlar narxining oʻsishi esa - 3,3%dan 2,9%gacha sekinlashdi.

6 oy davomida asosiy kapitalga investitsiyalar 7,9%ga oʻsdi (2022-yil yanvar-iyun oylarida – 6,6%). Xususan, markazlashtirilmagan investitsiyalardagi oʻsish surʼati 8,7%ni tashkil etdi. Ulardan korxonalar mablagʻlari hisobidan investitsiyalar 15,8%ga, aholi mablagʻlari – 8,7%ga, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablagʻlari – 36,5%ga oshdi. Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ikki xonali raqamli dinamika, yaʼni 21% darajasidagi oʻsish qayd etildi.

Yilning birinchi yarim yilligida markazlashtirilgan manbalardan investitsiyalar 2,4%ga, xususan, byudjet mablagʻlari hisobidan 3,6%ga oʻsdi. Xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostidagi kreditlar 6,9%ga oshdi.

Umuman olganda, investitsiyalar tarkibida markazlashtirilgan investitsiyalar ulushi 2022-yilning yanvar-iyun oylarida 13%dan 12,3%ga kamaydi, markazlashtirilmagan investitsiyalar ulushi mos ravishda 87%dan 87,7%ga oshdi.

Bu esa, mamlakatimizdagi investitsiyaviy jarayonlarda xususiy sektor va xorijiy investorlarning oʻrni, eng muhimi ularning tadbirkorlik ishtiyoqi oshayotganligidan bir dalolat desak ham, mubolagʻa boʻlmaydi.

Taʼkidlash joizki, jami investitsiyalarda ishlab chiqarish sanoatiga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning ulushi 30,2%gacha (2022-yilning birinchi yarmida 28,9%), togʻ-kon sanoati 8%gacha (6,1%) oʻsdi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish joriy yilning dastlabki 6 oy ichida 5,6%ga, yoki 2022-yilning shu davriga nisbatan (5,1%) jadal surʼatlarda oʻsdi.

Iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi bilan bogʻliq boʻlib, buning natijasida ishlab chiqarish sanoatining oʻsishi 6,3%ni (2022-yilning birinchi yarmida 5,9%) tashkil etdi.

Shuningdek, elektr taʼminoti sanoat tarmoqlari orasida eng dinamik ravishda oʻsdi – 9,9%ga, ammo bu 2022-yil yanvar-iyun oylariga nisbatan past (oʻsish 14,7%).

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarmida oʻtgan yili pasayib ketgan tarmoqlar ham oʻsdi. Xususan, togʻ-kon sanoatida 0,2%ga (2022-yil yanvar-iyun oylarida 0,5% ga kamaygan) oʻsish kuzatildi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish sektori 2022-yilning birinchi 6 oyi yakuniga kura 11,6%ga kamayishiga nisbatan 3,6%ga oʻsdi.

Qurilish sohasidagi dinamika 2022-yil yanvar-iyun oylarida 5,1%dan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,8%gacha sekinlashdi.

Qishloq xoʻjaligida, xususan, oʻsimlikchilik va chorvachilikda mahsulot ishlab chiqarishning oʻsish surʼati 3,8%gacha (2022-yil yanvar-iyun oylarida – 2,7%) tezlashish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, oʻrmon va baliqchilikning oʻsish surʼatlari biroz sekinlashdi.

2023-yilning dastlabki 6 oyi davomida koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 12,3%ga oshdi (2022-yilning shu davrida – 14,5%). Tarmoqlar boʻyicha aloqa va axborotlashtirish xizmatlari ikki xonali surʼatlarda – 22,9%ga, moliyaviy xizmatlar 22,7%ga, taʼlim xizmatlari 19,5%ga, turar joy va oziq – ovqat mahsulotlari 10,4%ga oʻsdi. Transport sohasida xizmatlar hajmi 8,6%ga oshdi. Yuk va yoʻlovchilar aylanmasining oʻsish surʼatlari sekinlashdi.

Chakana savdo aylanmasining oʻsish surʼati 2022-yil yanvar-iyun oylarida 9,9%dan 2023-yilning shu davri uchun 6,9%gacha sekinlashdi.

Yilning birinchi yarim yilligida tashqi savdo aylanmasi 19,4%ga oʻsib, 29,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 23%ga oshib, 12,1 milliard dollarga, import 17%ga oshib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.

Eksportning oʻsishi tashqi bozorlarga mashina va transport uskunalarini yetkazib berishning qariyb 60%ga, oltinning 47%ga, xizmatlarning 41%ga, oziq-ovqat mahsulotlarining 33%ga, turli xil tayyor mahsulotlarning 25%ga oʻsishi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, nooziq-ovqat xom ashyosi eksporti 26%ga, yoqilgʻi-energetika resurslari 20%ga kamaydi.

Importda Oʻzbekistonga yoqilgʻi-energetika mahsulotlari 73%ga, mashina va transport uskunalari 30%ga, kimyoviy mahsulotlar 10%ga oshgani qayd etildi.

Umuman olganda, birinchi yarim yillikning asosiy tendensiyalari makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiyotga salbiy omillarning taʼsirini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ijobiy oʻsish dinamikasini qoʻllab-quvvatlash, investitsiya faolligini kuchaytirishdan iborat boʻldi. Oʻzbekiston iqtisodiyotida yil oxirigacha barqarorlik va jadal rivojlanish surʼatlarini saqlab qolish kutilmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net