Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 30 aprel kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.

01.05.2019 16:46

Davlatimiz rahbari 2018 yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini sifat jihatidan kengaytirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

Oʻtgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis yoʻnalishlarida umumiy qiymati 3 trillion 12 milliard soʻmlik 423 ta loyiha ishga tushirilib, 7 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi (O‘R MB kursi 01.05.2019 da, 1$= 8445.49 so‘m).

Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda sement ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Granit va gabbro toshlarini qazib olish va qayta ishlash korxonasi barpo etildi. Zamonaviy taʼlim, tibbiyot muassasalari, issiqxonalar qurilib, turli ziroatlar yetishtirish, chorvachilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish, aholini arzon, sifatli uy-joy bilan taʼminlashga eʼtibor yanada kuchaydi. Olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning dastlabki choragida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 3,4, sanoat 2, qurilish 25,5, xizmatlar 4,2 foizga oshdi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida viloyatda 42 ta loyihaga 23,6 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Sanoat sohasida 16,2 million dollar, qishloq xoʻjaligida 3,62 million, xizmat koʻrsatish va servis sohasida 3,16 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.

Yangi loyihalarni ishga tushirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hududning eksport salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan hududiy eksport hajmi 131,5 foizga bajarildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi Sariosiyo tumanidagi Toʻpolang gidroelektr stansiyasidan boshlandi.

Mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish uchun tabiiy sharoitga ega joylar koʻp. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish iqtisodiyotimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2 maydagi qarori bilan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi belgilandi. Oʻsha yili 18 maydagi farmonga muvofiq, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Sohada yagona texnik siyosatni amalga oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini izchil oshirish, mavjud gidroelektr stansiyalarni zamonaviy qayta jihozlash va yangi quvvatlarni ishga tushirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda Toʻpolang gidroelektr stansiyasi ham modernizatsiya qilinmoqda. Bu yerda har biri 15 megavatt boʻlgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, avvaliga Toʻpolang suv ombori toʻgʻoni 20 metrga koʻtarildi. Natijada uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt boʻlgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilmoqda. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.

Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.

Davlatimiz rahbari yangi toʻgʻon va gidroelektr stansiyani koʻzdan kechirdi.

– Bu tarixiy voqea, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu ishlarning barchasi kelajagimiz uchun qilinmoqda. Kelgusida Surxondaryo gidroenergiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini taʼminlasa boʻladi.

Shu yerda suv omborlari va gidroelektr stansiyalari holatini monitoring qilishga ixtisoslashgan texnik tizimlar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Shavkat Mirziyoyev suv omborlari toʻgʻonlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini taʼminlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffitsentini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezidentimiz “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Sariosiyo tumanidagi Shargʻun koʻmir konida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda energetika sohasini izchil rivojlantirish, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, aholi va tashkilotlarga bir necha turdagi energiya yetkazib berish choralari koʻrilmoqda.

Shargʻun koʻmir konida Xitoy bilan hamkorlikda 2017-2020yillarga moʻljallangan 105,5 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning 15,7 million dollari “Shargʻunkoʻmir” AJning, 89,8 million dollari esa Xitoy Eksimbankining kredit mablagʻidir. Mazkur loyiha toʻliq ishga tushgach, 2021 yildan boshlab yiliga 900 ming tonna toshkoʻmir qazib olinadi. 600 ta ish oʻrni yaratiladi. Yangi Angren va Angren issiqlik elektr stansiyalariga, sement zavodlari, aholi va boshqa isteʼmolchilarga toshkoʻmir yetkazib berish koʻpayadi.

Mamlakatimizdagi qazilma boyliklari ichida koʻmir alohida oʻrin tutadi. Surxondaryo viloyatining qator tumanlarida mazkur mahsulotning turli xili qazib olinmoqda. Shargʻun koni koʻmiri sifatining yuqoriligi, zaxiraning koʻpligi bilan boshqa shunday konlardan ajralib turadi. Bu yerda ayni paytda konning asosiy zaxirasi tomon togʻ etagidan yoʻl ochilmoqda. Bugungi kungacha 2 kilometru 216 metr masofada qazish ishlari bajarildi. Yana 1,5 kilometrdan soʻng 33 million tonnalik asosiy koʻmir zaxirasiga yetib boriladi.

Davlatimiz rahbariga viloyatda toshkoʻmir qazib chiqarishni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

“Shargʻunkoʻmir” AJni modernizatsiya qilish investitsiya loyihasi, Boysun toshkoʻmir va Sherobod tumanidagi Koʻhitang konlarida koʻmir qazib chiqarishni tashkil etish, Sariosiyo tumani va Shargʻun shaharchasini 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi.

– Bunday sifatli koʻmir hech qayerda yoʻq. Ana shunday loyihalar bizga juda kerak. Yer osti boyliklarimizni xalqimiz manfaati yoʻlida ishlatishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Mazkur loyihani qisqa muddatda va sifatli amalga oshirish, konchilikni yanada rivojlantirish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash zarurligi, Shargʻun shaharchasining ijtimoiy infratuzilmasini tubdan oʻzgartirish, zamonaviy taʼlim, tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar va yangi turar joy binolari barpo etish, suv ombori qurish, chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga tashrifi asnosida rossiyalik investorlar bilan Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida dastlabki qidiruv, uni ishlatish va gaz-kimyo majmuasi qurish boʻyicha mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,2 milliard AQSH dollari boʻlib, ikki bosqichda amalga oshiriladi.

2018-2022 yillarga moʻljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod quriladi. Jumladan, “Erta gaz” dasturi doirasida 2020 yildan boshlab 2 ming 800 metr chuqurlikdagi gaz qatlamidan yiliga 1 milliard kub metrgacha tabiiy gaz qazib olinadi. 2023 yilda yana 15 ta quduq foydalanishga topshirilib, gazni qayta ishlash zavodining ikkinchi liniyasi ishga tushiriladi, natijada gaz qazib olish yiliga 5 milliard kub metrga yetkaziladi.

2023-2025 yillarga moʻljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobidan yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladigan gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan soʻng jami 2 ming 200 ta ish oʻrni yaratiladi.

Hozirgi kunda gaz konining 160 kvadrat kilometr maydonida Xitoyning “BJP” kompaniyasi tomonidan 3D seysmik qidiruv ishlari oʻtkazildi, “Eriyell” kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudugʻi burgʻulanmoqda. Obyektda jami 1 ming 125 ishchi, jumladan, “Beyker Xyuz”, “Xalibyorton” va “Shlyumberje” xorijiy kompaniyalari mutaxassislari mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chogʻida ushbu bitim doirasidagi ishlarning borishi bilan tanishdi. Loyiha hamkori, “Altmax Holding LTD” kompaniyasi taʼsischisi, rossiyalik investor Andrey Filatov bilan dastlabki geologiya-qidiruv ishlari natijalari, gazni qayta ishlash majmuasini loyihalashtirish va qurish haqida suhbatlashdi. Ushbu investor Boysun tumanidagi 10-maktabgacha taʼlim muassasasini rekonstruksiya qilishda ham qatnashgan.

Keyingi yillarda yoqilgʻi-energetika sohasida amalga oshirilgan yirik loyihalar natijasida Ustyurt gaz-kimyo, Qandim gazni qayta ishlash majmualari barpo etilib, raqobatbardosh mahsulotlar nomenklaturasi va ishlab chiqarish hajmi kengaydi. Boysun tumanida boshlangan navbatdagi loyiha mamlakatimizning janubiy viloyatini kompleks rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika, kimyo, qurilish sanoati va transport infratuzilmasi korxonalari quvvatlarini oshirish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda gaz-kimyo majmualari qurish boʻyicha katta tajriba toʻplangani, ushbu loyiha Surxondaryo zaminidagi uglevodorod zaxiralarini oʻzlashtirish va qayta ishlashda olamshumul voqea boʻlayotganini alohida taʼkidladi. Loyihaning energiya samaradorligini oshirish va uni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Termiz tumanida 900 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etish, viloyatda sanoatni rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Boysun tumanida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, Sariosiyo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar taqdimotlari oʻtkazildi.

Prezidentimiz Sariosiyo va Boysun tumanlarida meva-sabzavot yetishtirishni koʻpaytirish, xonadonlarda chorva boqishni keng yoʻlga qoʻyib, oilalarning oʻzini oʻzi taʼminlashga oʻtishi lozimligini taʼkidladi.

– Tuman hokimlari kichik-kichik investitsiya loyihalarini jalb qilib, eksport va soliq tushumini koʻpaytirishi kerak. Shunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha marralarimiz va erishadigan natijalarimiz bugungidan oʻn karra baland boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyat oqsoqollari bilan suhbatlashdi. Mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, xalqimiz manfaatini himoya qilish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, baxshichilik sanʼatini yanada keng targʻib etish masalalari haqida soʻz bordi.

Surxondaryo viloyatida yangi gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi sifatli mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, odamlar turmush darajasini oʻzgartirishga keng yoʻl ochishi qayd etildi.

– Oldimizda qiyin, murakkab, ammo yakkayu yagona toʻgʻri yoʻl turibdi, bu xalqimiz manfaati uchun sidqidildan xizmat qilishdir. Buning uchun barcha bir tan, bir jon boʻlib harakat qilishi, odamlarning oʻzlari ham bugungidan yaxshi yashashga intilishi kerak. Endi xalqimiz ana shunday oʻy-fikr bilan yashashi, oʻzgarishi zarur. Surxondaryo xalqining oʻziga xos feʼl-atvori bor. Eng muhimi, halol, vijdoni pok, yurtimizning kelajagini oʻylaydigan odamlari bor. Ana shunday insonlarning imkoniyatidan samarali foydalanish, belni mahkam bogʻlab, elga xizmat qilishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ichki bozorga sifatli va arzon mahsulotlar yetkazib berishga doimiy eʼtibor berilmoqda. Bunda joylarda tashkil etilayotgan parrandachilik korxonalarining ham alohida oʻrni bor. Muzrabot tumanidagi “Yangiobod invest servis” xususiy korxonasi shulardan biri.

Prezidentimiz viloyatga tashrifi doirasida ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

Yaqinda foydalanishga topshirilgan korxonaning loyiha qiymati 53,127 milliard soʻm. Korxonaga past rentabelli joydan 230 gektar yer maydoni ajratilgan. Uning 220 gektariga parranda uchun ozuqa mahsulotlari ekilib, 10 gektarida binolar joylashgan. Xususan, yettita tovuqxona, ikkita joʻja koʻpaytiradigan binolar qurilgan. Xususiy korxonada 500 ming tovuq boqish imkoniyati mavjud. Shuningdek, 1 million 735 ming dona joʻja parvarishlashga moʻljallangan inkubator ham bor. Bu yerda yiliga 168 million dona tuxum olinadi. Joriy yilning iyun oyida parranda uchun zamonaviy ozuqa ishlab chiqarish liniyasi oʻrnatiladi va korxona toʻliq yem bilan taʼminlanadi. Ayni paytda 1000 tonna sigʻimga ega muzlatkich omborxona qurilmoqda.

Davlatimiz rahbariga “Yangiobod invest servis” xususiy korxonasida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, korxonada yetishtirilayotgan tovuq goʻshtidan sosiska, tovuq patidan koʻrpa-yostiq, suyagidan ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yana bir istiqbolli loyiha biogaz va biooʻgʻit mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasidir. Xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihaning umumiy qiymati 1 million 700 ming AQSH dollariga teng. Uning 500 ming dollari korxonaning oʻz mablagʻi, 1 million 200 ming dollari xorijiy investorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Loyiha amalga oshirilgach, 50 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida ertagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish va eksportga chiqarish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, agrosanoat klasteri tashkil etish va boshqa qator loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Prezidentimiz tomorqachilik boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Surxondaryo viloyatida 400 ming xonadonning 48 ming gektar yeri bor. Joriy yilda birinchi ekinlardan 644 ming tonna hosil olindi. Viloyat iqlim sharoitida kichik issiqxonalar tashkil etish orqali bemalol uch marta hosil olish, eksport qilish mumkin. Bu qariyb 150 ming gektar yerdan foydalanish bilan barobar. Masalan, bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta kartoshka eksport qilish yoʻlga qoʻyildi. Viloyatda 270 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirildi. Uning 100 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan.

– Tomorqachilik oziq-ovqat mahsulotlarini arzon qilish, inflyatsiya darajasini pasaytirishda tayanch nuqtalardan biridir. Bu orqali qancha odam ishli boʻladi, oilalarga daromad, baraka kiradi. Tomorqadan samarali foydalangan odam boqimanda boʻlmaydi, boy boʻladi. Buning uchun barcha sharoit yaratilgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan taqdim etilgan arpa, bugʻdoy, suli va makkajoʻxori donidan yem ishlab chiqaradigan mobil zavodni ham koʻzdan kechirdi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimidagi xoʻjaliklarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, omixta yem ishlab chiqaruvchi mobil zavod, Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Qorabayir” fermer xoʻjaligi faoliyati, tuyaqush, tuyachilik, quyonchilik, zotdor echki boqish haqida ham maʼlumot berildi.

Masalan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan taqdim etilgan omixta yem ishlab chiqaruvchi mobil zavodning loyiha qiymati 280 ming yevro. “MAZ” mashinasiga oʻrnatilgan ushbu mobil zavod Belarus-Avstriya davlatlari hamkorligida ishlab chiqarilgan. Arpa, bugʻdoy, suli, makkajoʻxori, shrot, mineral qoʻshimchalar va oʻsimlik yogʻidan omixta yem ishlab chiqariladi. Soatiga 16 tonnadan ortiq omixta yem tayyorlash quvvatiga ega. Ish jarayoni toʻliq kompyuter tizimida amalga oshiriladi. Agar mahsulotlar bozordan sotib olinsa, mobil zavod bir yilda oʻz tannarxini qoplaydi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimi korxonalaridan olingan mahsulotlardan foydalanilsa, besh oyda oʻz tannarxini qoplaydi.

Mamlakatimiz janubidagi yer osti va yer usti boyliklaridan, hali ishga solinmagan imkoniyatlardan oqilona foydalanish uchun viloyatning mehnatkash, izlanuvchan, fidoyi odamlariga barcha qulaylik yaratilmoqda. Bu borada davlat darajasida koʻrsatilayotgan eʼtibor ularni ruhlantirib, yangi gʻoyalar bilan dadil odimlashga undayotir. Joylarda yangidan taqdim etilayotgan istiqbolli loyihalar buning yorqin dalilidir.

Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

(Manba: O’zA)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net