IHTning Toshkent sammiti: keng mintaqaga tegishli muammolarni hal qilishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi maydon

07.11.2023 17:30

Tarixda ilk marotaba Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadi

8-9 noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammiti bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatimiz 1992 yil noyabr oyidan buyon mazkur tashkilotga  a’zo bo‘lsada, mustaqil O‘zbekiston va ushbu birlashma tarixida ilk bor mamlakatimizda IHT doirasidagi ko‘p tomonlama sammit o‘tkazilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985 yilda Tehronda (Eron) tashkil topgan mintaqaviy davlatlararo tuzilma hisoblanadi.

IHTning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni va transport-kommunikatsiya sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maqsad va vazifalari O‘zbekiston manfaatlariga to‘la mos keladi.

Hozirgi kunda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo hisoblanadi.

1995 yildan boshlab IHT BMT va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini tashkilotning bosh kotibi amalga oshiradi. U IHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan uch yil muddatga saylanadi va tayinlanadi.

2022 yilda O‘zbekiston ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik qildi. Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan IHT 15-sammitida so‘zlagan nutqida savdo, sarmoya, transport va «yashil» iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.  «500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur», – dedi davlatimiz rahbari mazkur sammitdagi nutqida. 

Prezident raislikni o‘z zimmasiga olar ekan, O‘zbekiston IHT doirasidagi har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimiz IHTga Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda rivojlanishni yaxshilash, savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarni ilgari surish yo‘llarini muhokama qilish uchun platforma sifatida qaraydi.

O‘zbekiston ushbu tashkilot doirasida mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo‘shimcha chegirmalarni taqdim etish,  xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlarini engillashtirish,  transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq echimlar topish tarafdori.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoev Ashxoboddagi sammitda «yashil» iqtisodiyotni birgalikda faol rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, uglerod neytralligiga erishish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekiston, shuningdek, Afg‘onistonga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va zarur yordam ko‘rsatish uchun kuchlarni birlashtirish tarafdori. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Afg‘oniston bilan birgalikda ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mintaqaviy ahamiyatga molik yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirishni izchil davom ettirish tashabbusi bilan chiqdi.

Bugungi kunda IHT davlatlari O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari hisoblanadi. 2022 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va IHT davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,3 milliard AQSh dollarini, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida esa 5,8 milliard dollarni tashkil qildi.

2018 yil may oyidan boshlab O‘zbekiston va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘rtasida aloqalar faollashgani kuzatilmoqda. Xususan, 2018 yildan buyon tashkilot bosh kotiblari Xalil Akcha, Xadi Suleymanpur, Xusrav Noziri, shuningdek, bosh kotib o‘rinbosari Xusayn Bichakli O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonining ushbu  tuzilma shafeligida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlardagi ishtiroki ham sezilarli darajada faollashdi.

O‘zbekiston rasmiy delegatsiyalari bosh prokurorlar, dengiz tashkilotlari rahbarlari, transport, turizm va qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishlarida, shuningdek, a’zo mamlakatlarning mineral resurslar bo‘yicha ekspert guruhi va veterinariya tashkilotlari rahbarlarining uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.

2020 yildagi koronavirus pandemiyasi tufayli  ko‘plab tadbirlar onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Jumladan, IHTga a’zo davlatlar yig‘ilishi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) va «ECOLONER»  xalqaro energetika konsalting kompaniyasining IHT Toza energiya markazini tashkil etish loyihasini muhokama qilish bo‘yicha uchrashuvi,  IHTning «Mintaqaviy elektr energiyasi bozorlarining istiqbollari va muammolari: savdo va sarmoyaviy imkoniyatlar»  konferentsiyasi, Fuqarolik aviatsiyasi ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi (noyabr), IHTning geografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha mintaqaviy seminari (noyabr) onlayn shaklda  tashkil etildi.

2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar transport vazirlarining virtual uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning «Markaziy Osiyo – Afg‘oniston – Pokiston», «Markaziy Osiyo – Afg‘oniston – Eron», «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron» avtomobil va temir yo‘l transporti yo‘laklarini yaratish bo‘yicha tashabbuslari tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va yakuniy Deklaratsiyaga kiritildi.

2021 yil yanvar oyida IHTga a’zo davlatlar Maxsus iqtisodiy zonalari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi va Mintaqaviy rejalashtirish kengashining 31-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston raisligida 2022 yil 17-26 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan IHT Mintaqaviy rejalashtirish kengashining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz tashabbusi bilan 2022 yil «O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili» deb e’lon qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik  tashkilotiga raisligi davrida 25 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, 2022 yil 5-6 iyul kunlari Toshkent shahrida tashkilotga  a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda tashkilot bosh kotibi Xusrav Noziri ham ishtirok etdi.

2022 yil 13 dekabr kuni IHT davlatlari turizm vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi onlayn tarzda tashkil etildi. Mazkur yig‘ilish yakunlariga  ko‘ra,  Shahrisabz shahri «2024 yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti» deb e’lon qilindi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti 2022 yil 5 dekabrda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zolikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar bilan keng hamkorlik qilish imkonini beruvchi «Izmir Shartnomasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.

2023 yilning 24 yanvar kuni Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik  tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishdi tashkilotga a’zo barcha davlatlar TIV rahbarlari ilk bor ishtirok etishdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent kommyunikesi qabul qilindi. Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Iqtisodiy hamkorlik  tashkiloti bosh kotibini qabul qildi.

Shuningdek, IHT bosh kotibi Xusrav Noziri 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida va joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va  qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Tashkilot navbatdagi sammitining Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan o‘zaro hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlashi, birlashma uchun dolzarb bo‘lgan masalalarni hal etishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek,  keng IHT makonida istiqomat qilayotgan barcha xalqlar manfaati yo‘lida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha tuzilmaning keyingi asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun yangi asos yaratadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net