GERMANIYA FEDERATIV RESPUBLIKASI PREZIDENTI FRANK-VALTER SHTAYNMAYER ISHBILARMON DOIRA VAKILLARI BILAN UCHRASHDI

29.05.2019 10:49

Mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida tashkil etilgan Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmon doira vakillari yigʻilishida ishtirok etdi. 

Germaniya iqtisodiyotning sanoat va texnologik tarmoqlari boʻyicha jahonda ilgʻor davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat tovar eksport qilish va xomashyo import qilish boʻyicha ham dunyoda yetakchi oʻrinlarda turadi.

Bugungi kunda avtomobil, kimyo, elektrotexnika, aviakosmik, qurilish va oziq-ovqat sanoati Germaniya iqtisodiyoti barqaror oʻsishini taʼminlovchi asosiy tarmoqlar boʻlib kelmoqda. 2018-yilda YAIM umumiy hajmi boʻyicha mamlakatlar reytingida Germaniya qariyb 3,3 trillion yevro koʻrsatkich bilan uchinchi oʻrinni, xarid qobiliyati boʻyicha YAIM hajmiga qaraganda reytingda beshinchi oʻrinni egallagan.

Oʻzbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 130 dan ortiq firma va kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 30 dan ziyodi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, yana shunchasi yurtimizda oʻz vakolatxonasini ochgan. Oʻzbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa oʻrnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” boʻlimi tashkil etilgan.

Mamlakatimizda “MAN” konserni bilan sheriklikda zamonaviy yuk avtomobillari, “Claas” va “Lemken” kompaniyalari bilan qishloq xoʻjaligi texnikalari, “Knauf” bilan qurilish materiallari, “Deutsche Kabel” bilan kabel-oʻtkazgich mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Qarshi – Termiz” temir yoʻli elektrlashtirilmoqda.

Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini koʻpaytirish boʻyicha izchil ish olib bormoqda. Moliyaviy-texnikaviy hamkorlik borasida maslahatlashuvlar, savdo va investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhlar majlislari oʻtkazilmoqda.

– Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohot va oʻzgarishlarni kuzatib borayapmiz. Iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalarni yanada yaxshilash borasidagi ishlardan xursandmiz. Mamlakatingizdagi investitsiyaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashishga doimo tayyormiz. – dedi Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer.

Oʻzbekiston va Germaniya tadbirkorlarining turli sohalardagi qoʻshma loyihalari va ularni amalga oshirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Qator muhim kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi. Ular energetika, gaz-ximiya, informatsion texnologiya, bank-moliya, taʼlim, atom energetikasi kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Yuqori iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya bilan oʻzaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishda mamlakatimizning boy tabiiy zaxiralari, inson kapitali, tarmoqlarga ega infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti asos boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net