FESTIVAL

30.04.2019 17:02

“Boysun bahori” ochiq folklor festivali g‘oliblari nomi e’lon qilindi

Boysun tumanidagi Padang qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida 2019-yil 27-aprel kuni boshlangan “Boysun bahori” ochiq folklor festivali yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan festivalda betakror va boy madaniy merosimiz keng namoyish etildi.

Festival doirasida xalq ansambllari va badiiy jamoalari hududlariga xos qadimiy urf-odat va an’analari aks etgan qiziqarli chiqishlari bilan tomoshabinlarni mamnun etdi. Baxshi-shoir, oqin va jirovlar bellashuvi, kurash musobaqasi, varrak uchirish, tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi xalq o‘yinlari tashkil etildi. Milliy liboslar, ko‘rgazmasi, dorbozlar, teatrlashtirilgan tomoshalar, yoshlarning shou dasturlari uyushtirildi.

Joriy yilgi festivalda mamlakatimiz va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelayotgan hududlardagi folklor-etnografik jamoalarining 200 dan ortiq vakili qadriyatlarimiz, xalqimizning orzu-istaklari, intilishlari hamda sadoqat, vafo, jasorat, vatanparvarlik kabi yuksak fazilatlarni jo‘shib kuyladi. Qadimgi milliy san’atimizning nafis qirralarini yuksak mahorat bilan namoyon etdi.

Betakror tabiat manzaralariga boy yurtimizning o‘tmishi va buyuk kelajagi tarannum etilgan festivalda birinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Xorazm viloyatining “Mash’al” folklor-etnografik jamoalari egalladi.

Ikkinchi o‘rin Jizzax viloyatining “Gashtak” va Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari” jamoalariga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni Toshkent viloyatining “To‘rg‘ay”, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Afsona” hamda Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik jamoalari qo‘lga kiritdi.

G’oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

(Manba: O‘zA)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net