BUYUK BRITANIYA PARLAMENTIDA O?ZBEKISTONNING IQTISODIY SALOHIYATI TAQDIMOTI BO?LIB O?TDI

16.01.2020 09:44

LONDON, 16 yanvar. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya parlamentining Lordlar palatasida "Buyuk Britaniya va Yevrosiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari" mavzuida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Anjuman parlament tomonidan «Conservative Friends of Eurasia» (“Evrosiyoning Konservativ partiyadagi do‘stlari”) tashkiloti ko‘magida tashkil etildi. Unda parlamentning ikkala palatasi deputatlari, Buyuk Britaniya iqtisodiy idoralari rahbarlari, diplomatik korpus, ishbilarmon doiralar, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Diplomatik vakolatxonamiz xodimlari anjuman ishtirokchilariga O‘zbekistonning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati, iqtisodiyotni liberallashtirish va mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma'lumot berdi.

Tadbirga raislik qilgan lord Piter Lilli “davra suhbati”ning ahamiyati Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi hamda rasmiy London xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar qidirayotgani bilan bog‘liqligini ta'kidladi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston savdo, investisiya, moliya, ta'lim, axborot-kommunikasiya va yashil texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda istiqbolli sherik sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Lord P.Lilli O‘zbekiston-Britaniya savdo-sanoat kengashi raisining sobiq o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro doiralarda yuqori baholanayotganini qayd etdi. Bu o‘zgarishlar xalqaro biznes doiralariga mamlakatda biznes yuritish uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotganidan darak bermoqda.

Britaniyalik parlamentariylar O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochilayotganini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning fikriga ko‘ra, Buyuk Britaniya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilingani ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berdi.

“Davra suhbati” doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmaning O‘zbekiston bo‘limida mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari haqida rang-barang ma'lumotlar hamda o‘zbek milliy taomlari taqdim etildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net