AQSHNING XUSUSIY XORIJIY INVESTITSIYALAR KORPORATSIYASIDA UCHRASHUV

21.07.2019 11:15

TOSHKENT, 21 iyul. /«Dunyo» AA/. AQShga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2019-yil 18-iyul kuni Vashington shahrida AQShning Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasi prezidenti v.b. va bosh ijrochi direktori Devid Bohigyan bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga tayanib “Dunyo” axborot agentligi.

 O‘zbekiston Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, AQShning Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasi AQSh investorlarini mulkiy manfaatlarni siyosiy risklardan sug‘urta qilish, qisqa va uzoq muddatli qarzlar berish yo‘li bilan loyihalarni moliyalashtirishda va xususiy investorlarga kreditlar taqdim qilish orqali qo‘llab-quvvatlaydi.

 O‘zbekiston 1993-yildan buyon telekommunikatsiya, geologiya, turizm va ta’lim sohalarida Korporatsiyaning moliyaviy vositalari va sug‘urtasini jalb qilib qiymati 231 million AQSh dollariga teng 10 ta loyihani amalga oshirgan.

 Suhbat boshida Devid Bohigyan mamlakatni barqaror rivojlantirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlar va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra “O‘zbekiston nufuzli delegatsiyasining AQShga tashrif buyurishi va AQShning yirik kompaniyalari ishtirokida Vashington va Nyu-York shaharlarida uchrashuvlar va investitsion forumlarni o‘tkazishi O‘zbekistonning ishonchli sherik ekanligi va ushbu davlatga investitsiya kiritishning jozibador, foydali va xavfsiz ekanligi to‘g‘risida AQSh biznes-hamjamiyati uchun favqulodda muhim ishora hisoblanadi”.

 Korporatsiya rahbari joriy yil oktabr oyida tashkil etilayotgan AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining moliyaviy instrumentlari va imtiyozli kreditlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida “O‘zbekiston uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni” qayd etdi. Mazkur Moliya korporatsiyasi o‘zida Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasi va AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi funksiyalarini birlashtirib, 60 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi budjetga ega bo‘ladi.

 Uchrashuvda energetika, turizm, arzon uy-joylar qurish hamda O‘zbekistonning tijorat banklariga sug‘urta kafolatlarini va kredit liniyalarini taqdim etish borasidagi loyihalarni moliyalashtirishni ta’minlash maqsadida amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

 AQSh tomoni AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi bilan birgalikda oktabr oyida Vashington shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston – AQSh biznes-forumi ishida ishtirok etishga tayyorligini ham bildirdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net