Investorlarni ohanrabodek chorlayotgan yangi imkoniyatlar

04.05.2023 13:07

Poytaxtimizda shu yil 27-28-aprelda ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi. Unda jahonning 70 ta, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Misr, YEI va MDH, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlaridan biznes va bank-moliya sohasining 2,5 mingga yaqin vakili ishtirok etdi. 2022-yil 24-26-aprel kunlari boʻlib oʻtgan birinchi forumda dunyoning 56 mamlakatidan 2 mingdan ortiq mehmon qatnashgan edi. Agar oʻtgan yilgi anjumanda umumiy qiymati 7,8 milliard dollarlik 105 ta kelishuv va shartnoma imzolangan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 164 taga yetib, kelishuvlar summasi 11 milliard dollarga yetdi.

Xalqaro iqtisodiy forum haqida fikrlar

Yuqorida keltirilgan raqamlar xorijiy investorlarning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi oshayotganidan dalolat beradi. Buning muhim sabablari bor, albatta.

Birinchidan, hozirgi paytda xalqaro maydonda murakkab, xavotirli va oxirini bashorat qilib boʻlmaydigan jarayonlar kechmoqda. Ular jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy sinov boʻlib, investorlarni oʻz mablagʻlarini kiritish uchun yanada ishonchli joy qidirishga majbur qilmoqda. Prezidentimiz forumdagi chiqishida aytib oʻtganidek, “Ishonchim komilki, bunday ziddiyatli sharoitda bugungi uchrashuvimiz ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, barchamiz uchun yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qiladi”. Xorijiy biznes, tabiiyki, bu imkoniyatlarga alohida qiziqish bildirdi.

Investorlarning u yoki bu mamlakatga qiziqishining yana bir muhim  omili iqtisodiyot holati va uning rivojlanish istiqbollaridir. Oʻzbekiston iqtisodiyoti pandemiyadan keyin jahon iqtisodiyotidagi turbulentlik holati fonida iqtisodiy oʻsish surʼatlariga dadil erishmoqda. Joriy yil vaziyatni tahlil qiladigan boʻlsak, holat quyidagicha: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotida 2023-yil boshida energiya tanqisligi inqirozini keltirib chiqargan yanvar oyining gʻayritabiiy sovugʻi va taʼminotning uzilishiga sabab boʻlgan tashqi geosiyosiy shoklar bilan bogʻliq qisqa muddatli pasayish kuzatilgan boʻlsa, birinchi chorakning oʻzidayoq iqtisodiyot barqaror oʻsish trayektoriyasiga chiqishga muvaffaq boʻldi.

2023-yilning birinchi choragida Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti 5,5 foiz oʻsdi. Joriy yilning dastlabki uch oyida inflyatsiya darajasi 2022-yilning yanvar-mart oylaridagi 2,9 foizdan 2,4 foizgacha pasaydi.

Joriy yil mart oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi oʻtgan oydagiga nisbatan 4,2 foiz, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 11 foiz oshdi. Biznes muhit holati 2021-yilning aprel-may oylaridagi kabi eng yuqori darajada boʻlgani holda sezilarli darajada yaxshilandi, ishbilarmonlik muhitining salbiy baholari ulushi 4 foiz qisqardi. Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozoridagi faollik yil boshidan buyon 2,7 foiz oʻsdi.

Yaqinda Jahon banki ham Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishi boʻyicha kutilmalarini 5,3 foizga, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi 5,2 foizga oshirdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi esa birinchi yarim yillikda iqtisodiy oʻsish yanada ishonchli – 5,65 foiz boʻlishini kutmoqda. Shulardan kelib chiqsak, Oʻzbekiston iqtisodiyoti va uning rivojlanish istiqbollari juda jozibali koʻrinishga ega, bu esa, oʻz navbatida, investorlarning mamlakatimizga qiziqishini yanada oshirmoqda.

Investitsiyaviy muhit jozibadorligi oshmoqda

Ammo koʻrinib turibdiki, investorlar qiziqishi oʻsib borishining asosiy omili Oʻzbekistonda keyingi yillarda ijobiy tomonga oʻzgarib borayotgan qulay sarmoyaviy muhitdir. Forum doirasida faqat oʻtgan yilgi anjumandan keyingi bir yilning oʻzida iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishga qaratilgan tizimli islohotlar jadallashgani, buning natijasida investitsiyaviy muhit yaxshilangani qayd etildi.

Soliqqa tortish yoʻnalishida qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Chet ellik investorlarning aksiyalar boʻyicha dividendlar koʻrinishidagi daromadlari uch yil muddatga daromad soligʻidan ozod qilindi, ular uchun foyda soligʻi stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Soliq va bojxona boʻyicha qonunchilikka yangi yoki yanada qattiqroq javobgarlik choralarini kiritish qatʼiy taqiqlandi.

Tashqi savdo sohasida investorlar uchun 7 mingdan ortiq nomdagi xomashyo va tovarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Ayni paytda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari va meʼyorlariga muvofiqlashtirish, tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar oʻtkazish boʻyicha ishlar faol davom etmoqda.

Maʼmuriy islohotlar jarayonida vazirliklar soni 61 tadan 28 taga qisqartirildi, davlatning tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish boʻyicha 500 ta funksiyasi bekor qilindi, yana 70 ta funksiya davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida xususiy sektorga berildi. Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi boʻyicha xabardor qilish tartibiga oʻtildi.

Maʼmuriy islohotlar doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy etildi. Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab to uni ishga tushirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali koʻmaklashish yoʻlga qoʻyildi. Investorlarning davlat rahbari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini oʻrnatish maqsadida Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

Investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi. Xorijiy investorlar uchun Oʻzbekistonda koʻchmas mulk sotib olish, mamlakatga kirish-chiqish va yashash shartlari tubdan yengillashtirildi. Maʼmuriy sudlar maqomi koʻtarilib, vakolatlari kengaytirildi. Xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlab qoʻyildi. Joriy yilda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta Xalqaro tijorat sudi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan boʻlib, unga muvofiq, davlat qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash boʻyicha majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.

Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar natijasida Oʻzbekistonning mintaqadagi eng koʻp tarmoqli iqtisodiyotga ega davlat sifatidagi maqomi mustahkamlandi. Faqat bir yilning oʻzida 100 mingga yaqin yangi korxona tashkil etildi, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yildagiga nisbatan 3 barobar oʻsib, 10 milliard dollarga yetdi. 1 millionga yaqin kishi kambagʻallikdan chiqarildi, aholi oʻrtasida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi. Bu ijobiy oʻzgarishlarning bari xorijiy investorlarda Oʻzbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga mablagʻ kiritish imkoniyatlariga alohida qiziqish uygʻotmasligi mumkin emas edi.

Hamkorlikning beshta yoʻnalishi

Aholi soni va iqtisodiyotning oʻsishi hamda uni yanada modernizatsiya qilish zarurati investitsiya, jumladan, xorijiy sarmoya hajmini oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari forumda soʻzlagan nutqida investorlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni kengaytirishning beshta yangi yoʻnalishini taklif qildi.

Birinchi yoʻnalish – Oʻzbekiston “yashil” iqtisodiyotga oʻtish yoʻlini davom ettiradi. Shu yilning oʻzida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushiriladi. “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sanoatning yangi yoʻnalishlari – quyosh panellari, shamol turbinalari, invertorlar va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni rivojlantirishni ham koʻzda tutadi, bu esa 8 milliard dollarlik investitsiyalar uchun imkoniyat degani.

Ikkinchi yoʻnalish – davlat-xususiy sheriklik. Islohotlar natijasida ilgari “yopiq” boʻlgan sohalarga xususiy investitsiyalar faol jalb etila boshlandi. Masalan, aviasiya sohasida xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar ochilib, 5 ta xususiy aviakompaniya tashkil etildi, Samarqand aeroporti tashqi boshqaruvga berildi. Joriy yilda Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga topshiriladi. Temir yoʻl sohasida ham katta oʻzgarishlar boshlab yuborilgan, bu ham investorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston IT, turizm, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda mintaqaviy xabga aylanib boryapti, oʻz navbatida, bu jihat ham investitsiyalar uchun qulay imkoniyatdir. 

Joriy yilda xalqaro moliya institutlari koʻmagida davlat-xususiy sheriklik sohasida jami 14 milliard dollarlik alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Davlat uchun muhim boʻlgan transport, kommunal va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab olgan mazkur aniq loyihalar forum doirasida taqdim etildi. 

Uchinchi yoʻnalish - bu yil davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha “1 ming+1 ming+40” dasturi qabul qilindi. Bu 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari va davlatga tegishli yana 1 mingta mulk obyekti ochiq auksion savdoga, iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPOga olib chiqilishini anglatadi. Jumladan, oltin va mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, shuningdek, telekommunikatsiya, sugʻurta kompaniyalari va banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish – industrial rivojlanish. Hozirgi kunda toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega. Bu sohalarda ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish zarur. Bunda ishtirok etuvchi investorlar uchun zarur sharoitlar yaratiladi, alohida texnoparklar va sanoat zonalari tashkil etiladi, qoʻshimcha imtiyozlar taqdim etiladi. Investitsiya forumi sessiyalari chogʻida bu yoʻnalishda 160 ta yirik loyiha taqdimoti oʻtkazildi.

Beshinchi yoʻnalish – qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik. Ushbu maqsadlarda qoʻshma investitsiya fondlari tashkil etilib, sanoat, energetika, transport va suv xoʻjaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini toʻldirishi” tamoyili asosida sanoat va agrosohada kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish davom ettiriladi.

Panel sessiyalardagi jarayonlar

Prezidentimiz tomonidan koʻrsatib oʻtilgan hamkorlikning yangi yoʻnalishlari hozirdanoq talabgir va dolzarb boʻlib bormoqda. Chunki ular forum doirasida va panel sessiyalarida qizgʻin muhokama qilindi.

Xususan, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻnalishida forum doirasida Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) tomonidan Trade Connect Central Asia+ dasturi sheriklarining davra suhbati oʻtkazilib, unda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonga qaratilgan TCCA+ dasturi taqdim etildi. Ushbu dasturning maqsadi inklyuziv iqtisodiy oʻsishga erishish, Markaziy Osiyoda IHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamda butun dunyo bilan savdoni va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish nuqtayi nazaridan forumning “MDH davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari” mavzusidagi panel sessiyasi ham muhim ahamiyatga ega boʻldi. Unda MDH mamlakatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalari, neft va gaz ishlab chiqarish sohasida oʻzaro bir-birini toʻldirishi taʼkidlab oʻtildi. Sanoat kooperatsiyasi salohiyati qayd etildi. Masalan, Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan paxta yetishtirish va uni qayta ishlash boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirmoqda. Shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ayrim davlatlar duch kelayotgan oziq-ovqat taqchilligini bartaraf etishga yordam berishi aytib oʻtildi. 

Industrial rivojlanish yoʻnalishida oʻtkazilgan “Toʻqimachilik, charm va ipak sanoatining investitsion salohiyati” panel sessiyalarida koʻp turdagi tayyor mahsulotlar, jumladan, gazlama, kiyim-kechak, poyabzal, aksessuarlar, charm mahsulotlari ishlab chiqariladigan tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirish haqida soʻz yuritildi. “Kimyo: kelajakka nazar” sessiyasida bugungi kunda kimyo sanoati barqarorlik va rentabellik oʻrtasidagi muvozanatni topishga intilayotgani, chunki investorlar atrof-muhitga salbiy taʼsirni minimallashtirish, salomatlik va tabiiy resurslarni muhofaza qilishga urinayotgan brendlarni tanlayotgani taʼkidlandi.

Zamonaviy qurilish va qurilish materiallari sanoati” sessiyasida “yashil” iqtisodiyot mavzusi muhokama markazida boʻldi. Unda qurilish sohasi yaqin kelajakda resurslardan oqilona foydalanish, uy-joy xavfsizligi va qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan “yashil” standartlar va texnologiyalarga yoʻnaltirilishi taʼkidlandi. “Katta shaharlarda qulaylik: urbanizatsiya va shaharsozlikka investitsiyalar” panel sessiyasida ham ushbu mavzuga yetarlicha toʻxtalib oʻtildi.

Moliya sektorini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan “Bank ishi va moliya: yangi imkoniyatlar” mavzusidagi panel sessiyasida zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani, investor, tadbirkor va mijozlar uchun yangi ufqlar ochilayotgani aytildi. Shuningdek, forum doirasida “Toshkentning xalqaro moliya markazi sifatidagi salohiyati: imkoniyatlar va ustuvor qadamlar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston poytaxti oʻziga xos geografik joylashuvi, iqtisodiy oʻsishi va siyosiy barqarorligi bilan ulkan salohiyatga egaligi qayd etildi. Biroq bu borada hanuz hal etilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjud, jumladan, ushbu sohaga oid qonunchilikni muvofiqlashtirish lozim.

Xulosa

Shu tariqa ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi samarali boʻlgani va birinchi forumga qaraganda koʻproq auditoriyani toʻplaganini alohida qayd etish lozim. Bu esa xorijiy ishbilarmonlarning investitsiyaviy hamkorlik borasida ishonchli sherik boʻlmish Oʻzbekistonga qiziqishi izchil ortib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Yuqorida qayd etilgan omillar – bozor islohotlarini chuqurlashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, barcha mamlakatlar bilan koʻp tomonlama hamkorlik qilishdan tashqari yana bir omil mavjud.

Bu muhim omil faqat oʻz milliy manfaatlarimizdan kelib chiqadigan va turli bloklarda qatnashmaslik, dunyoning barcha mamlakatlari bilan siyosiy imtiyozlarsiz neytral, oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalar oʻrnatishni nazarda tutuvchi suveren tashqi siyosatimiz, shuningdek, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikdir. Dunyoda geosiyosiy kelishmovchiliklar, beqarorlik kuchayib borayotgan va bu jahonning koʻplab mamlakatlari bozorlari barqarorligiga va jahon boʻyicha qoʻshilgan qiymat zanjirlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir sharoitda Oʻzbekiston ishonchli, neytral va barqaror sherik sifatida investorlarning ishonchi va hurmatini tobora koʻproq qozonmoqda.

 

Obid Hakimov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net