Inson kapitaliga sarmoya – mustaqil davlatning taraqqiyoti garovi

02.09.2022 20:56

bugungi kunda jahonda inson kapitali rivoji nafaqat iqtisodiyot, balki butun jamiyatning yangi sifatini shakllantirishda muhim omil sifatida qaralmoqda.

Jahon bankining tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda o‘sishning 64 foizi inson kapitalining sifatiga bog‘liqligi qayd etilgan, AQSHda bu ko‘rsatkich 76 foizni, Yevropa davlatlarida esa 74,2 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, mazkur tadqiqotda inson kapitali rivoji uchun sarflangan har bir dollar kelgusida mamlakatga 3-6 dollar foyda keltirishi ta’kidlab o‘tilgan. 

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, ayniqsa, so‘nggi olti yilda Harakatlar strategiyasi va uning mantiqiy davomi hisoblanmish Taraqqiyot strategiyasi doirasida inson kapitalini yuksaltirish, jumladan, ta’lim va ilm-fanni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish va salomatligini mustahkamlash, madaniy va ma’rifiy ongini yuksaltirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilidi. Ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan sarf etiladigan xarajatlar 4,3 baravarga oshirildi.

Ta’lim uchun investitsiya – kelajakka sarmoya

Ta’lim sohasi davlatning  kelgusidagi rivoji  va  taraqqiyoti  uchun  xizmat qilishini inobatga olib ta’lim-tarbiyaga katta  e’tibor  qaratildi. Rivojlangan davlatlar kabi uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirib borish, sifatli ta’lim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik (Maktabgacha ta’lim vazirligi) tashkil etildi. Bunda, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5211 tadan 19316 taga, maktablar soni 9719 tadan 10289 taga yetkazildi, 11 yillik majburiy maktab ta’limi qayta tiklandi, maktab o‘qituvchilarining ish yuklamasi maqbullashtirildi va majburiy mehnatga barham berildi, shuningdek, ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshi qariyb 4 baravarga oshirildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etildi, OTMlar soni 70 tadan 154 taga yetkazildi,  oliy ta’limdan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (Doctor of Science) tizimi joriy etildi.

Ta’lim va fan sohalariga investitsiya kiritish,  bu – buyuk kelajak uchun sarmoya degani. Ana shu g‘oya ortidan va izchil islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi va Global innovatsion indeksi reytingi bo‘yicha O‘zbekiston 122 o‘rindan 86 o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, sohada islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2026 yilga qadar Taraqqiyot strategiyasi doirasida maktabgacha ta’limda qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, malakali o‘qituvchilarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1 000 AQSH dollari ekvivalentiga yetkazish, oliy ta’limda qamrov darajasini 50 foizga, nodavlat OTMlar sonini kamida 50 taga yetkazish, iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish belgilab olindi.

Kuchli va samarali tibbiyot – xalqparvar davlat asosi

Mamlakatda aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejizga emas, albatta. Zero, xalq salomatligi, millat genofondining mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi.

Aholi uchun sifatli sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Shu boisdan ham, Harakatlar strategiyasi doirasida birlamchi tibbiy sanitariya yordami, shoshilinch tibbiy yordam va aholining zaif qatlamlariga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida sohada tub islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, umumiy amaliyot shifokori oilaviy shifokor,  qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi oilaviy poliklinika, deb qayta nomlandi va faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi. Undan tashqari, hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash jarayoniga  xususiy sektor faol jalb qilindi. O‘z navbatida, sog‘liqni saqlash sohasiga yetuk malakali kadrlarni yetishtirib beradigan oliy ta’lim muassasalari soni 7 tadan 9 taga yetkazildi va tibbiyot ta’lim muassasalari kvotalari bakalavriatda 72 foiz va magistraturada 92 foizga ko‘paytirildi. Respublikadagi tibbiyot kollejlarining 47 tasi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirildi, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 3,3 barobarga oshirilib, ularning majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmatining sifatini yaxshilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Shuningdek, tez tibbiy yordam tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratiladigan mablag‘ 500 so‘mdan 7700 so‘mgacha, tez yordam shoxobchalari soni 818 tadan 1 666 taga, tez tibbiy yordam brigadalari soni 1 648 tadan 2 685 taga, reanimobil transport vositalari 24 tadan 435 taga yetkazildi.

Sohadagi islohotlar hamda zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida xizmatning tezkorligini oshirish natijasida tez yordamning chaqiriqlarga yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqaga, xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 9-12 kilometrga tez tibbiy yordamning chaqiriqlarga yetib borishdagi kechikishlari 10-12 foizdan 1-2 foizga qisqartirildi.

Aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasida belgilangan ustuvor vazifalarni Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirish maqsadida keyingi 5 yilda Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida tibbiyot klasterlarini tashkil etish, elektron retsept tizimini keng joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni 3 barobarga oshirish, dori-darmon va tibbiyot vositalar ishlab chiqarish ulushini 80 foizga, tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish, hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini «bir qadam» tamoyili asosida tashkil etish, malakali shifokorlar oyligini 
1 000 dollar ekvivalentiga yetkazish maqsad qilindi.

Jismoniy tarbiya va sport orzu-umidlarimiz manbai

Mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Zero, sport turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasida zararli odatlar tarqalishining oldini olib, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. 

So‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida  O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti, P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va salomatlik fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, jahon va Osiyo chempionlari bo‘lgan 204 nafar sportchi tuman (shahar)larga biriktirildi, 92 nafari sport maktablarining rahbarlik lavozimiga tayinlandi, respublika tuman (shahar)lari 203 ta ustuvor, 206 ta istiqbolli va 199 ta rivojlanayotgan sport turlariga, 112 ta oliy ta’lim muassasalari 293 ta olimpiya, 17 ta milliy va 25 ta boshqa sport turlariga ixtisoslashtirildi.

Natijada sport bilan shug‘ullanadigan aholining ulushi 27,6 foizni tashkil etdi.

Quvonarli tomoni shundaki, Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 17 ta sport turida 71 nafar O‘zbekiston milliy terma jamoasi sportchilari ishtirok etib, ular tomonidan 3 ta oltin va 2 ta bronza medali qo‘lga kiritildi hamda ikkita sportchimiz Olimpiya rekordini o‘rnatdi. 

Jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi pog‘onaga olib chiqish maqsadida Taraqqiyot strategiyasi doirasida sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi ulushini xozirgi 27,6 foizdan 33 foizga yetkazish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish, oliy ma’lumotli trenerlar ulushini 85 foizga oshirish, qishki Olimpiya o‘yinlariga kamida 10 ta va 2030 yildagi Olimpiya o‘yinlariga kamida 20 ta litsenziyani qo‘lga kiritish nazarda tutilgan.

Madaniyat va san’at – millat zakovati ko‘zgusi 

So‘nggi 5 yil davomida barcha sohalar qatori madaniyat va san’at rivojiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekistonda madaniyat sohasidagi barcha huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Ilhom» jamoat fondi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali, «O‘zbekiston tarixi» telekanali tashkil etildi. Mamlakat mustaqilligining mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiruvchi «Istiqlol» yodgorlik kompozitsiyasi majmuasi barpo etildi. 2021 yildan boshlab, har yili sentyabr-oktyabr oylarida «Ochiq eshiklar kuni»da aholi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalaridan bahramand bo‘lishi uchun davlat muzeylariga bepul kirish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘z navbatida, o‘zbek xalqining ko‘hna va betakror san’ati namunasi bo‘lgan «Xorazm lazgisi» YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi va O‘zbekistonda muntazam ravishda o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor san’ati hamda «Raqs sehri» xalqaro festivallari doirasida madaniy muloqotni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. 

Shuningdek, kelgusi 5 yilda jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish, buyuk ajdodlarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, O‘zbekiston tarixini rivojlantirish va milliy kino san’atini rivojlantirish maqsad qilindi.

Xulosa qilib aytganda, inson kapitalini yuksaltirishga qaratilgan bunday sa’y-harakatlar va bu borada keyingi 5 yilda belgilab olingan vazifalar, albatta, o‘z samarasini berishi shubhasiz. Zero, bularning barchasi yaqin kelajakda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, aholi farovonligini oshirish va O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi uchun ko‘zlangan maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jamshid SHARIPOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net